Главная » 2017 » Январь » 8 » Mendan boshqa yana ikki xotin…
19:42

Mendan boshqa yana ikki xotin…


— Yigirma uch yillik turmushimizda to‘rt nafar farzandga ota-ona bo‘ldik. Boshida rosa qiynalib yashadik. Yelib-yugurib tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydik, ro‘zg‘orimizga qut-baraka kirdi. Hozir bizdan boyroq odam yo‘q. Biroq semizlikni qo‘y ko‘tarar ekan. Xo‘jayinim pul ko‘pligidan xotinni uchta qildi. Oilamiz bilan mehnat qilib topayotgan pulimizni maishatiga sovurayotgan xiyonatkor er bilan yashagim kelmay qoldi. Bolalarimning tirik yetim bo‘lishini istamayman. Nima qilsam ekan?

Nozanin, Navoiy viloyati

— Taqdiringizga yozilganlarni eshitib, “Oltin baliqcha” ertagi yodimga tushdi. Teshik tog‘oraning butun bo‘lib qolishini umr bo‘yi orzu qilgan bechora kampir malikaga aylangach, bosar-tusarini bilmay qolgani kabi xo‘jayiningizni pul quturtiribdi. Afsus!

Qadim hikmatlarda donishmandlar har bir voqea-hodisaning oqibatini insonning qilmish-qidirmishida deb bilganlar. Uyini o‘g‘ri urgan odamdan: «Ishqilib topayotgan moling halolmidi?” deb so‘rashadi. Hadisi qudsiyda esa: «Agar qalbingda g‘ashlik, badaningda bemorlik, rizqingda mahrumlik, molingda kamchilik topsang, demak, bilginki, sen befoyda narsani (ko‘p) gapiribsan», deb marahamat qilinadi. Bu gap-so‘zlardan dilingiz og‘rimasin, biroq o‘zingizni, qilayotgan kasb-koringizni bir taftish qilib ko‘ring-a. Qaerda xato ketdingiz? Qolaversa, kelayotgan molu davlatdan muhtoj odamlarga, ulashayapsizmi, qo‘ni-qo‘shnichilik haqqini ado etayapsizmi? Ota-ona, qaynona-qaynota holidan boxabarmisiz? Ularning holidan xabar olib,  tang ahvolingiz borasida maslahat so‘rang. Harholda sizning oilangiz muammosini, dardingizga qanday malham bosishni yaxshi bilishadi.

Qalblarga shifo bo‘lguvchi yana bir hadis: «...mening roziligim uchun yoqtirmayotgan narsangizga ham sabr qil(ishni o‘rgan)maguncha huzurimdagi narsa(jannat)ga erisholmaysiz». Ayol kishi ona bo‘lgani uchun ham bolalarining baxti uchun ko‘p aziyatlarga chidab yashashga mahkum bo‘ladi. Hatto o‘zi yashashni istamagan, uni xo‘rlagan er bilan ham bolalari hurmatidan umrguzaronlik qiladi. Biroq har bir aziyat va jafoning orqasidan yaxshi kunlar kelishi tayin. Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘. Bu hayotiy falsafa haqiqatning o‘zginasi. Siz ham sabr-bardoshingiz evaziga farzandlardan yaxshi kunlarni ko‘rasiz. Eringizga Xudo insof bersin, iloyo.

Singiljonim, bu ko‘hna dunyoga ba’zida falsafiy nazar ham tashlash kerak. Nazarimizda, hayot murakkabliklardan iborat, yashash qiyin tuyuladi. Birov nochorlikdan nolisa, birov boylikdan tinchini yo‘qotadi. Aslida esa hayotda yashashni osonlashtirish o‘z qo‘limizda. Ayol kishi erkakka nisbatan ezgulikka, murosaga moyil. U tinchlik-xotirjamlik tarafdori. Oilasini saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan kurashadi. Shu sabab ham ko‘p narsani kechirib, alamlarni yutib, mulohaza bilan fikr yuritadi. Chunki ayol hayot posboni. Erkak zoti esa hukmronlik qilishni sevadi, aytgani aytgan, degani degan bo‘lishni istaydi va shunga intiladi. Moddiy imkoniyatlari yaxshilansa, maishat, rohat-farog‘atni istab qoladi. Albatta, bu  hamma erkaklarga xos xislat emas, biroq shundaylar oramizda borligi, oilasining sha’ni, farzandlar kelajagini o‘ylamaydiganlar xiliga ayollar o‘zgacha muomala-munosabatda bo‘lishadi, bu esa «ayol makri» deb ataladi. Mazkur holatdagi makr oilani saqlab qolish uchun mohirona ijro etiladigan san’atdir!


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: Er-xotin, Xiyonat, Mendan boshqa, Ayol, rafiqa, Rashk, yana ikki xotin, kundosh | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя