Главная » 2020 » Январь » 17 » Kun tarixi: Maktabda atigi ikki yil o‘qigan Benjamin Franklin mashhurlikka qanday erishgan?
20:07

Kun tarixi: Maktabda atigi ikki yil o‘qigan Benjamin Franklin mashhurlikka qanday erishgan?


1706-yilning 17-yanvarida butun dunyoga mashhur Benjamin Franklin dunyoga kelgan. U kam ta’minlangan oilada voyaga yetgan. Oilada 17 ta farzand bo‘lib, Franklin o‘n beshinchisi bo‘lgan. U bilim va ko‘nikmalarini kitoblardan o‘rganib moliyaviy farovonlikka erishgan. 

U siyosatchi, ixtirochi, olim, diplomat, yozuvchi, noshir va jurnalist sifatida tarixga kirgan obro‘li shaxs. Uning butun faoliyatini birgina maqolada yoritib berishning imkoni yo‘q. Shuning uchun u haqidagi eng qiziqarli faktlarni keltirishga harakat qilamiz. 

8 yoshida maktabga borgan Franklin bor yo‘g‘i ikki yil o‘qishga muvaffaq bo‘ladi. Chunki uni o‘qitishga otasining puli yetmaydi. O‘shanda bolakay otasiga sovun fabrikasida ishlashga yordam beradi. Kunduzi ishlab kechasi o‘qiydi. Uning kitob sotib olishga ham puli yo‘qligidan do‘stlarining kitoblaridan foydalanadi. 
Ota-onasi uning aqlliligidan xursand bo‘lishadi. Ammo Franklin ota-onasi istagandek ruhoniy bo‘lishni istamaydi. Shunda uning otasi Benjaminni bosmaxona ochgan to‘ng‘ich o‘g‘lining oldiga yuboradi. 12 yoshli bolakay akasiga shogird tushib bosmaxona faoliyatini o‘rgana boshlaydi. 
Keyinchalik Franklinning o‘zi ham balladalar yoza boshlaydi, ammo shoirlarni qallob deb hisoblaydigan otasiga uning bu ishi yoqmaydi. Shunda u chipta uchun pul yig‘ib, Filadelfiyaga qochib ketdi va u yerda bosmaxonada ishga joylashdi. Britaniya matbuoti Franklinga juda yoqib qoladi. O‘n yil o‘tgach, u o‘z gazetasi va bosmaxonasining noshiri bo‘ladi. Nashrlar Benjaminning o‘z bosmaxonasida chop etildi va daromad keltirdi. Oila a’zolarining farovonligini ta'minlash maqsadida Benjamin Franklin kuch-qudratni ilm-fan va siyosatga qaratdi. 

Siyosiy maydondagi Franklin
Benjamin Franklinning siyosiy faoliyati Filadelfiyada boshlangan. Bu yerda u 1743-yilda Amerika falsafiy jamiyatiga aylangan munozara doirasiga asos soladi. Franklin tufayli 1731-yili Amerikada, birinchi ommaviy kutubxona ochiladi (O‘sha vaqtda Amerika ingliz mustamlakasida bo‘lgan). Benjamin 15 yil davomida Pensilvaniya Bosh assambleyasining kotibi bo‘lib ishlaydi. U Pensilvaniya shtatining pochta bo‘limiga, keyin pochta orqali Britaniya metropoliyasining qolgan narsalariga rahbarlik qiladi.

1757-yildan boshlab, 13 yil davomida Benjamin Franklin Britaniyada Amerikaning to‘rt shtati manfaatlarini himoya qiladi va 1775-yilda siyosatchi va amaldor Franklin qit’adagi koloniyalarning ikkinchi Kongressida delegat sifatida ishtirok etadi. Tomas Jefferson boshchiligidagi guruh tarkibida Franklin AQSh gerbining (Buyuk muhr) eskizini loyihalashtirdi. 1776-yil iyul oyida Deklaratsiya imzolangandan so‘ng, Franklin bir guruh odamlar bilan "birinchi amerikalik" fuqarolar sifatida Buyuk Britaniyaga qarshi urushish uchun yordam so‘rab Parijga boradi. 1778-yilning qishigacha Benjamin Franklin fransuzlar bilan shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ladi. Franklin diplomat sifatida Parijda qoladi. 

1780-yillarda siyosatchi Londondagi muzokaralarda Amerika deligatsiyasiga boshchilik qiladi. Shu yerda  AQShning mustaqillik uchun olib borgan urushiga yakuniy nuqta qo‘ygan Versal shartnomasini imzolaydi. Benjamin Franklin demokratiyani "yaxshi qurollangan janoblar o‘rtasidagi qoidalar shartnomasi" deb ataydi.

•  1770-yillar boshidan 1790-yilgacha Benjamin Franklin avtobiografiyasini yozib borgan. Siyosatchi uni kelajakda hayotining eng yorqin lahzalari haqidagi esdalik sifatida rasmiylashtirishga umid qilgan. "Avtobiografiya" kitobi Franklinning o‘limidan keyin nashr etilgan.

•  Franklin nafaqat yaxshi siyosatchi, balki iqtidorli ixtirochi ham bo‘lgan. Masalan u tebranadigan stul, bifokal ko‘zoynak, tejamkor kichkina pechka kabi narsalarni o‘ylab topgan. Ammo u bular uchun hech qachon patent olmagan, chunki u o‘zining foydali ixtirolari keng doiradagi odamlar uchun ochiq bo‘lishini xohlagan.

•  Qizig‘i shundaki, Benjamin Franklin 1914-yildan beri 100 dollarlik pulni bezab turadi. Boshqa dollar banknotalarida AQSh prezidentlarining rasmi turishini e’tiborga olsak, Franklinning rasmi eng katta dollar banknotasi ustida turishi juda hayratlanarli, chunki u hech qachon prezident bo‘lmagan. 

Benjamin Franklin’s 4 Steps to Becoming a Great Writer

 "Vaqt - bu pul" degan aforizmni hammamiz eshitganmiz. Lekin bu qimmatli fikr muallifi Franklin ekanligini hammamiz ham bilmaymiz. Quyida uning yana bir qancha aforizmlarini keltiramiz. Balki ular orasida siz doim foydalanadigan ammo kimniki ekanligini bilmaydigan hikmatlar bordir. 


* * *
O‘ylaymanki, fikrlar haqida ularning ta’siri va natijasiga qarab hukm chiqarmoq kerak.

* * *
Hamma bilan xushmuomala, ko‘pchilik bilan dilkash, ayrimlar bilan esa betakalluf bo‘l.

* * *
Siz bahsga kirishib, qiziqqonlik bilan suhbatdoshingizning fikrlarini rad etishingiz va g‘olib chiqishingiz mumkin. Lekin bu g‘alaba hech qanday naf keltirmaydi. Chunki hech qachon siz bilan bahslashgan muxolifingizning xayrixohligiga erisholmaysiz.

* * *
Dangasalik zangga o‘xshaydi. Narsalar ko‘p ishlash oqibatida emas, zangdan tezroq yemiriladi.

* * *
Men asta-sekinlik bilan shunga ishonch hosil qildimki, insonlararo munosabatdagi samimiylik, haqiqatgo‘ylik va haqqoniylik hayotiy baxtga erishishda katta ahamiyatga ega.

* * *
Tajriba — qimmatli maktab. Lekin ahmoqlar uchun shundan o‘zga maktab bo‘lmasa, nima qilish kerak?

* * *
Agar sen aql-zakovatga quloq tutmasang, u albatta qasos oladi.

* * *
Navbatdagi istaklarni qondirishdan ko‘ra, birinchisini yengish osonroqdir.

* * *
Ishlatiladigan kalit doimo yaltillab turadi.

* * *
Shunday odamlar borki, diniy e’tiqodga ega bo‘la turib, juda notavonlar. Ular bu e’tiqoddan ham mahrum bo‘lsalar, nima qilarkinlar?

* * *
Biz uchun tabiat o‘z qonunlarini qanday qilib amalga oshirishini emas, balki shu qonunlarning o‘zini bilish muhimdir. Ya’ni, havoga irg‘itilgan chinni idishning yerga tushib sinishini bilish foydali. Lekin: “U qanday qilib yerga tushadi va nima uchun sinadi” degan savol ahmoqonadir. Albatta, bu savolga javob topish yoqimli. Ammo biz shusiz ham chinni idishni butun saqlab qola olamiz-ku!


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя