Главная » 2020 » Январь » 26 » «Mamlakat og‘ir ahvolda». Xitoy rahbariyati virus tarqalishi tezlashayotganini ma'lum qildi, zararlanganlar soni 2 mingdan oshgan
14:22

«Mamlakat og‘ir ahvolda». Xitoy rahbariyati virus tarqalishi tezlashayotganini ma'lum qildi, zararlanganlar soni 2 mingdan oshgan


XXR raisi Si Tszinpin Kommunistik partiya siyosiy byurosi yig‘ilishini chaqirib, unda halokatli koronavirusning tarqalishi tezlashayotgani haqida ma'lum qildi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, virusdan vafot etganlar soni 56 kishiga yetgan, koronavirusning yangi turidan kelib chiqqan pnevmoniya bilan kasallanganlar soni 1975 nafarni tashkil etmoqda.

Si Tszinpin davlat telekanallari orqali mamlakat og‘ir ahvolda ekanligini aytgan.

«Biz xavfli vaziyatga duch keldik, yangi koronavirusning tarqalishi tezlashmoqda. Biz kasallikka qarshi kurashni va ularning oldini olishni doimiy ravishda kuchaytirmoqdamiz. Biroq hozir biz jamoat sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy favqulodda inqirozga duch keldik», degan Si Tszinpin.

Pekin va Shanxayda mahalliy hokimiyat virusni yuqtirgan hududlardan kelgan fuqarolarga murojaat qilib, 14 kunlik muddat davomida jamoat joylariga tashrif buyurishdan ixtiyoriy ravishda cheklanishni iltimos qilgan. 

Shanba kuni kechasi Xitoy Yangi yilni kutib oldi, ammo 2019-nCoV koronavirusi sababli ko‘plab bayramlar bekor qilindi. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Uxanda koronavirus paydo bo‘lganidan buyon kamida 56 kishi vafot etdi. So‘nggi bir kun ichida qurbonlar soni 15 kishiga oshdi. 

Koronavirusning yangi turidan kelib chiqqan pnevmoniya bilan kasallangan bemorlarning soni 1975 nafarga yetdi (bir kunda 688 kishiga ortgan). Dunyo bo‘yicha 2000dan ortiq odam yangi koronavirusni yuqtirgan. 

Kasallanish va o‘lim holatlarining aksariyati Xitoyda kuzatilgan, ammo virus Tailand, Vetnam, Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvan, Nepal, Fransiya va AQShda ham aniqlangan. Zararlanishning eng ko‘p holati Xubey provinsiyasi va uning ma'muriy markazi Uxan shahrida. 

Yakshanba kuni Kanada 22 yanvar kuni Uxandan qaytgan erkakda 2019-nCoV koronavirus yuqtirishning birinchi shubhali holati haqida xabar berdi. Bemor barqaror holatda kasalxonaga yotqizilgan, uning oila a'zolari izolyatsiya qilingan. 

Shanba kuni Avstraliya hukumati koronavirus bilan kasallanishning mamlakatdagi birinchi holatini tasdiqladi. Melburn shahridagi kasalxonada ahvoli barqaror holatdagi xitoylik saqlanmoqda, u virus avj olgan Uxan shahrida bo‘lib, 19 yanvar kuni Avstraliyaga uchib kelgan. 

Malayziyada shanba kuni koronavirus infeksiyasining uchta holati tasdiqlandi. Ularning barchasi Singapurda virus tashxisi qo‘yilgan erkakning qarindoshlari bo‘lgan Xitoy fuqarolaridir: uning 65 yoshli rafiqasi va ikki nabirasi. 

Davlat televideniyasi turizm sohasi uyushmasidan iqtibos keltirgan holda, dushanba kunidan boshlab mamlakatda turistik guruhlar tomonidan tashkillashtirilgan barcha parvozlar to‘xtatilishi haqida xabar berdi.
 

Virusli yangi yil

Payshanba kuni Xubeydan tashqarida virusdan halok bo‘lishning birinchi holati kuzatildi – Xubeyga qo‘shni provinsiyada. Yana bir o‘lim mamlakat shimolida, Uxan shahridan 2000 kilometr narida joylashgan Rossiya bilan chegaradosh Xeylunszyan provinsiyasida qayd etilgan. 

Bularning barchasi Xitoyda Yangi yilni nishonlash boshlanganda sodir bo‘ldi. Ayni vaqtga kelib ko‘p tadbirlar bekor qilingan. 

Millionlab xitoyliklar bayramni o‘z oilalari bilan nishonlash uchun uylariga qaytishmoqda, ammo rasmiylar yangi cheklovlarni davom ettirmoqda – asosan Xubeyda. Cheklovlar 13 millionga yaqin odam istiqomat qiluvchi 13 shaharga va birinchi navbatda provinsiya poytaxti Uxanga aloqador. Fuqarolar harakatini cheklashga qaratilgan ushbu choralarning qat'iyligi shaharlarga qarab farqlanadi. 

Yakshanba kuni AQSh o‘z fuqarolari va diplomatlarini Uxan shahridan olib chiqib ketish uchun charter reys tashkil qilmoqchi. AQSh Davlat departamentining ta'kidlashicha, Uxandagi bosh konsullik xodimlari evakuatsiya qilinadi va AQShning boshqa fuqarolariga cheklangan miqdordagi o‘rinlar ajratiladi. 

Virus Yevropada va AQShda

Xitoydan tashqaridagi virus orttirish holatlari AQSh va Yevropada ham kuzatildi. 

 

Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Agnes Byuzenning aytishicha, juma kuni kechqurun birinchi holat Bordoda, ikkinchisi Parij hududida aniqlangan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bordo kasalxonasiga yotqizilgan kishi Uxandan kelgan 48 yoshli xitoylik erkakdir. Ikkinchi holat haqida faqat bemor Xitoyga borgani va hozirda Parijdagi shifoxonalardan birida ekanligi ma'lum.

Amerika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari AQShda ikkita koronavirus holati qayd etilganini tasdiqladi: Chikago va Vashingtonda. Bemorlardan biri 13 yanvar kuni Uxandan Chikagoga qaytgan, ikkinchisi Vashingtonda kasalxonaga yotqizildi. 22 shtatda jami 63ta taxminiy holat tekshirilmoqda. 

2019-nCoV bilan zararlanganlar, shuningdek, Yaponiya, Tayvan, Tailand, Janubiy Koreya, Singapur va Vetnamda ham bor.

Payshanba kuni Xitoy poytaxti oy taqvimiga binoan yangi yilni nishonlashga bag‘ishlangan keng qamrovli tadbirlarni bekor qilishga qaror qildi va Pekinning tarixiy qismini ziyorat qilish uchun yopdi. 

Bundan tashqari: 

  • Makao va boshqa bir qator shahar va provinsiyalarda Oy taqvimiga ko‘ra Yangi yilni nishonlash bekor qilindi;
  • Buyuk Xitoy devorining ba'zi bo‘limlari tashrif buyuruvchilar uchun yopiq;
  • Hongkong Premer liga turniri va yillik karnaval bekor qilindi;
  • Shanxayda yiliga bir necha million odam tashrif buyuradigan Disney Resort parki yopildi.

Uxanning o‘zida, shuningdek, Echjou va Enshi shaharchalarida karantin davom etmoqda. Uxanda avtobuslar, parom va metro harakati to‘xtatilgan, shahardan chiqib ketadigan barcha reyslar bekor qilingan, blokpostlar o‘rnatilgan. Restoran, kafe va kinoteatrlar yopiq. 

Shaharda shoshilinch ravishda katta kasalxonalar qurishga kirishildi.

Qurilish ishlariga o‘nlab buldozerlar ekskavatorlar jalb qilingan

Uxan aholisi shifoxonalardagi ulkan navbat videolari va fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmoqda.

Jahondagi vaziyat

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti virus bilan bog‘liq xalqaro favqulodda vaziyat e'lon qilmadi, buning qisman sababi Xitoydan tashqarida kuzatilgan virus yuqtirish holatlarining ko‘p emasligidir.

«Bu Xitoy uchun favqulodda vaziyat, ammo u hozircha dunyo miqyosidagi sog‘liqni saqlash holati uchun favqulodda vaziyatga aylangani yo‘q, ammo bunday bo‘lishi ham mumkin», dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyyesus.

Juma kuni Singapurda infeksiyaning uchinchi holati tasdiqlandi. Xitoydan tashqarida eng ko‘p kasallanish Tailandda. Britaniyada tasdiqlangan holatlar yo‘q, faqat 14 kishi tekshirib ko‘rildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Xitoyda koronavirusning tarqalishi sababli epidemiologik holatdan xavotirlanish uchun hech qanday sabab yo‘qligini, chegara punktlarida barcha choralar ko‘rilganini ma'lum qilgan.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя