Главная » 2020 » Февраль » 23 » Koronavirus: Janubiy Koreyada bemorlar soni uch barobar oshib ketdi, JSST Afrikada epidemiya boshlanishidan tashvishda
18:37

Koronavirus: Janubiy Koreyada bemorlar soni uch barobar oshib ketdi, JSST Afrikada epidemiya boshlanishidan tashvishda


Janubiy Koreyada COVID-19 koronavirusidan zararlanganlar soni ikki kun ichida qariyb uch barobar ko‘paydi. Endilikda bu mamlakat zararlanganlar soni bo‘yicha Yaponiyadan ham yuqori ko‘rsatkich qayd etgan holda Xitoydan keyingi ikkinchi o‘ringa chiqdi.

Janubiy Koreya sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, shanba va yakshanba kunlari mamlakatda mos ravishda 229 va 123ta koronavirus yuqtirishning yangi holatlari aniqlangan. Endilikda mamlakatda ushbu virusdan zararlanganlarning jami soni 556 nafarni tashkil qilmoqda.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Kim Gan Nip virus tarqalishi «jiddiy daraja»ga yetgani haqida ma'lum qilgan. Shu vaqtgacha Janubiy Koreyada 4 kishi virus yuqtirish oqibatida halok bo‘ldi. Hukumat qurbonlar soni ortishi mumkinligidan tashvishda.

Yakunlanayotgan hafta boshida ham Janubiy Koreyada yangi virus bilan xastalanganlar soni 30 kishidan kamroq edi, ammo payshanba kuni ularning soni 100 kishiga yetdi, juma kuni esa 200 kishidan oshib ketdi. Poytaxt Seuldan 300 kilometr masofada joylashgan va 2,4 million aholi istiqomat qiladigan Tegu shahri COVID-19 koronavirusining bosh o‘chog‘iga aylangan.
21 fevral kuni Janubiy Koreya rasmiylari koronavirus epidemiyasi nasroniylarning «Sinchonji» diniy tashkiloti bilan bog‘liqligini ma'lum qildi. Ushbu sekta a'zosi hisoblangan 61 yoshli ayolda kasallik alomatlari 10 fevraldaq paydo bo‘lgan, ammo u virus bor-yo‘qligini aniqlab beruvchi testdan o‘tishni ikki marta rad etgan va bu qarorini xorijga chiqmagani bilan izohlagan. Ayolda COVID-19’ning borligi aniqlanguniga qadar, u kamida ikkita yakshanba ibodatida qatnashishga ulgurgan. U koronavirusni yuqtirib olgani tasdiqlangan Janubiy Koreyadagi 31-odam bo‘ldi, ayni vaqtda u ushbu virusning mamlakatdagi eng mashhur tarqatuvchisi hamdir. Kasallik unga kimdan yuqqani hozircha ma'lum emas. Ayni vaqtda mamlakatda 9 mingdan ortiq kishi karantinga olingan, ularning aksar qismi diniy sekta a'zolaridir.
 

Janubiy Koreya - koronavirus tarqalishi holatlari ko‘pligi bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinda. Xitoyda so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra virusdan zararlanganlar soni - 76 936 kishiga yetgan, mamlakat hududida virusdan 2442 kishi vafot etgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, Xitoydan tashqari dunyoning 29 mamlakatida virus yuqtirish bilan bog‘liq 1402 holat qayd etilgan. Yaponiya hududida ham 745ta virus yuqtirish holati aniqlangan, ammo ularning aksar qismi - 634 kishi «Daymond Prinsess» kruiz laynerida virus yuqtirib olgan.

Italiyadagi vaziyat

So‘nggi kunlarda Italiyada virus vahimasi boshlandi. Ayni vaqtda bu mamlakat Yevropa hududida koronavirus yuqtirish holatlari soni bo‘yicha birinchi o‘rinda - Apenning yarimorolida 100 kishi virusdan zararlangan. Virus yuqtirganlarning ikki nafari halok bo‘lgan (shanba kun ma'lumoti), Italiya koronavirusdan o‘lim holati qayd etilgan Yevropadagi ilk davlatdir.
 

Shanba kuni Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte vaziyat yuzasidan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi va so‘nggi ma'lumotlar haqida axborot berdi.

Italiya hukumati kasallikning tarqalishi oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rish bo‘yicha maxsus dekret qabul qildi. Ko‘riladigan choralar orasida ommaviy tadbirlarni o‘tkazishni taqiqlash, o‘quv va mehnat faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatish va karantinga rioya qilinishi uchun harbiylarni jalb qilish kabilar bor.  

«Biz o‘tkazish punktlari o‘rnatamiz, kerak bo‘lsa, qurolli kuchlarni jalb qilamiz», degan Juzeppe Konte. 

Bosh vazirning ta'kidlashicha, virus tarqalish hududlariga, muayyan holatlardan tashqari, kirish va ulardan chiqish taqiqlanadi. Ushbu hududlarda mehnat faoliyati, ommaviy tadbirlar va o‘qish to‘xtatiladi. 

Lodi viloyatida 50 mingga yaqin odam o‘z uylarida karantinda qolmoqda. 10ta shaharda maktablar, bog‘chalar, do‘konlar va boshqa jamoat joylari yopilgan. Hududiy poyezdlar koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan odamlar yashaydigan shaharlardan to‘xtamay o‘tib ketishi belgilangan. 

Epidemiya bilan qamrab olingan shaharlarda har qanday ommaviy va sport tadbirlari, jumladan karnavallar, savdo taqiqlanadi. Bu hududlarda 14 kunlik karantin e'lon qilingan. Italiya shimolida koronavirus keng tarqalgan 3ta viloyatda harakatlanish cheklab qo‘yildi, 40ta futbol bellashuvi koronavirus sababli qoldirilgan.

JSST nima demoqda?
Xitoy hukumati shanba kuni COVID-19 koronavirusidan zararlanish holatlari kamayishda davom etayotganini ma'lum qildi.

Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi mamlakatda o‘tgan bir sutka davomida COVID-19 koronavirusi oqibatida vafot etganlar soni 97 kishini tashkil etib, vafot etganlar jami soni 2442 kishiga yetgani haqida ma'lum qildi. So‘nngi bir kunda yana 648 kishida koronavirus aniqlangan. Butun mamlakat bo‘ylab kasallikni yuqtirib olganlar soni 76 936 kishini tashkil etmoqda. Shu paytga qadar shifokorlar 22 888 kishini davolashga muvaffaq bo‘lgan.

Ayni vaqtda Livan va Isroilda ham koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq ilk holatlar aniqlangan, Eronda esa virus qurbonlari soni 5 nafarga yetgan. Xitoy hududidan tashqarida kamida 19 kishi ushbu koronavirusdan halok bo‘lgan.

 

Koronavirus tarqalishi o‘tmishdagi shu kabi epidemiyalar bilan taqqoslaganda

JSST bosh direktori Tedros Gebreyyesus yangi kasallanish holatlari Xitoyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq emasligidan tashvishdaligini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda koronavirus uchun eng ojiz mamlakatlar sog‘liqni saqlash sohasi ancha ortda qolgan Afrika davlatlaridir.

So‘nggi brifing chog‘ida Tedros Gebreyyesus tashkilot Afrika davlatlari hukumatlari bilan tibbiy xodimlar tayyorlash, bu davlatlarni virusni aniqlash hamda unga qarshi kurashishda zarur bo‘ladigan tibbiy jihozlar bilan ta'minlash bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma'lum qildi.

«Biz COVID-19 koronavirusi sog‘liqni saqlash tizimi rivojlanishi ortda qolgan davlatlarga ham tarqalishidan xavotirdamiz. Biz Afrika davlatlariga epidemiya tarqalishi ehtimoli bo‘yicha juda ko‘p ish olib bormoqdamiz», degan u.

Ayrim davlatlar, masalan, Kongo Demokratik Respublikasi o‘z vaqtida Ebola virusiga qarshi kurashda orttirilgan tajribani koronavirus kirib kelishiga tayyorgarlik ishlarida qo‘llamoqda.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя