Главная » 2020 » Сентябрь » 28 » Kasalliklar boshlanishining eng oddiy sababi
08:29

Kasalliklar boshlanishining eng oddiy sababi


Tibbiyot fanlari doktori, onkoxirurg Olimjon G‘ulomov o‘zining yuzlab jarrohlik amaliyotlari, ilmiy izlanishlari sabab oshqozon ichak kasalliklari borasida o‘z xulosa va tajribalariga ega.

Olim-vrach aksariyat kasalliklarning boshlanishiga noto‘g‘ri ovqatlanish sabab bo‘lishini ta’kidlaydi.  Malakali olim bilan suhbatda oshqozon kasalliklarining kelib chiqishi, rivojlanish jarayoni, uni samarali davolash, shuningdek, kundalik sharoitda bilishimiz lozim bo‘lgan jihatlar haqida so‘z boradi.

— Tibbiyotda ovqatlanish madaniyatiga inson salomatliging asosiy tayanchlaridan biri ovqatlanish madaniyati deb qaraladi

— Insonda qanday kasallik kuzatilsa, organizmdagi qonuniyatlardan birortasining buzilishi bilan bog‘laymiz. Agar biz ovqatlanish me’yoridan chetga chiqsak, oshqozon, o‘n ikki barmoqli ichak va qizilo‘ngachda turli xil kasalliklar boshlanishiga zamin yaratgan bo‘lamiz. Gastrit, qizilo‘ngachdagi yallig‘lanishlar kabi kasalliklar pala-partish va noto‘g‘ri ovqatlanish sabab yuzaga keladi. Ertalab nonushta qilayotganimizda «nima yangiliklar bor ekan», deya telefonimizni qo‘lga olamiz. Nima iste’mol qilayotganimizni unutamiz. Qanday ovqat iste’mol qilishimizga qarab, oshqozon oldindan shira ajratadi. Biz esa, organizmimizni eshitmaymiz, unga qanday vitamin yoki mahsulot yetishmayapti, bundan bexabarmiz.

Ovqatlanish bevosita immunitet tizimiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Nimaga hozirda koronavirus ayrim insonlarda yengil o‘tyaptiyu, ayrim insonlarda og‘ir o‘tib, hatto o‘lim holatigacha olib boradi? Bularning barchasi bizning immunitetimizga bog‘liq. Immunitet esa o‘z-o‘zidan to‘g‘ri ovqatlanish bilan uzviy  bog‘lanib ketadi.

O‘z vaqtida ovqatlanib, organizmingizga katta yaxshilik qilgan bo‘lasiz. Qolaversa, iste’mol qilinayotgan taom kaloriyasi bilan sarf qilinayotgan energiya ham teng bo‘lishi kerak. Ayniqsa, kechgi taom sifatida yengilroq hazm bo‘ladigan ovqatlarni menyuga kiritish zarur. Uyqudan 2-2,5 soat avval biz kechgi taomni iste’mol qilgan bo‘lishimiz kerak. Uyquga yotayotgan vaqtimizda ovqat hazm bo‘lishi shart, chunki oshqozon ham dam olishga haqli.

— Surunkali yallig‘lanishlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz…

— Ko‘pchilik bemorlar o‘t qopimda muammo bor, deb kelishadi. Siz shu muammo borligini bilarkansiz, tuzatish uchun nima qildingiz, deb so‘rayman? Oshqozonda og‘riq bo‘lsa, ishtaha yo‘qolsa, aksa kuzatilib, jig‘ildon qaynasa, ovqatlanganda undan rohat sezilmasa ham bunga e’tiborsiz yuradigan insonlar ko‘p. Hatto bir necha kun davomida kuzatilgan og‘riqning o‘tib ketishiga umid qilib yashashadi. Bunaqa paytda «o‘tib ketadi» deb kutish kerak emas. O‘tsa ham bu vaqtinchalik. Buning sababini aniqlash kerak.

— Oshqozon og‘riganda, odatda «og‘riq qoldiruvchi dori ich, o‘zingga kelasan», degan gaplarni ko‘p eshitganmiz. Shu bilan cheklanish to‘g‘rimi?

— Eng avvalo, og‘riq nimaligini bilib olishimiz kerak. Og‘riq — organizmda kechayotgan kasallikni ong ostiga yetkazib berish signali hisoblanadi. Shifokorlar og‘riqning turiga qarab, bemordan so‘rab tashxis qo‘yadi. Bemor shifokorning savollariga to‘g‘ri javob berishi lozim. Ichki a’zolarni tashxislash murakkab jarayon. Masalan, appendesit 99 foiz jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. Bunaqa paytda «qornimda og‘riq bor», deb dori ichib yurilsa, ichak yorilib ketishi mumkin. Bu esa inson hayoti uchun xavfdir. Biz uchun oddiy ko‘ringan og‘riq qoldiruvchi dorilarni ham shifokor ko‘rsatmasisiz ichib bo‘lmaydi. Bu ayrim kasalliklarda dardni yanada kuchaytirib yuborishga sabab bo‘lishi mumkin. Oshqozon ichak kasalliklarini taxshislash uchun eng samarali tekshiruv usuli — endoskopiya hisoblanadi. Maxsus naychadagi kamera oshqozon ichak kasalliklarini aniq tashxislash uchun xizmat qiladi. Bu esa to‘g‘ri davolash choralarini ko‘rishga hissa qo‘shadi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tayyorladi.


Manba: "aniq.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: boshlanishining, sababi, eng oddiy, kasalliklar | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя