Главная » 2020 » Март » 12 » Koronavirus epidemiyasi ortida eng katta foyda ko‘rgan xitoylik 10 tadbirkor
20:55

Koronavirus epidemiyasi ortida eng katta foyda ko‘rgan xitoylik 10 tadbirkor


G‘arbning fond birjalari koronavirus sababli “dovulda” qolgan bir paytda, Xitoy kompaniyalari aksiyalari narxi barqaror qolmoqda, ba'zilariniki hatto qimmatlashmoqda. Buning isboti sifatida bir hafta ichida 10 nafar xitoylik milliarderning umumiy boyligi 14,5 mlrd dollarga ko‘payganini ko‘rsatish mumkin.

Bu milliarderlardan yarmidan ko‘pi sog‘liqni saqlash sohasi bilan bog‘langan.  

Xitoylik tadbirkorlardan koronavirus epidemiyasi ortida Hansoh Pharmaceutical farmatsevtika kompaniyasi rahbari Chjun Xueytszyuan eng ko‘p daromad oldi. 6 mart kuni savdolar yopilishi oldidan ayol tadbirkorning boyligi bir hafta avvalgidan 2,2 mlrd dollar yoki 16 foizga ko‘payib, 16,6 mlrd dollarga baholangan. 59 yoshli ayol va uning qizi yuqumli kasalliklar, qand kasalligi va saraton kasalliklaridan dori vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniyaning 75 foiz aksiyasiga egalik qiladi. 

Chjun turmush o‘rtog‘i bilan Xitoyning eng boy oilasini tashkil qiladi. Uning turmush o‘rtog‘i Sun Pyaoyanning boyligi o‘tgan hafta ichida 1,3 mlrd dollarga ko‘payib, 13,6 mlrd dollargacha yetgan. 61 yoshli tadbirkor joriy yanvargacha 30 yil davomida Xitoyning eng yirik farmatsevtik kompaniyasi Jiangsu Hengrui’ga rahbarlik qilib kelgan. Og‘riqsizlantiruvchi vositalar va antibiotiklar ishlab chiqaruvchi kompaniya aksiyalari Shanhay birjasida bir hafta ichida 10 foizga oshgan. 

Jiangsu Hengrui va Hansoh Pharmaceutical aksiyalari qimmatlashishi yana bir xitoylik tadbirkor Tsen Tszyunda boyligining hammadan ko‘proq - 21 foizga, ya'ni 7,8 mlrd dollargacha oshishiga imkon berdi. 

Xitoyning shifoxona qurilmalari yetkazib beruvchi eng yirik kompaniyasi Mindray Medical International asoschilaridan biri va bosh direktori Li Sitinning boyligi 1,3 mlrd dollarga (11 foiz) ko‘payib, 13,2 mlrd dollarga yetgan. Shenchjen shahrida joylashgan kompaniya monitoring uchun qurilmalar va qon tahlili uchun reagentlar ishlab chiqaradi. 

Mindray Medical International’ning yana bir asoschisi Syuy Xanning boyligi ham 1,3 mlrd dollarga ko‘payib, 12,8 mlrd dollarga yetgan. 53 yoshli Syuy kompaniya direktorlar kengashi raisi hisoblanadi.

Aier Eye Hospital Group oftalmologiya tarmog‘i raisi Chen Banning boyligi 6 mart kuni bir hafta ichida 1 mlrd dollarga (13 foizga) ko‘payib, 9,1 mlrd dollarga yetdi. Bosh qarorgohi Xunan provinsiyasida joylashgan kompaniya AQSh, Yevropa va Hongkongda 80 dan ko‘proq oftalmologik klinikalarga ega.     


Sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq bo‘lmagan yana 4 milliarder oxirgi hafta ichida sezilarli boyidi. Jumladan, Tsin Inlinning boyligi 1,9 mlrd dollarga (10 foiz) ko‘payib, 20,3 mlrd dollarga yetdi. 54 yoshli Tsin Xitoyning cho‘chqa yetishtiruvchi eng yirik kompaniyalaridan biri Muyuan Foodstuff’ga rahbarlik qiladi. 

New Hope Group konglomerati egasi Lyu Yunxaoning boyligi 1,8 mlrd dollarga (16 foiz) ko‘payib, 12,7 mlrd dollarga yetgan. Konglomeratning bo‘linmalaridan biri New Hope Liuhe Xitoyning eng yirik qishloq xo‘jaligi kompaniyalaridan biri sanaladi. 

Xitoyning eng badavlat odamlaridan biri, Tencent asoschisi va bosh direktori Ma Xuatenning (Poni Ma kabi ma'lum) boyligi bir hafta ichida 1,1 mlrd dollarga ko‘payib, hozirda 44,5 mlrd dollarga baholanmoqda. Tencent yaqinda koronavirusni aniqlash va unga qarshi vaksina topishga qaratilgan yangi loyihalarni ishga tushirdi. Epidemiya vaqtida Xitoyning qanchalik ko‘p aholisi o‘z uyida qolsa, Tencent’ning o‘yin, musiqa va boshqa ko‘ngilochar xizmatlariga talab shunchalik oshib boradi.      

Quyida 2 martdan 6 martgacha davrda boyligi eng katta miqdorda o‘sgan xitoylik milliarderlar o‘ntaligi keltirilgan:

Chjun Xueytszyuan, Hansoh Pharmaceutical, 2,2 mlrd dollarga boyigan

Tsin Inlin va oilasi, Muyuan Foodstuff, 1,9 mlrd dollarga boyigan

Lyu Yunxao va oilasi, New Hope Group, 1,8 mlrd dollarga boyigan

Tsen Tszyunda, Jiangsu Hengrui, 1,4 mlrdga dollarga boyigan

Li Sitin, Mindray Medical International, 1,3 mlrd dollarga boyigan

Syuy Xan, Mindray Medical International, 1,3 mlrd dollarga boyigan

Sun Pyaoyan, Jiangsu Hengrui, 1,3 mlrd dollarga boyigan

Xe Syanszyan, Midea Group, 1,2 mlrd dollarga boyigan

Ma Xuaten, Tencent, 1,1 mlrd dollarga boyigan

Chen Ban, Aier Eye Hospital Group, 1 mlrd dollarga boyigan.


Manba: "kun.uz"
| Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя