Главная » 2020 » Март » 1 » Jo Bayden katta ustunlikka erishdi. U Trampga raqib bo‘ladimi?
19:03

Jo Bayden katta ustunlikka erishdi. U Trampga raqib bo‘ladimi?


AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden birlamchi saylovlarda ilk jiddiy g‘alabasiga erishdi, u Janubiy Karolina shtatidagi praymerizda katta farq bilan g‘alaba qozondi.

Amerika nashrlari Bayden g‘alabasi haqida saylovoldi uchastkalari yopilishidan oldinroq yoza boshladi. Saylovchilar orasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga asoslangan holda bir necha telekanal va axborot agentliklari AQShning sobiq vitse-prezidenti ovozlarning 50 foizdan ortiq qismini qo‘lga kiritgani to‘g‘risida xabar berdi. Janubiy shtatlar orasida o‘tkazilgan ilk praymerizda finishga ikkinchi bo‘lib senator Berni Sanders yetib kelgan, janubdagi afroamerikaliklar va ispan tillilar uni qo‘llashmoqda.

Qayd etish kerakki, saylovoldi kampaniyasi boshlangan vaqtda, 2019 yil davomida 77 yoshli Jo Bayden demokratlar orasidagi yaqqol favorit sifatida ko‘rilayotgandi. Ijtimoiy so‘rovlar aynan u 2020 yil noyabridagi saylovda Trampnng raqibi bo‘lishi haqida xulosa berayotgandi. Lekin ilk praymerizlarda - Ayova, Nyu-Hempshir va Nevadada - Bayden yutqazdi va demokratlar o‘rtasida birinchi o‘rinni mustaqil nomzod, sotsialistik qarashlarga ega bo‘lgan Berni Sanders egalladi.

Janubiy Karolinadagi saylov natijalari Nyu-York sobiq meri, milliarder Maykl Blumberg uchun yoqimsiz syurpriz bo‘ldi. 2019 yil noyabrida Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodini qo‘ygan milliarder saylovoldi kampaniyasiga faqat o‘z mablag‘larini sarflashini ma'lum qilgandi. Amerika nashrlari hisob-kitoblariga ko‘ra, u o‘tgan to‘rt oy vaqt mobaynida o‘z kampaniyasi reklamasi uchun 500 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.

G‘alabasini tantana qilayotgan Jo Bayden o‘z tarafdorlari bilan uchrashuvda uning saylovoldi kampaniyasiga yangi start berilgani haqida gapirdi.

«Atigi bir necha kun muqaddam matbuot va siyosatshunoslar mening kampaniyam yakunlangani haqida aytayotgandi. Hozir esa sizlar tufayli, Demokratik partiyani qo‘llayotganlar tufayli biz g‘alaba qildik, yirik g‘alabaga erishdik. Biz yana hayotga qaytdik!», degan u.

Demokratik partiyaning boshqa nomzodlari - Indiana shtatidagi Saut-Bend shahrining sobiq meri Pit Buttijich, senatorlar Elizabet Uorren va Emi Klobushar poyga favoritlaridan sal orqaroqda borishmoqda. Bu qadar tenglik kuzatilishiga shtat demografiyasi sabab bo‘lmoqda, bu hududda afroamerikaliklar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Jo Bayden AQSh tarixidagi ilk afroamerikalik prezident davrida vitse-prezident bo‘lgan nomzod boshqalardan ko‘ra afzalroq ekanini ta'kidlamoqda.

Shu bilan birgalikda, Janubiy Karolina shtatidagi reklamasi uchun teleloyihalarga 22 million dollar sarflagan milliarder Tom Steyyer poygani tark etishini ma'lum qildi. U bu shtatda 11,3 foiz ovoz olgan holda uchinchi bo‘lgandi.

 

Yana bir milliarder, avvalgi praymerizlarda ishtirok etmagan nomzod - Nyu-Yorkning sobiq meri Maykl Blumberg birinchi urinishida yetakchilar qatoriga kira olmadi. Uning saylovoldi shtabi vakili Kevin Shikining xabar berishicha, biznesmen poygadan nomzodini qaytarib olmoqchi emas va keyingi praymerizlarda ishtirok etmoqchi.

Kelayotgan seshanbada AQShning birayo‘la 14 shtatida birlamchi saylovlar o‘tkaziladi. «Superseshanba» yakunlariga ko‘ra, Demokratik partiyadagi saylovoldi poygasidagi yangi yetakchi aniqlanishi mumkin.

Entoni Zuker, Bi-bi-sining Shimoliy Amerika bo‘yicha muxbiri

Janubiy Karolina Jo Bayden mudofaasidagi so‘nggi qurolga aylandi - bu yerda yaxshi natijaga erishish uchun u katta vaqt va resurslarini sarfladi. Bir necha hafta muqaddam barcha so‘rovlarga ko‘ra uning reytingi qulagan, ko‘pchilik uning saylovoldi kampaniyasi yakunlanishini bashorat qila boshlagandi.

Ammo Bayden so‘nggi haftada zo‘r berdi va Janubiy Karolinada saylovoldi poygasidagi birinchi g‘alabasiga erishdi.

Bayden o‘z muvaffaqiyati uchun minnatdor bo‘lishi kerak bo‘lgan kishilardan biri - kongressmen Jyeyms Klayberndir, qora tanlilar ko‘pchilikni tashkil etadigan shtatda nufuzga ega bo‘lgan bu shaxs sobiq vitse-prezidentni qo‘lladi.

Ekzit-pollar Klaybernning qo‘llovi juda muhim bo‘lganini, u shtatdagi saylovchilarning yarmi Baydenni qo‘llashini ta'minlaganini ko‘rsatmoqda.

Agar u boshqa janubiy shtatlarda ham afroamerikaliklar qo‘lloviga erisha olsa, Berni Sandersga jiddiy raqobat ko‘rsata oladi.

Bayden «superseshanba»da qattiq harakat qilmasdan ham muvaffaqiyatga erishishi mumkin. U o‘zini reklama qilishga endi kirishgan va bu tezda g‘alaba keltirdi. U ayni vaqtda Shimoliy Karolinaga yo‘l oldi, u bir haftadan buyon Janubiy Karolinadan tashqariga chiqmagandi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя