Главная » 2020 » Апрель » 4 » Koronavirus epidemiyasini jilovlaganlar: Tayvan, Kanada va Janubiy Koreya tajribasi
14:40

Koronavirus epidemiyasini jilovlaganlar: Tayvan, Kanada va Janubiy Koreya tajribasi


Hozirgi vaqtda AQSh koronavirus pandemiyasi episentriga aylandi. E'lon qilingan epidemiologik modelga ko‘ra, yaqin oylar ichida millionlab amerikaliklar virusni yuqtirib olishi, vafot etganlar soni esa 240 ming kishiga yetishi mumkin.

Nyu-York shtatida bemorlar soni 75 mingdan oshdi. Shifoxonalar to‘lib ketgan va himoya vositalari, o‘pkani sun'iy ventilyatsiya qilish kabi juda muhim uskunalar yetishmovchiligiga duch kelgan. Qayg‘uli bashoratlar esa epidemiyaning hali o‘z cho‘qqisiga chiqmaganini, vaziyat esa yomonlashib borishini ko'rsatmoqda.

Pandemiya sharoitida AQSh va ko‘plab boshqa mamlakatlar koronavirusga qarshi juda sekin va samarasiz harakatlarni amalga oshirgani tanqid qilinmoqda. Tayvan, Janubiy Koreya va Kanada kabi mamlakatlar esa aksincha, epidemiyani jilovlash uchun nisbatan muvaffaqiyatli choralarni qo‘llashdi.

Tayvan

Tayvanda koronavirus yuqtirib olgan ilk bemor 21 yanvar kuni aniqlandi. Ammo mamlakat kasallikka chalinganlar sonini past darajada ushlab turishga erishdi. 1 aprel holatiga Tayvanda 329 bemor aniqlangan bo‘lib, ulardan 5 nafari vafot etgan.

Tayvan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) a'zosi emas. Chunki bu tashkilot o‘z tarkibiga faqat BMT a'zolarini qabul qiladi. Tayvan esa mutsaqil davlat sifatida BMT tomonidan tan olinmagan. Biroq, hukumat Uhanda sirli kasallik paydo bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqalishi bilan harakatni boshladi.

Xitoydan atigi 100 mil uzoqlikda joylashgan Tayvan 31 dekabrdan boshlab, mamlakatga tashrif buyurayotgan sayyohlarni tekshira boshladi. Shuningdek, karantinga olingan shaxslarni kuzatib borish, nazorat qilish tizimini ishlab chiqdi. Yanvar oyida esa tibbiy uskunalar ishlab chiqarish hajmini oshirdi. Bundan tashqari, niqoblar va boshqa tibbiy buyumlar eksportini to‘xtatdi.

Tayvanning juda erta, ammo samarali harakatlari avvalgi tajribalaridan kelib chiqmoqda. Mamlakat 2003 yilda atipik pnevmoniya epidemiyasi xurujiga uchragan edi. O‘sha paytda Xitoy tomonidan tarqatilgan yolg‘on xabarlar, harbiy tahdid, hayot uchun muhim bo‘lgan muhim tibbiy ma'lumotlarni yashirish holatiga uchragan Tayvan qo‘shni mamlakatda yuzaga kelayotgan har qanday muammolarni jiddiy qabul qilishni o‘rgandi.

Janubiy Koreya

Xitoydan tashqarida koronavirus epidemiyasining eng katta o‘choqlaridan biriga aylangan Janubiy Koreya hech qanday cheklovlar va ommaviy karantinsiz kasallikning tarqalish holatlarini kamaytirdi.

Mamlakatda ommaviy tarzda test o‘tkazish va kasallanganlarni aniqlab, zudlik bilan karantinga olish siyosati epidemiya xurujini pasaytirdi. 51 million aholiga ega Janubiy Koreyada kuniga 20 mingdan ortiq odam test topshirmoqda. Bundan tashqari, JSST tavsiyasiga ko‘ra, kasallik tarqalish zanjirini uzish maqsadida kontaktda bo‘lganlarni aniqlash va karantinga olish choralari ko‘rilyapti. 

Bu tadbirlar Janubiy Koreyada kasallik tarqalish holatlarining kamayishiga, sog‘liqni saqlash tizimiga bosimning pasayishiga, shuningdek o‘lim darajasi dunyodagi eng past ko‘rsatkich bo‘lib qolishiga olib keldi.

Kanada

Kanada qo‘shni AQShga qaraganda keng ko‘lamda ommaviy test o‘tkazgan mamlakatdir. Yanvar va fevral oylaridayoq Kanada hukumati test o‘tkazish va kontaktlarni nazorat qilish tizimini shakllantira boshladi.

Mamlakat 2003 yildagi atipik pnevmoniya epidemiyasi tajribasidan kelib chiqib, bu chora-tadbirlarni qo‘llashni boshladi (O‘sha vaqtda Kanada yangi virusdan o‘lim holati qayd etilgan, Osiyodan tashqaridagi yagona mamlakat bo‘lgan edi).

Hozirgi vaqtda Kanada sog‘liqni saqlash tizimi juda yaxshi moliyalashtirilgan va koronavirusga qarshi test olish imkoniyatlari AQShdan kengroq. Mamlakat so‘nggi 20 yilni aynan shunday vaziyatga tayyorlanish bilan o‘tkazdi. Natijada, virusning keng tarqalishi oldini olib, uning epidemiyasi xurujini jilovlab kelmoqda.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя