Главная » 2020 » Декабрь » 13 » Liderlar kunni qanday boshlashadi?
15:47

Liderlar kunni qanday boshlashadi?


Tonggi odatlar kun davomidagi samaradorlikka ta'sir ko‘rsatadi.

Muvaffaqiyatli insonlar haqida gap ketganda ular qat'iy kun tartibiga rioya qilishi, kunni yaxshi o‘tkazish uchun muayyan odatlarga amal qilishi ta'kidlanadi. Xo‘sh, bular qanday odatlar?

Quyida o‘z sohasida muvaffaqiyatga erishgan yetti nafar tadbirkorning samarali bo‘lish uchun kunni qanday boshlash, qaysi odatlardan voz kechish kerakligi haqidagi tavsiyalari keltirilgan.

Zangsoatni «yana besh daqiqa»ga surib qo‘ymang

Tongda «to‘yib uxlab olishga urinish» va zangsoatni «yana besh daqiqa uxlab olay» degan bahona bilan surib qo‘yish – muvaffaqiyatli biznes liderlar hech qachon qilmaydigan odat.

«Muvaffaqiyatli odamlar orasida zangsoatni surib qo‘yuvchilarni uchratmaysiz. Bu o‘zingizga berilgan va'dani – muayyan soatda uyg‘onishga qilingan ahdni buzish demak. Muvaffaqiyatli insonlar esa va'dani, ayniqsa, o‘ziga berilgan va'dani bajarish samaradorlikning asosiy omili ekanini bilishadi», – deydi Birdsong ta'sischisi va bosh direktori Monika Snayder.

Uyg‘ongan zahoti telefon titkilashni bas qiling

Kunni yaxshi boshlash va keraksiz narsalarga chalg‘ish o‘rtasidagi farq fikr tiniqligi, diqqatni jamlash va rejalashtirishdadir. Uyqudan uyg‘ongach qilinadigan eng zararli odatlardan biri bu – qo‘lga telefonni olish, elektron pochtani, ijtimoiy tarmoqlarni, yangiliklarni tekshirishdir», – deydi Common Giant asoschisi Filip Okli.

Bunaqa ishlarning barchasi o‘z belgilangan vaqtida qilinishi kerak.

Kunni rejasiz boshlamang

«Kun davomida qilinadigan ishlar rejasini tuzish tadbirkorlar uchun muhim odat», deb hisoblaydi GTIF Capital hamkori Devid Chen.

Ishlarni rejalashtirish ijobiy energiyani saqlab qolishga va stressga tushmaslikka yordam beradi, vaqtni tartibga soladi.

«Yangi ish kunida qanday vazifalar borligini aniq bilish muhim. Rejali kun rejasiz kundan ko‘ra ancha samaraliroqdir», deydi Chen.

Jismoniy faollik

MonsterInsighs hammuassisi Kris Kristoff muntazam ertalabki jismoniy mashqlar nafaqat jismoniy va ruhiy holatni yaxshi saqlash, balki ishda samarali bo‘lishga ham yo‘l ochishini ta'kidlaydi.

«Jismoniy mashqlar va jismoniy salomatlik qat'iy intizom va rejani talab qiladi. Mashqlar orqali o‘z sog‘ligini yaxshilashga sarflangan intilish kasbiy faoliyatda ham intizomli bo‘lishga yordam beradi», – deydi Kristoff.

Telefon qo‘ng‘iroqlari

Be Inspired PR asoschisi va bosh direktori Leyla Lyuis ertalab telefon qo‘ng‘iroqlaridan tiyilishini aytadi.

«Kunni qo‘ng‘iroqlardan boshlash o‘rniga sermahsul insonlar vaqtni rejalashtirish bilan shug‘ullanadilar», deydi u.

O‘zgalarning ishlariga chalg‘ish

«O‘z ustuvor vazifalaringiz o‘rniga o‘zgalarniki bilan band bo‘lsangiz, hech qachon maqsadga erisha olmaysiz», deb hisoblaydi Designli rahbari Keyt Shilds.

Muvaffaqiyat egalari qayerga qarab ketishayotgani va diqqatni nimaga qaratish kerakligini bilishadi. Ular kun avvalidagi qimmatbaho vaqtlarini elektron pochtani ochish, boshqalarning yumushlar ro‘yxati ustida ishlashga sarflashmaydi.

O‘tmishga bog‘lanib qolish

Virtus Flow asoschisi Rikkardo Konte avvalgi xatolar va qarorlarga bog‘lanib qolmaslik muhimligini ta'kidlaydi.

«Har bir tong bu – ilgari urinib ko‘rilmagan ishlarni qilish va yangi muvaffaqiyatlarga erishish uchun yangi kun demak.

Uyg‘ongan zahoti ishxonada qolgan chala yumushlar haqida o‘ylay boshlasangiz, yangi vazifalarga diqqat qarata olmaysiz.

Bezovtalik uyquga ta'sir ko‘rsatadi. Miyani ortiqcha o‘ylardan xalos qiling, uyg‘ongach esa ortga emas, faqat oldinga qarab harakatlaning», deb maslahat beradi Rikkardo.


Manba: "kun.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: Liderlar, kunni | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя