Главная » 2020 » Январь » 31 » Koronavirus Rossiyada. Bu safar rasman
18:40

Koronavirus Rossiyada. Bu safar rasman


Rossiyada koronavirus yuqtirib olgan ikki bemor aniqlandi - bular Baykalorti o‘lkasi va Tyumen oblastidagi xitoylik fuqarolardir. Bu haqda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova rasman ma'lum qildi.

Golikova Rossiyaga yangi koronavirus infeksiyasi kirishi va tarqalishining oldini olishni nazorat qiluvchi tezkor shtabga boshchilik qilmoqda.

«Rossiyada koronavirusga chalingan ikki bemor aniqlandi - Zabaykale va Tyumen oblastlarida», - degan Golikova shtab yig‘ilishidan keyin jurnalistlarga.

«Rospotrebnadzor» rahbari Anna Popovaning ma'lum qilishicha, ularning ikkisi ham yanvar oyida Xitoydan kelgandi. U ikki bemor ham izolyatsiya qilingani va Rossiyada virus tarqalishi xavfi yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

U shuningdek, Rossiya hukumati koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahri joylashgan Xubey viloyatidan rossiyaliklarni evakuatsiya qilishni boshlashini ma'lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklarga tanlov imkoniyati beriladi - Xitoyda qolish yoki vatanga qaytish, qaytganlar ikki hafta davomida karantin holatida bo‘lishadi.

Ma'lum qilinishicha, Rossiya hukumati xitoyliklarga ishchi viza berishni taqiqlash to‘g‘risidagi qarorni tayyorlamoqda. Shuningdek, «Aeroflot»ning Pekin, Shanxay, Hongkong va Guanjchouga reyslaridan tashqari Xitoy bilan barcha aviaqatnovlar to‘xtatiladi. Juma kunidan Sheremetevo aeroportida Xitoyga uchuvchi yoki Xitoydan uchib kelishuvchi barcha reyslar F terminaliga o‘tkazilgan.

31 yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2019-nCoV koronavirusining tarqalishini xalqaro darajadagi tibbiy favqulodda holat deb e'lon qildi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda virusdan zararlanish oqibatida kamida 213 kishi halok bo‘lgan, qariyb 10 ming kishi virusni yuqtirib olgan. JSST ma'lumotiga ko‘ra, Xitoydan boshqa yana 18 davlatda jami 98 nafar bemor aniqlangan, ammo Xitoydan tashqarida o‘lim holatlari kuzatilmagan.

22 yanvar kuni ham Rossiyada koronavirusga chalingan bemor aniqlangani haqida xabar tarqalgan, Pulkovo aeroportiga kelgan yo‘lovchi virusni yuqtirishda gumonlanib, Botkin nomidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. ammo keyinroq unda virus yo‘qligi ma'lum bo‘lgandi.

Bundan avvalroq, Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin Uzoq Sharqdagi Xitoy bilan chegaralarni yopish bo‘yicha buyruq bergandi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя