Главная » 2020 » Май » 22 » Iyd namozi vaqtida Zuho namozini ado etish tavsiya qilindi. U qanday ado etiladi?
19:02

Iyd namozi vaqtida Zuho namozini ado etish tavsiya qilindi. U qanday ado etiladi?


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi 2020 yilgi Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida bayonotini e'lon qildi. Bayonotda har kim o‘z uyida Zuho namozi kabi nafl ibodatlarni ado etishlik tavsiya qilingandi.

Idora saytida, mazkur namoz qanday o‘qilishiga doir ma'lumotlar joylandi.

Zuho namozi qanday namoz?

Zuho namozi manbalarda turli nomlar bilan zikr qilingan bo‘lib, ko‘proq “Ishroq namozi”, “Shuruq namozi”, “Avvobiyn namozi” va “Choshgoh namozi” deb yuritiladi.

Hukmi: Zuho namozini ado etish nafl amal sanaladi. Nafl deb, kishini o‘z ixtiyori bilan farzga qo‘shimcha tarzda bajaradigan amaliga aytiladi. Ya'ni, Zuho namozi – bir kunda besh mahal ado etilishi majburiy bo‘lgan farz namozlarini to‘ldiruvchi, ixtiyoriy suratda ado etilsa, ulkan savob bo‘ladigan namoz hisoblanadi.   

Bu namozning vaqti quyosh bir nayza bo‘yi ko‘tarilganda, ya'ni quyosh chiqqandan taxminan 20 daqiqa keyin boshlanadi.

Oxirgi vaqti esa kun tikkaga kelgan vaqtdan bir soat avvalgi vaqtgacha hisoblanadi. Ushbu ikki vaqt oralig‘ida Zuho namozini ado etish mumkin.

Necha rakatdan iborat?

Zuho namozi ikki rakatdan sakkiz rakatgacha o‘qish mumkin. Eng afzali to‘rt rakatdan o‘qishdir. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ko‘proq to‘rt rakatdan o‘qiganlari Oisha raziyallohu anhodan naql qilingan. Zuho namozida ma'lum suralarni o‘qish shart qilinmagan. Ushbu namoz ovoz chiqarmasdan maxfiy, yolg‘iz holatda o‘qiladi

Ushbu namozning fazilati

Zuho namozining fazilatiga doir ko‘plab hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Jumladan, Muoz ibn Anas al-Juhaniy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod namozini o‘qib bo‘lganidan keyin namoz o‘qigan joyida to zuho namozini o‘qiguncha o‘tirsa, faqat yaxshilikdan boshqani gapirmagan bo‘lsa, uning xatolari, agar dengiz ko‘pigidan ko‘p bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deganlar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim zuho namozini bardavom o‘qisa, uning gunohlari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning har bir a'zoingizga sadaqa vojibdir. Har bir tasbihingiz – sadaqa, har bir hamd aytishingiz – sadaqa, har bir tahlilingiz (“La ilaha illalloh”, deyishingiz) – sadaqa, har bir takbiringiz – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz – sadaqa, yomonlikdan qaytarishingiz – sadaqa. Endi bularning hammasi uchun ikki rakat zuho namozini o‘qishingiz kifoyadir”, - dedilar (Imom Muslim rivoyatlari)

Zuho namozini o‘qish tartibi

Namozga kirishish:

- Namozni boshlashdan avval quyidagicha niyat qilinadi: “To‘rt rakat zuho namozini xolis Alloh uchun o‘qishni niyat qildim”.

- Keyin ikki qo‘lni quloqning yumshoq joyiga olib borib, “Allohu akbar” deb namozga kiriladi.

- Keyin qo‘llar tushirilib, kindik ostida bog‘lanadi.

Birinchi rakat:

- Qo‘llar bog‘langandan keyin quyidagi “Sano” duosini o‘qiydi: “Subhaanakallohumma vabihamdika vatabaaro kasmuka vata'aalaa jadduka valaa ilaaha g‘oyruk”.

- So‘ng “A'uzu” va “Bismillah”ni aytib, “Fotiha” surasini o‘qiydi.

- Keyin “omiyn” deydi.

- So‘ngra o‘zi yaxshi bilgan bir surani zamsura sifatida o‘qiydi.

- Keyin “Allohu akbar” deb, ruku qiladi.

- Rukuda uch marta “Subhaana robbiyal 'azim”, deyiladi.

- So‘ngra “Sami'allohu liman hamidah”, deb boshini rukudan ko‘tarib, yana tik turiladi.

- Keyin “Robbanaa lakal hamd”, deb biroz tik turadi

- Keyin “Allohu akbar” deb sajdaga boradi. Sajdada uch marta “Subhana robbiyal a'laa”, deydi.

- Sajdadan “Allohu akbar” deb qaytib, xotirjam holatda, qo‘llarini sonini ustiga qo‘yib o‘tiradi

- Keyin yana “Allohu akbar” deb yana bir marta sajda qiladi. Unda ham uch marta “Subhana robbiyal a'laa”ni aytadi.

Keyin “Allohu akbar” deb ikkinchi rakatga turadi.

Ikkinchi rakat:

- Ikkinchi rakat ham birinchisi kabi bo‘ladi. Faqatgina ikkinchi rakatda “Sano” o‘qilmaydi, “A'uzu” aytilmaydi.

- Namozxon ikkinchi rakatda ikki marta sajda qilib bo‘lgandan keyin o‘tiradi va “Attahiyyat” duosini o‘qiydi.

- Keyin “Allohu akbar” deb uchinchi rakatga turadi.

Uchinchi rakat:

- Uchinchi rakatda ikkinchi rakatda nima qilgan bo‘lsa shuni bajaradi.

- Uchinchi rakatning ikki marta sajdasidan keyin o‘tirmasdan to‘rtinchi rakatga turadi.

To‘rtinchi rakat:

- To‘rtinchi rakatda uchinchi rakatda nima qilgan bo‘lsa, shuni qiladi.

- To‘rtinchi rakatning ikki sajdasini bajargandan keyin o‘tiradi va “Attahiyyat” duosini o‘qiydi.

- Keyin “Allohumma soli 'alo...” va “Allohumma borik 'alo...” salavotlarini o‘qiydi.

- Mazkur ikki salavotdan keyin “Allohumma mag‘firli...” yoki “Robbanaa aatinaa fid dunya...” duolaridan birini o‘qiydi.

- Keyin avval o‘ng yelkasiga qarab, “Assalamu alaykum va rohmatulloh” deb salom beradi.

- Keyin chap yelkasiga qarab “Assalamu alaykum va rohmatulloh”, deb salom beradi.

Shu bilan to‘rt rakatli zuho namozi ado etilgan hisoblanadi.

2020 yil Ramazon hayiti kunidagi zuho namozini o‘qish vaqti

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari tomonidan Islom dini manbalari va astronomik ma'lumotlarga tayangan holda Ramazon hayitining birinchi kuni 2020 yil 24 may, yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida xulosa qilindi.

Shunga ko‘ra, 2020 yil 24 may yakshanba kuni Zuho namozi Toshkent vaqti bilan 05:20 da, boshqa joylarda namoz vaqtidagi tafovutni inobatga olib o‘qiladi.

Alloh taolo Ramazon hayiti kunidagi Zuho namozimizni barchamizdan qabul aylab, bu kunning sharofati bilan yurtimizni fayzu barakotga to‘ldirsin!

Zuho namozini viloyatlarda o‘qiladigan vaqtlari

№ Viloyat                                Namoz vaqtlari

1. Namangan viloyati                            05:10

2. Andijon viloyati                            05:10

3. Farg‘ona viloyati                              05:10

4. Toshkent shahri                                05:20

5. Toshkent viloyati                             05:25

6. Sirdaryo viloyati                              05:25

7. Jizzax viloyati                                05:30

8. Samarqand viloyati                          05:30

9. Surxondaryo viloyati                        05:30

10. Qashqadaryo viloyati                        05:35

11. Buxoro viloyati                              05:40

12. Navoiy viloyati                              05:40

13. Xorazm viloyati                              05:55

14. Qoraqolpog‘iston Respublikasi   06:30

Eslatma: Ushbu jadvalda ko‘rsatilgan vaqtlar quyosh chiqqanidan keyin 20-25 daqiqalik farqni inobatga olib belgilandi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati


Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Iyd, tavsiya qilindi, ado etish, namozi, namozini, Zuho | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя