Главная » 2016 » Декабрь » 13 » Kim aybdor: O‘g‘il tuqqanmi yo turmushga chiqqan?
17:08

Kim aybdor: O‘g‘il tuqqanmi yo turmushga chiqqan?


Aslida qaynona va kelin kelishmovchiligida hech kim aybdor emas, degim keladi. Chunki, biz o‘z xohishimizcha emas, vaziyatlar tufayli bir-birimiz bilan to‘qnashamiz. Menda bir fikr, sizda ikkinchi xayol bo‘lgandan keyin vaziyatlarga ham o‘z holimizcha baho beramiz, to‘g‘rimi? Mana shundan boshlangan qarama-qarshilik bizni yakdil yechimdan uzoqlashtirib, yana boshqa janjallarning ham tashabbuskoriga aylantiradi. Keling, bu gal «Munosabatlar ko‘zgusi»da qaynonaning kelinga, kelinning qaynonaga qarashlarini baholaymiz.

                          

«O‘g‘limga mos emas!»

Gulnora, 21 yosh: — To‘yimizdan keyin birinchi haftadayoq qaynonam meni yoqtirmasligini yuzimga aytgan. Hammasiga bittagina, oliy ma’lumotli o‘g‘lining mendek «o‘rta ma’lumotli hamshira»ni sevib qolgani sabab. Biz butun boshli oilamiz bilan «o‘rtacha ma’lumotli, o‘rtacha ongli» ekanmiz. Shuning uchun ham kelinlik uyimdagilar bilan  tuzukroq gaplasha olmasmishlar. Na qilgan ovqatim, na kiygan kiyimim, na erim bilan munosabatim oyijonimga yoqadi. Men qaynonam bilan qizidek suhbatlashib o‘tirishni istayman, ammo u kishining ochiqdan-ochiq sovuq, buyruqnamo munosabatidan qo‘rqib qolganman. Erim esa ichki kechinmalarimni, o‘zimni qadrsiz his qilishimni tushunayotgani yo‘q.

Adolat, 48 yosh: — Ha,  kelin tushirayotganimda o‘g‘limning ra’yiga qarshi bormay, o‘zim o‘qitib olarman, degan niyatda kelin tushurdim.  Ba’zilar institutda o‘qimagan bo‘lsa ham, uquvli, zakovatli bo‘ladi. Qizlarim hammasi oliy ma’lumotli bo‘lishdi, vaqtida turmushga chiqishdi, bolalari ham bor. Oliy ma’lumotli bo‘lishgani uchun turmush o‘rtog‘iga tirgak bo‘lib ishlashayapti, oilani ham eplashayapti. Nega endi shu qizlarim kabi udli-shudli kelin olmadim, deb afsuslanaman. Kelinim yomon emas, ammo nihoyatda qo‘rqoq va uquvsiz. Dasturxon tuzashni bilmaydi, to‘pdek qilib ovqatni oldimga qo‘yadi, yoniga biror salat tayyorlash kerakligini tushunmaydi. Bularni o‘rgatsa bo‘lar, ammo oddiygina gazetani ham hijjalab o‘qishini ko‘rib, nahotki, shu qiz o‘g‘limning tengi bo‘lsa, deyman. Uning «bersang-eyman, bo‘lmasa-o‘laman», deb og‘zini ochib o‘tirishini istamayman. Hozir qo‘lida bolasi yo‘q, harakat qilib, o‘qishga tayyorlansa bo‘ladi-ku! O‘zida xohish bo‘lmasa, mening urinishlarim bekor ketishi aniq, axir.

Ko‘zgu nima deydi? — Har qaynona-kelinning bir-biriga yopishmaydigan tomoni bo‘ladi. Bularda farosatning darajasi har xil. Adolat opa o‘g‘li va kelini o‘rtasidagi oilaviy rishtalar adolatli bo‘lishni istaydi. Ya’ni, o‘g‘limga munosib bo‘lish uchun kelinim harakat qilishi kerak, deb hisoblaydi va aytish kerakki, bu mulohazada xato yo‘q. Yana bir jihati ham ayonki, o‘g‘li mana shu qizni sevib uylangan, demak, uning qaerdadir ustun jihati bor. Balki, o‘qish va ishda faol ayollardan bezigan o‘g‘liga aynan uning hurkakligi, chinakam zaifaligi yoqar.

Gulnoraning kechinmalariga kelsak, u – qadrsiz emas, turmush o‘rtog‘i uni o‘ziga munosib deb bilgan, muhimi shu! Gulnora balki hech qachon oliy ma’lumotli bo‘lololmas, lekin «o‘rta ma’lumoti»ni mustahkamlashi mumkin-ku! Tibbiyot kollejini bitirib, bir kun ham hamshira bo‘lib ishlamagan qancha kelinlar bor, ular, hatto, qo‘shnilarga ukol qilishni ham eplay olmaydi. Shulardan farqli ravishda, agar eri ishlashga ruxsat bermasa ham, mahallaning chaqqongina hamshirasi bo‘lib, qaynonasining unga bo‘lgan talabini yumshatishi mumkin. Kelinlik, bu — yoshlik. Yoshlik esa odamning o‘z ustida ishlash vaqti. Bunda dangasalik yaramaydi.

 

«Kelin zotidan ko‘nglim qoldi…»

Bashorat, 57 yosh: — Katta kelinim o‘g‘limning burnidan ip o‘tkazib, aytganini qildirardi. Ikkinchi nevaram tug‘ilgach, butun ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib, ijara uyga chiqib ketdi. O‘g‘lim ham ikki o‘t orasida qoldi, oxiri ko‘ziga bolalari ko‘rinib, uning izidan ketdi. Ikki yilcha ona-o‘g‘il gaplashmay yurdik. Ikkinchi o‘g‘lim o‘sha paytda hali uylanmagan edi, shu voqealarning barchasidan o‘zicha xulosa chiqarib ulg‘aydi. «Agar uylansam, keliningiz ovozini sal ko‘tarsa ham, joyiga o‘tkazib qo‘yaman, faqat sizning aytganingiz bo‘ladi», derdi. Shunday qilib, men istagan qizga uylandi. To‘ydan keyin esa barcha va’dalarini unutdi. Yetmaganiga kelinim ham chaqimchi, andishasiz chiqdi. Qaynona-kelin arzimagan narsa tufayli aytishib qolsak, kelinim o‘g‘limga chaqib berar, u esa men bilan tortishadigan bo‘ldi. Ikkala bolamni onasiga qarshilantirib qo‘ygan kelin zotidan ko‘nglim qolgan. Bu kelinning nimasi menga yoqmaydi? Juda ko‘p gapiradi, qo‘shni kelinlar, katta ovsini bilan g‘iybat qilgani-qilgan. Bolalari sho‘xlik qilsa, ayamay uradi. O‘g‘limning topganini mendan berkitib, singillarining oilasiga yordam beradi. Xullas, gapirsam gap ko‘p. Baxtimga uchinchi o‘g‘lim ham bor, o‘shani uylantirsam, oqila, yaxshi kelin kelar uyimga...

Hulkar, 25 yosh: — Ota-onam meni o‘qitdi, sarpo-suruq qilib uzatdi. Nahotki onam, yaqinlarimga erimning ruxsati bilan biror yordam bera olmasam? Yaxshi, unda ishlashimga ruxsat berishsin, o‘g‘lining emas, o‘zimning topganimni sarflay. Katta ovsinimning boshida yong‘oq chaqqan, xomilador paytida ovqat bermay qiynagan (ovsinimning o‘zi aytgan) shu qaynonam meni ham boshidan mahkam ushlamoqchi bo‘lgan, ammo sirimni boy bermadim. Ha, erim meni yaxshi ko‘radi, yonimni oladi, chunki ko‘p holatlarda onasi emas, men haq bo‘lib chiqaman. Hamma kelinlar yomon, barcha o‘g‘illar laqma bo‘lsa, o‘zlari kimlar? Erimning topish-tutishi yaxshi, agar xohlasam, alohida uyga chiqib ketib, shu to‘polonlarning barchasidan qutulishim mumkin. Qaynotam vafot etgan, katta hovlida yolg‘iz qolmasin deyman shu ayol...

Ko‘zgu nima deydi? — Ikkita kelin olib ham Bashorat opa tavbasiga tayanmabdi-da, dersiz?! Yo‘q, shunday gaplar aytayotgan andishasiz Hulkarga o‘xshagan kelinlar uyalsin! Yodingizda bo‘lsin, erga tekkanning emas, o‘g‘il tuqqanning hurmati hamma zamonda baland bo‘lgan va sog‘lom oilaviy munosabatlar shakllanishi uchun ham shunday bo‘lishi shart! Sivilizatsiya deysiz, mustaqil oila egasimiz, deysiz, boshingizga do‘ppi tor kelganda yana o‘sha kattalarga borib suyanasiz, to‘g‘rimi?

Bashorat opa birinchi kelini bilan ko‘p xatolarni yo‘lga qo‘ygani rostdir. Ikkinchi kelini bilan ham kelisholmagani uning aybdor ekanligini isbotlayapti go‘yo. Ustiga ustak, har ikki o‘g‘il ham ona emas, xotini tomonga yon bosayotgani, u ko‘p vaziyatlarda nohaq talablar qo‘yayotganidan dalolat beradi. Bashorat opaga maslahatimiz – kelinlarning kamchiligini emas, yaxshi fazilatlarni ko‘rishga harakat qiling. Xali kuch-quvvatingiz borida ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsating, og‘irlik, vazminlikda ularga o‘rnak buling.  

 

                                 «Ota uyimga borishga ruxsat yo‘q»

Laziza, 22 yosh: — To‘yim bo‘lganiga uch oy bo‘ldi. Ishonsangiz, hali ham ota uyimga borganim yo‘q. Qaynonamning aytishicha, deyarli har oy mehmondorchilik, to‘y-marosimlar, yana qarindoshlarning chaqiruvlarida onam va singlimni ko‘rganimning o‘zi yetarli ekan. Boshlanishidan shunday bo‘lsa, davomi qanday bo‘ladi, bilmayman. Hatto uy telefoniga yaqinlasha olmayman, turmush o‘rtog‘im kelgan paytdagina, qo‘l telefonini olib, ota-onam bilan yashirincha gaplashaman. Qaynsinglim bor, u men bilan juda yaxshi munosabatda. Hatto u ham onasidan bir necha marta «Kelinoyim uylariga borib kelsin», deb so‘rab ko‘rdi. Qaynonam esa «Sen bu ishlarga aralashma», deb urishib berdi. Uyimizda aytarlik qiladigan ish ko‘p emas. Tushlikda yotib, dam olishga ruxsat berishadi. Shu sabab nega qaynonam uyimga borishimga ruxsat bermasligiga tushuna olmayman.

Malohat, 49 yosh: — Kelinni bo‘sh qo‘yish kerak emas! To‘g‘ri, kelinim andishali, aytganimga ko‘nadi, judayam yoqimtoy. Opamning kelini onasinikiga istagan paytda borib kelaverib, na onaning, na qaynonaning qadrini bildi. Onamnikiga ketayapman, deb o‘zining eski muhabbati bilan uchrashib yurar ekan, yengiltak! Jiyanim ortidan kuzatib, telefonidagi yozishmalarni o‘qib bilib qoldi. Oqibatda, bir yilga ham bormay, ajrashib ketishdi. Hozirgi yoshlar hamma narsaga yengil qaraydi. Bu qizni o‘g‘lim emas, o‘zim tanlaganman. Ammo orqavarotdan eshitganim bor, qo‘shnisining o‘g‘li bilan uzoq vaqt gaplashib yurgan. O‘g‘limning bu gaplardan xabari yo‘q. Shuning uchun telefonga ortiqcha yaqinlashtirmayman. Onasinikiga ham hozircha yubormayotganim sababi shu. Har xil gap ko‘payishining oldini olayapman. O‘g‘lim bilan birga borishiga roziman, lekin u buni xohlamaydi, kuyov bo‘lib borishga uyalar emish.

Ko‘zgu nima deydi? — Malohat opaning qat’iyati vaqt o‘tishi bilan yumshab boradi, chunki keliniga qo‘yayotgan ta’qiqlar boshqalarning gap-so‘zi, bergan maslahatlari tufaylidir. Odam esa birovning maslahati va boshqalar hayotidagi voqealardan chiqargan xulosasi ta’sirida ko‘p yurmaydi, baribir o‘zligiga qaytadi.

Lazizaning qaynonasi xayolidan o‘tayotgan gaplardan umuman xabari yo‘q. U  qo‘shnisining o‘g‘li bilan allaqachon orani ochiq qilgan, turmush o‘rtog‘i Abrorni hech kimga alishtirmaydi. Agar Malohat opa kelinni uyga yubormaslik uchun shu bahonani o‘ylab topgan bo‘lsa, bu yo‘ldan voz kechgani ma’qul. Chunki kelinni egib olish uchun egri yo‘lni tanlagan qaynonalarning hurmat qozonishi amri mahol. Shuningdek, kelinni uyiga tez-tez jo‘natib ham, uning sevimli qaynonasi bo‘lolmasligingiz yoki uydan chiqarmagan taqdiringizda ham, onasiga gap tashish odatini yo‘q qilolmasligingiz mumkin.  O‘rtasini tanlang, Malohat opa.

Lazizaga esa sabr-toqat tilaymiz. Ota uyingizni sog‘inishingiz tabiiy. Ammo keyin nima bo‘larkin, deb vahimaga tushish ham yaramaydi. Bugungi kuningiz bilan yashashni o‘rganing. Kunduzi dam olarkansiz, ishingiz ham ko‘p emas ekan. Demak, har ondan lazzat izlab, yangi oilaga el bo‘ling. Ko‘pincha o‘tgan hayotimizdan nolib, bo‘lajak kunlarimizda qo‘rqib, yashashni, shirin turmushdan bahramand bo‘lishni yodimizdan chiqaramiz. 

Aziza QURBONOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: Kelin, Qaynona, og'il, Kuyov | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя