Главная » 2020 » Май » 10 » Koronavirus va homiladorlik: bo‘lajak onalar uchun qanday xavf mavjud?
12:50

Koronavirus va homiladorlik: bo‘lajak onalar uchun qanday xavf mavjud?


Ko‘plab mamlakatlarda homilador ayollar koronavirusni yuqtirib olishi ehtimolini kamaytirish uchun qat'iy ravishda o‘z-o‘zini yakkalash rejimi tavsiya etilmoqda. Virusning ona qornidagi bola rivojlanishiga ta'siri haqida nimalar ma'lum?

Covid-19 homilador ayollarga yuqsa, qanday oqibatlarga olib keladi?
Tibbiyot sohasi vakillari virusning homila rivojlanishiga qanday ta'sir ko‘rsatishi haqida hali ham yetarli ma'lumotlarga ega emas. Ammo, virusni yuqtirib olgan homilador ayollarda uning kechishi boshqa katta yoshli sog‘lom odamlar bilan solishtirganda nisbatan og‘irroq alomatlar bilan kuzatilmaydi.

«Agar xavf darajasi juda yuqori bo‘lganda, biz bu haqda allaqachon ma'lumotga ega bo‘lar edik», – deydi London Imperial kollejida akusherlik va ginekologiya professori Kristof Liz. 

Aksariyat bemorlar singari, virusni yuqtirgan homilador ayollar ham odatda kasallikning yengil yoki o‘rta og‘irlikdagi belgilariga duch kelishadi: yo‘tal, isitma, nafas qisilishi, bosh og‘rig‘i va hid sezish qobiliyati yo‘qolishi. Ayollarning ko‘p qismi bir necha kun ichida sog‘ayishmoqda. 

Homilador ayollarda og‘ir alomatlar kuzatilishi juda kam uchramoqda. Yurak xastaliklari, astma, diabet, buyrak yoki jigar kasalligidan aziyat chekuvchilar — alohida xavf guruhida, ularga uyda qolish va iloji boricha ijtimoiy aloqalardan qochish tavsiya etiladi.

Homilador ayollar uchun ba'zi viruslar o‘ta xavflidir, ammo Covid-19 ushbu toifaga tegishli ekani haqida hech qanday ma'lumot yo‘q.

Britaniyalik olimlar hali ham ma'lumot to‘plashmoqda va tadqiqotda ishtirok etishga rozi bo‘lgan homilador ayollar yordamida ushbu muammoni o‘rganishmoqda. 

Muddatidan avvalgi tug‘ruq xavfi qay darajada?
So‘nggi paytlarda, virus keltirib chiqargan kasallikning og‘ir shaklini boshidan kechirgan va farzandini erta dunyoga keltirgan ayollar haqida xabarlar uchrab turibdi. Biroq, muddatidan avvalgi tug‘ruqning aniq sabablari hali ma'lum emas.

«Ko‘rsatilgan vajlar orasida homilada distress sindromi [ya'ni nafas olish buzilish sindromi] rivojlanishini ko‘rish mumkin yoki past kislorod darajasida onani yanada samarali davolash uchun tug‘dirish tezlashtiriladi», – deb izoh beradi Qirolicha Sharlotta va Chelsi kasalxonasi doktori Ed Mullins.

Homiladorlik paytida o‘sayotgan homila ayolning o‘pka va yuragiga bosim o‘tkaza boshlaydi, bu qon aylanishini qiyinlashtiradi. Agar homilador ona Covid-19 bilan jiddiy zararlansa, bu uning ahvolini yomonlashtirishi va nafas olishni qiyinlashtirishi mumkin. Bunday hollarda shifokorlar bemor ayolni juda ehtiyotkorlik bilan nazorat qilishadi. 

«Isitmani keltirib chiqaradigan jiddiy kasalliklar ba'zida erta to‘lg‘oq va tug‘ish bilan bog‘liq», – deydi Oksford universiteti professori Marian Nayt. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, koronavirus bilan og‘rigan bemorlarning aksariyat qismida shifokorlar kesarcha kesish usulini muddatidan avval to‘lg‘oq kuzatilgani uchun emas, balki aynan ayolning nafas olishiga yordam berish uchun qo‘llashadi.

Kasallik homila tashlash xavfi oshishiga olib kelishi haqida biror dalil yo‘q. 

Virus onadan homilaga yuqishi mumkinmi?
Ha, mumkin. Onasidan koronavirus yuqtirib olgan chaqaloqlar haqida bir necha xabarlar mavjud, ammo ularning hammasi tuzalib kasalxonadan chiqarilgan. Xitoyda o‘tkazilgan tadqiqotda Covid-19 yuqtirib 33 nafar homilador ayoldan uch nafarida shunday holatlar aniqlandi. 

Bolaning infeksiyalanishi aynan qayerda (bachadonda, tug‘ruq paytida yoki tug‘ilgandan keyingi dastlabki daqiqalarda) yuz berganini aniqlash juda qiyin. 

Britaniya Qirollik akusherlik va ginekologlar kolleji virusning bola rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi haqida hech qanday dalil yo‘qligini ma'lum qildi. 

Homilador ayol o‘zida koronavirus borligiga shubha qilsa, qanday yo‘l tutishi kerak?
Agar sizda grippga o‘xshash alomatlar bo‘lsa, uydan chiqmang va shifokor bilan maslahatlashing. Agar homiladorligingizni kuzatib boruvchi ginekolog bilan davriy, rejalashtirilgan uchrashuvingiz bo‘lsa, unga alomatlaringiz haqida xabar qiling va tashrifni keyinroqqa qoldiring. 

Covid-19 tashxisi tasdiqlangan taqdirda — bemor kasalxonaga yotqiziladi va shifokorlar kasallikning kechishiga qarab davolash muolajasini olib borishadi.

Covid-19 kasalligi bo‘lgan ayollarning aksariyati yengil alomatlarga duch kelishadi va bir necha kun ichida sog‘ayishadi. 

Demak, sog‘lig‘ingiz yomonlashishi bilan tez yordam chaqiring. 

Homiladorlik paytida ishlasa bo‘ladimi?
Agar siz homilador bo‘lsangiz va masofadan ishlay olsangiz, faoliyatingizni davom ettiring.

Agar siz homilador bo‘lsangiz va sizda astma, qandli diabet, buyrak yoki jigar kasalliklari va boshqalar kabi surunkali kasalliklar mavjud bo‘lsa, iloji boricha ijtimoiy aloqadan qochib, uyda qoling.

Qarindoshlaringiz, do‘stlaringiz yoki ijtimoiy xizmatlardan sizga oziq-ovqat va boshqa zarur narsalarni olib kelib berishini so‘rang.


Manba: "kun.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: Koronavirus, bo‘lajak onalar, Homiladorlik, xavf mavjud | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя