Главная » 2021 » Апрель » 22 » «Meni tuzukroq joyga o‘tkazishsin» – Mirza Azizovning o‘limi arafasida shifoxonadan yozgan maktubi e’lon qilindi
16:56

«Meni tuzukroq joyga o‘tkazishsin» – Mirza Azizovning o‘limi arafasida shifoxonadan yozgan maktubi e’lon qilindi


Koronavirus tufayli hayotdan bevaqt ko‘z yumgan atoqli san’atkor Mirza Azizov o‘limidan bir necha kun oldin Zangiotadagi shifoxona sharoitidan qoniqmay O‘zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayevga ko‘mak so‘rab maktub yo‘llagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Sh.Rizayevning «Hurriyat» gazetasida 21-aprel kuni chop etilgan maqolasida so‘z boradi.

«O‘ninchi aprel kuni tushdan keyin qo‘l telefonimga qayta-qayta qo‘ng‘iroq bo‘ldi, xabar yuborildi. Ochsam, Mirzaxondan xabar: «Assalom alaykum Shuhrat akajon! Menga ko‘p yordam bergansiz, yana bir yordam qiling. 18 kundan beri koronavirusga chalinib, Zangiotada yotibman. Sakkiz kishilik xonada – «Achavot»daman go‘yo. Shovqin, baqir-chaqir ichidaman. Ketib qoladiganga o‘xshayman. Biron rahbarlarimizga ayting, meni sharoiti tuzukroq joyga o‘tkazib berishsin, ayolimni chaqirishsin, menga Tojibar o‘zi qaramasa, boshqa birov qarolmaydi. Jon aka, akalik qiling!», – deya imdod so‘rab yo‘llangan maktubni keltiradi muallif.

Sh.Rizayev shundan keyin O‘zbekiston prezidentining sohaga mas’ul maslahatchisiga qo‘ng‘iroq qilgan. Davlat rahbari maslahatchisining aralashuvidan so‘ng Mirza Azizov yaxshi sharoitli alohida xonaga olingan. Ammo o‘sha kunlar san’atkorning ahvoli yana og‘irlashgan, qand kasali sabab vaziyat nihoyatda xatarli tus olgan.

«Tojibar telefon qiladi, yig‘lab turib «Aka, Mirzakamni opqolaylik, ahvollari juda og‘ir, vrachlar ham umidli gap aytishmayapti, qandlari 27 ga ko‘tarilibdi, o‘pka nafas olishi 66 ga tushib ketibdi. Shundayam meni apparatga solishmasin, bo‘g‘ilib ketyapman shundoq ham, deb turibdilar…» Soat tungi o‘nlardan oshgan. Kimga dod deb boraman, shu paytda… Oxiri, qo‘l telefon raqamini topib, yana bir katta rahbarlarimizdan biriga qo‘ng‘iroq qildim. U nomini aytishim bilanoq, «xabarim bor, har soatda bizga axborot berilyapti, biz Samarqanddamiz, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘sha kasallardan bevosita xabardor bo‘lish uchun Toshkentga qaytib ketdilar, Prezidentimiz shaxsan o‘zlari nazoratga olganlar, barcha choralar ko‘rilyapti, ammo kasalning ahvoli o‘ta og‘ir» dedi.

Tojibarga qo‘ng‘iroq qildim, aytdim bo‘lgan gaplarni, u ovozli xabar yozib, shu gaplarni Mirzakamga eshittiraylik, dalda bo‘ladi dedi. Mirzaxonning salomatligi shaxsan oliy rahbarning nazoratida ekanini aytib, ovozli xabar yubordim. Ertan borib, shifokorlari bilan uchrashishni rejalashtirdim. Biroq afsus, ming afsuski, ertasi – 16 aprel kuni o‘lim mujdasi keldi», – deb yozadi Sh.Rizayev.

Qayd etilishicha, Mirza Azizov Qashqadaryo safariga borib kelib koronavirus dardiga duchor bo‘lgan.

«Hamsafarlarining aytishicha, Qashqadaryoda dalayu dashtni kezib, hatto bog‘chalargacha borib uchrashuvlar o‘tkazilibdi. Mirzaxon o‘zi Toshkentdan ketishda biroz xastalanib turgan ekan. Safarda xuruj zo‘rayib, poyezdda kela-kelguncha harorat olovida yongan. Kelgach, bu gazanda virusni ayoliyu bolalariga ham yuqtirib, butun oila ichi bilan Zangiotadagi kasalxonaga tushgan», – deya tafsilotlar bilan o‘rtoqlashadi muallif.

Maqolada san’at va madaniyat sohasi vakillarini ijtimoiy himoya qilish tizimi quyi bo‘g‘inda qoniqarsiz holatda ekaniga ham e’tibor qaratilgan.

«Ma’naviyat, madaniyat, san’at ahlini muntazam ijtimoiy himoyada saqlaydigan tizim bormi o‘zi?! Yurtboshimizdan barcha ahli adabiyot va san’at dildan minnatdorki, mamlakatimizda bu sohalar rivojiga favqulodda imkoniyatlar yaratilmoqda, oliy farmonu qarorlar qabul qilinib, muhtasham muassasalar barpo etilmoqda. Ammo «shunday Vatanimiz bo‘laturib», o‘shanday go‘zal muassasalarni obod etguvchilarga quyida e’tibor o‘shandaymi? Nahotki beistisno har kuni televideniye kanallarining kamida to‘rt-beshtasida turli serial va ko‘rsatuvlarda chiqib turgan, bugun respublika ahliga taniqli qiyofani zangiotalik shifokorlar taniyolmagan bo‘lsa? Jillaqursa, ko‘zdagi adabiyot-san’at ahlini ko‘z qorachig‘idek asrab bilaylik. O‘zbekning onasi Farmonbibining Sottixon kelini Dilbar Ikromovayu Abdurayim Abduvahobovdek «shum bola»sini, Fathulla Ma’sudu Mirza Azizovini yana qachon tug‘arkan-a?!» – deya iztirobli mulohazalarini bayon etadi Sh.Rizayev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston xalq artisti, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri direktori Mirza Azizov 16 aprel kuni 58 yoshida vafot etdi.

Taniqli san’atkorning vafoti munosabati bilan mamlakat prezidenti ta’ziya bildirdi.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Mirza Azizovning, maktubi, o‘limi, shifoxonadan, arafasida | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя