Главная » 2020 » Март » 15 » Karantin vaqtida narxlarni asossiz oshirishga qarshi keskin choralar ko‘riladi - bosh vazir
17:49

Karantin vaqtida narxlarni asossiz oshirishga qarshi keskin choralar ko‘riladi - bosh vazir


O‘zbekiston hukumati karantin vaqtida narx-navoni asossiz oshirish holatlariga qarshi keskin choralar ko‘radi. Bu haqda bugun koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

«Dori vositalari narxi oshishi mumkin. Bozorlarda, do‘konlarda ham narx oshib ketishi mumkin. Lekin bunga qarshi jiddiy kurashiladi.

Prezidentimiz topshiriq berdilar, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda Davlat soliq qo‘mitasi buni juda qattiq nazorat qiladi.

Narx-navo bo‘yicha hamma qattiq ogohlantirilmoqda, o‘yin qilmoqchi bo‘lganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu xalq boshiga tushgan sinov. Bu vaziyatdan birgalikda chiqib ketishimiz mumkin», deya hukumat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda oziq-ovqat va boshqa zaxiralar yetarli darajada g‘amlangani ta'kidlab o‘tilgan.

Shuningdek, karantin vaqtida yolg‘on va tekshirilmagan hamda odamlarda vahima uyg‘otadigan xabarlar tarqatgan shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilik doirasida jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.

Yig‘ilishda yana bir qator qat'iy choralar belgilangan:

  • barcha maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari hamda oliy o‘quv yurtlariga joriy yil 16 mart kunidan boshlab ta'til beriladi. 
  • koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida O‘zbekistonda Navro‘z umumxalq sayllari ham bekor qilinadi. Ommaviy marosimlar, jumladan, uloq-ko‘pkari, kurash va boshqa odamlar ko‘p to‘planadigan tadbirlar vaqtincha o‘tkazilmaydi. 
  • barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida majlislar o‘tkazish ham vaqtincha to‘xtatiladi.
  • 16 martdan boshlab O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan avia va avtomobil qatnovlari to‘xtatiladi. Yurtimiz fuqarolarining chet davlatlarga chiqishi, chet davlat fuqarolarining mamlakatimizga kirishi taqiqlanadi. Chet davlatlardagi o‘zbekistonliklarning qaytishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, bugun Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyada bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan edi.

Hozirda epidemiologik surishtiruv hamda kasallikni tarqalib ketmasligi uchun profilaktik chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilmoqda.


Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя