Главная » 2021 » Январь » 14 » Jizzaxda yangi qurilayotgan ko‘p qavatli bino nega qulab tushgani ma’lum bo‘ldi
18:23

Jizzaxda yangi qurilayotgan ko‘p qavatli bino nega qulab tushgani ma’lum bo‘ldi


Qurilish vazirligining 14 yanvar kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida Jizzaxdagi uch qavatli bino qulab tushishiga sabab bo‘lgan omillar haqida so‘z bordi.

Kun.uzning xabar berishicha, qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov qurilish ishlari davomida nazorat olib borilganda temir-beton, g‘isht va sement mahsulotlariga muvofiqlik sertifikati va qurilish poydevori mos kelishi bo‘yicha sinov laboratoriyasi xulosasi taqdim qilinmagani, ob’ektda ishlar texnik nazoratchi va ish boshqaruvchisiz olib borilgani uchun bu ahvol sodir bo‘lganini aytdi.

Vazir o‘rinbosarining bildirishicha, bino uchun 2020 yil 17 noyabr kuni Jizzax viloyati shaharsozlik filiali tomonidan ijobiy ekspertiza olingan.

“Shunga qaramay, buyurtmachi pudratchi tomonidan 1-2 qavatlar xo‘jalik va savdo maishiy xizmat ko‘rsatish uchun, 3-6 qavatlari esa turar joy binolariga moslab “Discovery architects group” tomonidan qayta ishlab chiqilgan.

Bu narsa hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi bilan kelishilmagan. Ob’ektda qurilish ishlari 2020 yilning mart oyida boshlangan. Qurilish ishlari davomida nazorat olib borilganda, temir-beton, g‘isht va sement mahsulotlariga muvofiqlik sertifikati hamda qurilish poydevorining mos kelishi bo‘yicha sinov laboratoriyasi xulosasi taqdim qilinmagan.

Shuningdek, qurilish ob’ektiga buyruq bilan texnik nazoratchi va ish boshqaruvchi prorab biriktirilmaganligi tufayli inspeksiya tomonidan muddatli yozma ko‘rsatma berilgan.

Shuncha kamchiliklarga qaramay, texnik nazoratchi va ish boshqaruvchisiz ish qilingani uchun bu ahvol sodir bo‘ldi,” – deydi Kozim To‘laganov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 yanvar kuni soat 17:10da Jizzax shahridagi “Zilol” mahallasi Mustaqillik ko‘chasida yangidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan biri kutilmaganda, hech bir tabiiy ofat ta’sirisiz qulab tushdi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Foydalanishga topshirilmagan bino 6 qavatli bo‘lib, xususiy tadbirkor tomonidan ustki 4 qavati turar joy, dastlabki 2 qavati noturar joy sifatida qurilayotgan bo‘lgan.

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida hukumat komissiyasi tuzildi.

Komissiya zimmasiga 6 qavatli uyning qulab tushish sabablari, bunga omil bo‘lgan holatlar, loyiha hamda pudratchi tashkilot tomonidan uyning barpo etilishi davrida shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilgani, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amaldagi normativ-me’yoriy huquqiy hujjatlarni o‘rganib chiqib, taklif kiritish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.


Manba: "aniq.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: qulab, qurilayotgan, ko‘p qavatli, Bino, Jizzaxda | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя