Главная » 2016 » Декабрь » 17 » Lola Yo‘ldosheva farzandlariga qo‘llaydigan tarbiya usullari haqida gapirdi
18:25

Lola Yo‘ldosheva farzandlariga qo‘llaydigan tarbiya usullari haqida gapirdi


«Tarbiya masalasida onamga o‘xshashni istayman. To‘rt farzand shunday ahilchilikda ulg‘ayganmizki, ko‘rganlar chin dildan havas qilishadi», deydi Lola YO‘LDOShEVA. Bugun iste’dodli xonanda ikki bolaning onasi. O‘z tarbiya usullariga, tutumiga ega. Keling, yaxshisi, hammasini o‘zidan eshitamiz...

«Bu baxtni faqat his etish mumkin...»
— Pazanda kelin, oqila rafiqa bo‘lish haqida qo‘llanmalar ko‘p. Kimdandir qaysidir taomni qanday tayyorlashni o‘rganish mumkin. Ammo ona bo‘lish ilmi yoki odobini-chi? Menimcha, onalikni biror tartib-qoidalar bilan ifodalab bo‘lmaydi. Uni faqat his etish mumkin. Bu hissiyotlar nafaqat farzandingizga nisbatan, balki hayotga ham qalbingizda mehr-muhabbat uyg‘otadi. Men ham bolalarim dunyoga kelgachgina, ona zoti qanday bo‘lishini tushuna boshladim. Jigarbandlarim ulg‘aygani sayin ular hayotida qanchalik muhim inson ekanligim, yanada ma’suliyatli bo‘lishim kerakligini anglayapman. Yuki og‘ir, ammo baxti ulkan BAXT ekan — ONALIK! 
 
«Har kuni sovg‘a olaman!» 
— Kichkintoyning tishi chiqishi, ilk bor «dada» yoki «oyi» deyishini yangilik desangiz, tayyor turing, hali oldinda bundan-da qiziqarlilari kutmoqda. Ishonsangiz, har kuni farzandlarimni yangidan kashf qilaman. Fe’l-atvorida, muomalasida yangiliklarni kuzataman. Ular bilan har kunim bayram va kutilmagan sovg‘alarga boy o‘tadi! 


«O‘rnak bo‘layapmanmi?»
— Menimcha, har bir inson o‘ziga shu savolni bersa kerak? Faylasuflardan biri «Bolani emas, ota-onalar o‘zlarini tarbiyalashlari kerak», deya bejiz aytmagan. Rosti ham shu-da. Agar o‘zim ular oldida xato ish qilsam yoki odobli bo‘linglar deb uqtirib, tartibsiz ovqatlansam, nima bo‘ladi? Menimcha, tarbiyadagi eng ma’qul usul ham shu — ota-onaning namuna bo‘lishi!
 
«Ba’zida qattiqqo‘lman!»
— Tarbiya borasida ma’lum prinsiplarga tayanmayman. Kezi kelganida qattiqqo‘lman, gohida kuyinchalik qilaman. Vaziyatga qarab, sho‘xliklariyu erkaliklariga ham xolis qarayman. Birga qo‘shiq kuylaymiz, biror nimalar yasaymiz. Biroq turli «gadjitlar»ga ruxsat yo‘q. Faqat dam olish kunlarigina telefon yoki kompyuterdan foydalanishlari mumkin. Boshqa paytlari bo‘sh qolishsa ham, vaqtlarini bekor o‘tkazishlarini istamayman.

«Bola ham shaxs»
— Bolalarim bilan kattalardek suhbatlashaman. Ular doim o‘z fikriga ega bo‘lishlarini istayman. Hali bola-ku demayman! Shaxs sifatida shakllanishlari uchun bu juda muhim! Har qanaqa masalada qizim va o‘g‘limning fikriga qiziqaman. Bolalarcha fikrlashsa ham, gaplarni inobatga olaman. Noto‘g‘ri gapirishsa, xatosini tushuntiraman. Asosiysi, o‘z fikrini ifoda etayotgani.
 
«Qo‘l ko‘tarishga qarshiman!»
— «Bola nimani ham tushunardi», deyish noto‘g‘ri. Farzandlarimiz hammasini tushunishadi, faqat o‘z bilganlaricha. Yo‘naltirsak, albatta, to‘g‘ri xulosa chiqarishadi. Qizim yoki o‘g‘lim bilan biror masalada  gaplashmoqchi bo‘lsak, dadasi bilan birga muhokama qilamiz. Nega bunday qilganini so‘raymiz. So‘ng qaerda xatoga yo‘l qo‘ygani va uni to‘g‘irlashini tushuntiramiz. Urishib, baqirib emas, oddiygina tushuntirish orqali. Axir urishish bilan hech nimaga erishib bo‘lmaydi-ku! Aksincha bolaga qancha baqirib gapirsangiz, u aytganlaringizni shunchalik rioya qilmaydi. Bir kun kelib, u ham siz kabi ovozini balandlatmasligiga kim kafolat beradi?! Jazolashim esa sayrga chiqish yoki biror joyga borishdan mahrum etish. Jazo qanchalik to‘g‘ri bo‘lsa, bola xatosining kattalashishiga yo‘l qo‘ymaydi.
 
«Qizim yig‘loqi, o‘g‘lim erkatoy»
— Shahina singlimning o‘zi. Qat’iyyatli, maqsadi sari intiluvchan va haqqini berib qo‘ymaydiganlardan. Men kabi ta’sirchan ham. Multfilm yoki kino tomosha qilayotganida biror nimadan ta’sirlanib yig‘lab yuborishi hech gap emas. Bir safar ko‘chada ikki chelak gilos sotayotgan kishini ko‘rib qoldik. O‘tirgan joyida «Oyijon, qarang, hali ikki chelak mevasi bor ekan. Shuni sotib bolalariga nimadir olib beradi», dedi. Shu gaplaridan so‘ng giloslarni sotib oldik. Indamay ketaversam ham bo‘lardi. Ammo qizimdagi rahm-shafqat hissini javobsiz qoldirardim-da. Bu katta xatom bo‘lardi. Kichikligidan vijdon, diyonat va insoniylikni tushunib voyaga yetayotgani uchun juda xursandman. O‘g‘lim esa biroz erkatoy. Ammo opasidan bizni qizg‘anmaydi. Aksincha hamisha Shahinaning yonini oladi.

Bola otasidan qo‘rqishi kerakmi?
— «Bola otasidan qo‘rqishi kerak» degan gaplarni eshitib qolaman. Yo‘q, qo‘rqishi kerak emas, hurmat qilsin. Ana shunda «Otam nima derkan?» deb o‘ylanib ish qiladi. Farzandlarim otasini juda yaxshi ko‘rishadi. Biror nimaga ruxsat bermasam, darrov dadasining yoniga chopishadi. Ayyor-da bular.
 
«Baxtimni ko‘z-ko‘z qilishni istamayman!»
— San’atga qiziqishsa, qarshilik qilmayman. Lekin atay film yoki kliplarda suratga tushirishni istamayman. Hatto o‘zimning qo‘shiqlarimga ishlangan kliplarda ham bolalarim qatnashishmaydi. Ular mening baxtim! Baxtni ko‘z-ko‘z qilish shartmas! 

Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Lola Yo‘ldosheva | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя