Главная » 2020 » Май » 8 » JSST koronavirusning dastlab Uxandagi dengiz mahsulotlari bozorida paydo bo‘lganiga aniq dalillar yo‘qligini ma’lum qildi
22:26

JSST koronavirusning dastlab Uxandagi dengiz mahsulotlari bozorida paydo bo‘lganiga aniq dalillar yo‘qligini ma’lum qildi


Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Xitoyning Uxan shahridagi dengiz mahsulotlari bozori koronavirus bilan kasallanishning dastlabki manbasi bo‘lganligini tasdiqlovchi ma‘lumotlarga ega emas. Bu haqda JSSTning hayvonlardan odamlarga o‘tadigan infeksiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha eksperti Piter Ben Embarek ma’lum qildi, deb yozmoqda “TASS”.

“Bu bozor virusning tarqalishida qandaydir rol o‘ynagan — yoki paydo bo‘lish manbasi sifatida, yoki uning tarqalishida. Biroq biz bozor virusning paydo bo‘lish manbasi bo‘lgan yoki yo‘qligini aniq bilmaymiz”, — deya tushuntirish bergan ekspert.

Embarek xaridorlar yoki sotuvchilardan kimdir virusni bozorga olib kelgan bo‘lishi mumkinligi, natijada virus aholi orasida tarqalganini istisno qilmagan.

Ekspertning ta’kidlashicha, Uxanda qayd etilgan dastlabki kasallik holatlari og‘ir shaklda kechgan. Biroq keyinchalik kasallik yengilroq o‘tishi mumkinligi haqida ham ma’lumotlar olingan. “Bu bozorga aloqasi bo‘lmagan ba‘zi kishilar qanday qilib virus bilan kasallanganligini tushuntirishi mumkin. Biz virus tarqalishining boshida nima bo‘lganini bilmaymiz”, — degan ekspert.

Ekspert yangi turdagi koronavirusning manbasi ko‘rshapalaklar bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga ham javob bergan. Embarekning aytishicha, koronavirusning bundan oldingi barcha turlari ko‘rshapalaklarda aniqlangan, shuning uchun yangi virus ham ko‘rshapalaklardan kelib chiqqan degan umumiy fikr mavjud. “Avvalgi koronaviruslarning hozirgi SARS-CoV-2 virusi bilan yaqinligi bo‘lishiga qaramasdan, yangi virusning kelib chiqishini aniq bilish uchun bu yetarli emas. Barcha viruslar bir-biri bilan bog‘langan, biroq ular orasida masofa mavjud”, — deya ta’kidlagan ekspert.

Koronavirusning Uxandagi biolaboratoriyada yaratilgani haqidagi fikrlarga munosabat bildirgan Embarek koronavirus bilan ishlaydigan laboratoriyalar odatda hayvonlar bilan ishlamasligiga e’tibor qaratgan. Uning aytishicha, koronavirus bilan ishlaydigan laboratoriyalar turli hayvonlarning biomaterial namunalarini oladi, keyin koronaviruslar aniqlanadi va ular o‘rganiladi. Hayvonlarni o‘rganish esa maxsus laboratoriyalarda amalga oshiriladi va umuman boshqa turdagi laboratoriya hisoblanadi.

Avvalroq Fox News telekanali koronavirusning Uxanda laboratoriya sharoitida yaratilganini taxmin qilgandi. Donald Tramp ham koronavirus laboratoriyada yaratilganini isbotlovchi dalillari boriligini bildirgan. AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Xitoy kasallik tarqalishi yuzasidan muhim axborotga ega bo‘lgani, ammo uni o‘z vaqtida oshkor qilmaganini aytgan.

Bunga javoban JSST AQSh koronavirus laboratoriyada yaratilgani to‘g‘risida hech qanday ma'lumot taqdim etmaganini, koronavirus Xitoy laboratoriyalarida paydo bo‘lgani to‘g‘risidagi bayonotni spekulyativ deb aytgan.

Avstraliyaning The Daily Telegraph nashri AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya maxsus xizmatlarini birlashtiruvchi “Besh ko‘z” razvedka alyansi tomonidan tayyorlangan 15 varaqli hisobotga tayanib, Xitoy COVID-19 koronavirus infeksiyasiga oid dalillarni qasddan yo‘q qilib yuborganini yozgandi.

The Guardian g‘arb maxsus xizmatlarida Xitoy koronavirus haqidagi ma’lumotlarni yashirganligiga oid dalillar yo‘qligini, Avstraliya gazetadagi ma’lumotlar “Besh ko‘z” razvedka alyansidan emas, AQShning o‘zidan kelganini bildirgan.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: ma’lum qildi, dengiz mahsulotlari, JSST koronavirusning dastlab Uxanda, aniq dalillar, bozorida | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя