Главная » 2020 » Декабрь » 27 » “Jizzaxcha tenderlar-2”. Bir necha yuz mlrd so‘mlik loyihalarni viloyat hokimi o‘rinbosarining qarindoshlari qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘ldi
16:27

“Jizzaxcha tenderlar-2”. Bir necha yuz mlrd so‘mlik loyihalarni viloyat hokimi o‘rinbosarining qarindoshlari qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘ldi


Telegram’dagi “Davletovuz” kanali Davlat xaridlari portali ma’lumotlariga tayanib Jizzax viloyat hokimi Ergash Soliyevning qiziga tegishli kompaniya 2 milliard so‘mlik loyihalarni qo‘lga kiritganini ma’lum qilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bu borada o‘rganishlar o‘tkazib, natijalari bo‘yicha OAV va keng jamoatchilikka batafsil ma’lumot berilishini bildirgandi.

26-dekabr kuni kanal “Jizzaxcha tenderlar-2” sarlavhali yangi surishtiruvni e’lon qildi. Unga ko‘ra, Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rahmonqulov Akram Bahriddinovichning qarindoshlari ijtimoiy va boshqa soha obyektlarini qurish bo‘yicha bir necha yuz milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan. Qizig‘i, Akram Rahmonqulov o‘zi qarindoshlari yutgan tenderlarda komissiya raisi sifatida vakolatli shaxs bo‘lgan.

Ochiq manbalardagi ma’lumotlar asosida o‘tkazilgan surishtiruvlar viloyatdagi aksariyat davlat buyurtmalari Akram Rahmonqulovning qarindoshlari deya taxmin qilinayotgan shaxslarga tegishli xususiy kompaniyalar o‘rtasidagi taqsimlab olingan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.

  1. Rahmonqulov Akbar Bahriddinovich 100 foiz ulushga egalik qiladigan hamda Rahmonqulov Alisher Bahriddinovich rahbarlik qiladigan “J-Quruvchi” MChJ “Davletovuz” hisob-kitobiga ko‘ra, 120 milliard so‘mdan ortiq davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan. Unda aytilishicha, Akbar Bahriddinovich Rahmonqulov danakli va po‘choqli urug‘i bo‘lgan mevalar yetishtirish bilan shug‘ullanadigan “Qo‘nish Bobo Maxsus Bog‘lari” MChJ, betondan qurilish uchun buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan “Zenatkor Temir Beton Buyumlari” MChJning (korxonaga Rahmonqulov Adham Bahriddinovich rahbarlik qiladi) to‘liq ta’sischisidir.
  2. Bahriddinov Shuhratjon Akramovich to‘lig‘icha ta’sischi bo‘lgan “Qurilish Ta’minoti” MChJ ham kamida 80 milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini tenderda “yutib olgan”. Shuhratjon Rahmonqulov 1997-yildan beri ishlab keladigan “Kamol” xususiy korxonasi egasi ekani ham aytilgan. Bu kompaniya ham viloyatda katta qurilishlardagi ishtiroki bilan tanilgan.
  3. Toshpo‘latov Ixtiyor Baxtiyorovich to‘liq ta’sischisi bo‘lgan “Abduvohid Qurilish Ta’mir” MChJ 61 milliard so‘mga yaqin davlat buyurtmalarini tender asosida, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri (manzilli dasturlar asosida) qo‘lga kiritgan. Toshpo‘latov Ixtiyor Baxtiyorovich ham ona tarafdan Rahmonqulovlarga qarindosh bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
  4. Rahmonqulov Alisher Bahriddinovich to‘liq egalik qiladigan “Jizzax Savdo Lyuks” MChJ yashashga yaroqsiz joylarni ijaraga berish va boshqarish bilan, uning yana bir kompaniyasi — “Ravon Yo‘l Invest” MChJ esa toshni kesish, ishlov berish va pardozlash bilan shug‘ullanadi. Ya’ni, bu oilaga tegishli aksariyat korxonalar qurilish bilan aloqador.

Yuqorida qayd etilganidek, qurilish bo‘yicha ayrim tenderlarda Rahmonqulov Akram Bahriddinovich tender komissiyasi raisi bo‘lgan. Bundan tashqari, o‘zaro afillangan kompaniyalar bitta tenderda ishtirok etgan holatlar ham mavjud. Masalan, 21 milliard so‘mlik tenderda faqat “Abduvohid Qurilish Ta’mir” MChJ va “Qurilish Ta’minoti” MChJ ishtirok etgan.

Viloyat bo‘yicha tasdiqlangan manzilli qurilish dasturlarida yuqoridagi kompaniyalar allaqachon ijrochi sifatida ham ko‘rsatib o‘tilgan holatlar mavjud.

“Qurilish buyurtmalarida bevosita ishtirok etmasa-da, ‘Zenatkor Temir Beton Buyumlari’ MChJ hamda ‘Ravon Yo‘l Invest’ MChJ davlat budjetidan qurilayotgan inshootlarda ta’minotchilar sifatida ishtirok etayotgan bo‘lishi mumkin. Buni faqat nazorat organlari tekshiruvi orqali aniqlash mumkin, agar shunga xohish bo‘lsa, albatta”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Andijonda davlat buyurtmalarini buyurtmachining o‘ziga tegishli kompaniyalar taqsimlab olgani ma’lum bo‘lgandi. Xususan, “Yagona buyurtmachi xizmati” IK rahbari Muhiddin Qodirov o‘ziga tegishli bo‘lgan Milano Biznes Servis MChJga qariyb 20 milliard so‘mlik qurilishga oid davlat buyurtmalarini olgan.


Manba: "daryo.uz"
| Теги: tenderlar, viloyat, hokimi, qarindoshlari, Jizzaxcha | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя