Главная » 2021 » Октябрь » 18 » “Maqsadim qonuniylikni targ‘ib qilish edi”. Bloger Bobur G‘aniyev faoliyatini to‘xtatdi
09:45

“Maqsadim qonuniylikni targ‘ib qilish edi”. Bloger Bobur G‘aniyev faoliyatini to‘xtatdi


Yo‘l-patrul xizmati xodimlarini haqorat qilgani uchun 15 sutkaga qamalgan bloger Bobur G‘aniyev kecha, 17 oktyabr kuni tunda o‘ziga tayinlangan jazoni o‘tab, ozodlikka chiqdi.

Bugun, 18 oktyabr kuni esa Bobur G‘aniyev videomurojaat bilan chiqib, blogerlik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. 

“Hurmatli yurtdoshlar men bir biznes boshladim. Shuning uchun, YouTube-kanalimni yuritishga vaqtim bo‘lmaydi. Meni to‘g‘ri tushunasizlar degan umiddaman”, deydi bloger.

Bobur G‘aniyev maqsadi qonuniylikni targ‘ib qilish bo‘lganini qo‘shimcha qilarkan shunday deydi:

“Bir donishmand aytgan ekan: Hamma qonuniy narsa ham adolatli emas, hamma adolatli narsa doim ham qonuniy emas”.

U shuningdek, 30 sentyabrdan 17 oktyabrgacha egnida bo‘lgan kiyimlarini yoqib yuborganini ham ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bloger Bobur G‘aniyevning Ichki ishlar organlarida yerda o‘tirgani aks etgan video va suratlar tarqalgan edi. Poytaxt IIB mazkur suratlar ortidan ko‘tarilgan shov-shuvlardan so‘ng, bloger bilan bog‘liq holat yuzasidan bayonot berdi. 

Unda qayd etilishicha, 30 sentyabr kuni taxminan soat 23:30 da Uchtepa tumani “Farhod” bozori ro‘parasida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz poytaxt” profilaktik tadbiri davomida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari tomonidan Epica rusumli davlat raqami 01 U 909 BB bo‘lgan avtomashina to‘xtatilgan.

Transport vositasi haydovchisi 1993 yilda tug‘ilgan Abror Kozubayevning (internet tarmog‘ida “Abror bloger” nomi bilan tanilgan) hujjatlari tekshirilgan. Shu jarayonda Epica rusumli avtomashinada yo‘lovchi sifatida o‘tirgan 1987 yilda tug‘ilgan Bobur G‘aniyev (internet tarmog‘ida “Avtobloger Bobur G‘aniyev” nomi bilan tanilgan) YPX inspektorlarini haqorat qilib, janjal ko‘targan. IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan jamoat tartibini buzgan. Shundan so‘ng transport vositasining haydovchisi Abror Kozubayev, yo‘lovchilari Bobur G‘aniyev va O.Salimov Uchtepa tumani IIO FMBga olib borilgan.

Holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish va tekshiruv o‘tkazish jarayonida Bobur G‘aniyevning shaxsiy uyali telefon apparatida pornografik mazmundagi qonunda taqiqlangan videomateriallar va fotosuratlar borligi aniqlangan.

Keyinroq, Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati rahbari Nilufar Isaxonova QALAMPIR.UZ jurnalistni Feruza Najmiddinova bilan suhbatda IIBga olib kelingan bloger Bobur G‘aniyevning yerda o‘tirgan holatda so‘roq qilinayotgani aks etgan foto va videomateriallarni tarqatgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qildi.

Bobur G‘aniyevning jiyani Azamat Abdujabborov QALAMPIR.UZ jurnalisti bilan suhbatda akasining oldiga yaqinlari va advokati kiritilmayotganini aytdi. Blogerning advokati Sadriddin Abubakirov esa mijozi bilan uchrashishi kerakligini, bu qonunga zid ekanini ta’kidladi. Advokat blogerga qarshi ochilgan ish “zakaznoy” ekanini ham aytib o‘tdi.

Toshkent shahar IIBB Bobur G‘aniyev 15 sutkaga qamalganidan 2 kun o‘tib, sud bo‘lib o‘tgani haqida rasmiy ma’lumot berdi. Boshqarma G‘aniyevning qo‘l telefonidan topilgan pornografik materiallar tarqatilgani yoki tarqatilmaganligini tekshirish uchun ekspertiza tayinlanganini ma’lum qildi.

Joriy yilning 6 oktyabr kuni esa G‘aniyevga nisbatan ochilgan ish apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi va birinchi sud instansiyasi chiqargan qaror o‘z kuchida qoldirildi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Bobur G‘aniyev, to‘xtatdi, faoliyatini, Bloger | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя