Главная » 2017 » Июнь » 18 » Madina Mumtozning noodatiy savollarga javobi
12:02

Madina Mumtozning noodatiy savollarga javobi


Xonanda, aktrisa, ikki farzandning onasi, suyukli yor va chaqqongina kelin – Madina MUMTOZ bilan “Sug‘diyona” gazetasi ijodkori bog‘lanib, ijodi haqida suhbatlashmadi! Bu safar u noodatiy savollar nishonida! Qani ko‘ramiz, berilgan vazifani qay darajada uddalar ekan.

– Hayotda qiyofadoshingiz bo‘lishi mumkinmi?

– Ha! «Zuhram»ni uchratmaganman-u, ammo qaysidir jihatlari, ehtimol tashqi ko‘rinishi, yuz tuzilishi menga o‘xshash bo‘lganlar bor. O‘zim ko‘rganman!

– Opera, jaz, rep — qay bir yo‘nalishda tajriba qilib ko‘rishingiz yoxud duet ijrosi amalga oshishi mumkin?

– Opera yo‘nalishida tajriba qilish niyatim yo‘q emas! Demak, opera!

– Tavakkal qilib...

– Bilmasam... menimcha, oila qurayotganimizda, tanlagan yorimizni qanchalik yaxshi bilmaylik, tanimaylik, qaysidir ma’noda tavakkal qilamiz. Menda ham shunday bo‘lgan.

– Kimlarga nisbatan «allergiya»ngiz bor?

– O‘ziga bino qo‘ygan, atrofidagi odamlarni qo‘l uchida ko‘rsatadigan insonlarga nisbatan «allergiyam» kuchli!

– Xayolingizda tinimsiz aylanadigan qo‘shiq?

– ...ko‘pincha ertalab biror taronani tinglasam, kun bo‘yi u xayolimda aylanaveradi. Ko‘pchilikda shunday bo‘lsa kerak, o‘ylarimizni band qiladigan qo‘shiqlar o‘zgaruvchan!

– Tasavvur qiling, s’yomkaga ketayotib yo‘lingizda adashdingiz. Telefoningizning quvvati tugagan, aksiga olib mashina benzining ham tagi ko‘rinib qolayapti, tag‘in deng, yoningizda pulingiz yo‘q! Nima qilasiz?

– Avval mashinani chetroqqa olaman, shu vaqtda biror kim yonimdan o‘tib qolsa, undan yordam so‘rayman, qo‘ng‘iroq qilib olish uchun. So‘ng taksi to‘xtataman-da, vaziyatni tushuntirib manzilim tomon oshiqaman. Xullas, vaziyatdan chiqish yo‘lini topaman!

– Madinaning jahli chiqqanda...

– Qorni ochqagan bo‘ladi (kulib). Arzimagan narsaga ham achchig‘im kelishi mumkin, mabodo fikrimni oxiriga yetkazib berishimga qo‘yishmasa, juda qattiq jahl qilaman.

– Qilayotgan ishingizdan uyalasiz, qachonki...

– Yolg‘on aralashgan bo‘lsa... Ertami, kechmi sirim fosh bo‘lishidan cho‘chib, qilayotgan ishimdan uyalaman. Lekin bunaqangi vaziyatlar sira bo‘lmagan. Rostgo‘ylikni qadrlayman!

– Bir marta bo‘lsa ham mushtlashganmisiz?

– Maktab paytlarim dugonalarimning yonini olib, tortishib turar edim. Lekin mushtlashishgacha bormagan.

– Pardozsiz ko‘chaga chiqishingiz mumkinmi?

– Ha va bu holat juda ko‘p takrorlanadi.

– Turmush o‘rtog‘ingizni kutib olishda-chi?

– Ba’zan pardozsiz bo‘lishim mumkin, lekin imkon qadar umr yo‘ldoshimning ishdan qaytishiga yasan-tusan qilvolaman!

– Bolalik xotiralaringizni yodga soluvchi ifor qaysi?

– Onam foydalangan atir! Bolaligimni eslaganimda aynan shu ifor dimog‘imga urilgandek bo‘ladi.

– Telefoningiz tushirilgan so‘nggi surat?

– Mahalladan chiqib ketaverishda osmonning yarmi bulutli, yarmi quyosh manzarasidan allanechuk ta’sirlangandim. Shu peyzajni suratga olgan ekanman.

– Ijodiy safarga ketayotganingizda o‘zingiz bilan olishingiz shart bo‘lgan 3 ta narsa-buyum?

– Pul, uyali telefonim va uning quvvatlagichi!

– Madina Mumtoz hayotining «saundtreki» qaysi kompozisiya?

– O‘zim ijro qilgan «Baxtli bo‘l» qo‘shig‘i!

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Madina Mumtoz | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя