Главная » 2020 » Март » 11 » Koronavirus rasman pandemiya deb e'lon qilindi
23:15

Koronavirus rasman pandemiya deb e'lon qilindi


Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirus tarqalishini pandemiya bosqichiga yetdi deb e'lon qildi, virus ayni vaqtda barcha qit'alarga tarqalgan, 110dan ortiq mamlakatda virus yuqishi holati qayd etilgan.

Yangi koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalishi pandemiya tusini oldi, deb ma'lum qildi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus.

«Yaqin kunlar va haftalarda kasallik yuqtirish, o‘lim holatlari va koronavirus qayd etilgan mamlakatlar soni oshishini kutmoqdamiz... Biz Covid-19 pandemiya deb baholanishi mumkin degan xulosaga keldik.

Biz avval hech qachon koronavirus tufayli pandemiya ro‘y berishiga duch kelmaganmiz. Shuningdek, nazorat qilish mumkin bo‘lgan pandemiyaga ham.  [...] 114 davlatda qayd etilgan 118 mingdan ortiq holatning 90 foizdan ortig‘i faqat to‘rt davlatda, ulardan ikkisida, Xitoy va Janubiy Koreyada kasallanganlar soni sezilarli darajada kamaymonqda», degan u.

JSST rahbarining qayd etishicha, Covid-19 tarqalishiga yangi nom berilishi koronavirusga qarshi kurash olib borayotgan davlatlarga berilgan tavsiyalarni o‘zgartirmaydi.

«Vaziyat pandemiya deb atalishi JSSTning ushbu koronavirus tufayli mavjud tahdidni baholash mezonlarini o‘zgartirmaydi. Bu JSST qilayotgan ishlarga ham, boshqa davlatlar qilishi kerak bo‘lgan ishlarga ham ta'sir ko‘rsatmaydi», deyiladi tashkilot bayonotida.

Shu vaqtga qadar JSST Covid-19 tarqalishini faqat epidemiya sifatida baholab kelayotgandi.

JSST atamashunosligiga ko‘ra, bir kasallik kutilmaganda ma'lum bir mamlakat yoki mintaqada keng tarqalishi epidemiya deb ataladi. 2010 yildan JSST yuqumli kasallikning butun dunyo bo‘ylab tarqalishini pandemiya deb hisoblay boshlagan.

So‘nggi ma'lumotlar

Ayni vaqtda kasallik barcha qit'alarga tarqalgan. 110dan ortiq mamlakatda jami 112 289 kishida virus aniqlangan. Epidemiya boshlanganidan buyon 4389 kishi virus qurboni bo‘lgan, 67 009 kishi sog‘ayib ketgan.

Virusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat virus tarqalishni boshlagan Xitoy bo‘lib turibdi - 80 790 kasallanish holati va 3158 o‘lim holati.

Epidemiyaning yana uch o‘chog‘i yuzaga kelgan - Italiyada virusdan zararlanganlar soni 10 mingdan oshgan, 631 kishi halok bo‘lgan, Eronda kasallanganlar soni 10 mingga yaqinlashgan, 354 kishi halok bo‘lgan, Janubiy Koreyada 8 mingga yaqin bemor qayd etilgan, 60 kishi vafot etgan.

Bundan tashqari, yana 4 davlatda virus yuqtirganlar soni mingdan oshgan: Ispaniya (2188 holat, 49 o‘lim), Germaniya (1853 holat, 3 o‘lim), Fransiya (1784 holat, 33 o‘lim) va AQSh (1016 holat, 31 o‘lim).

Ukrainada uch haftalik karantin

Ukraina hukumati chorshanba kuni koronavirus avj olishi munosabati bilan butun mamlakatda uch haftalik karantin joriy etdi.

Hukumat sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa muassasalarga individual himoya vositalari sotib olish uchun 100 million grivna (4 million dollar atrofida) ajratgan. 1 aprelga qadar epidemiologiyaga qarshi mahsulotlar eksportiga taqiq qo‘yilgan.

Ukrainada 11 mart holatigako‘ra koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha bitta holat rasman tasdiqlangan. Chernovitsk oblastidan bo‘lgan ukrainalik 3 mart kuni Italiyaga safar qilganida virus yuqtirgani ma'lum bo‘lgan.

Ayni vaqtda hukumat ommaviy tadbirlarni (konsertlar, konferensiyalar, film namoyishlari va boshqa tadbirlar) bekor qilish va cheklashni rejalashtirmoqda. Savdo va ko‘ngilochar markazlar yopiladi.

Umumiy va oliy ta'lim muassasalarida, bolalar bog‘chalarida, san'at, sport maktablarida o‘quv jarayoni vaqtincha cheklanadi.

«Koronavirusning ehtimoliy tarqalishining oldini olish uchun poytaxt hokimiyati epidemiyaga qarshi choralar va cheklovlar rejasini tasdiqladi. Kiyevda koronavirus bilan bog‘liq holatlar hali qayd etilmagan bo‘lsa ham, biz kutmaslikka va shahar aholisini himoya qilishga qaror qildik. 12 martdan boshlab Kiyevda profilaktika choralarini joriy qilamiz», degan Kiyev meri Vitaliy Klichko.

Avvalroq Kiyev rasmiylari shaharda koronavirus qayd etilsa va u ommaviy tus olsa, maktablar yopilishi va jamoat transporti to‘xtatilishi mumkinligini istisno qilishmagandi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя