Главная » 2020 » Декабрь » 15 » Messi nima uchun o‘z “oyog‘ini” sotgan? Argentinalik dahoning hurmatga sazovor ishlari haqida
16:17

Messi nima uchun o‘z “oyog‘ini” sotgan? Argentinalik dahoning hurmatga sazovor ishlari haqida


“Yaxshi inson bo‘lish, buyuk futbolchi bo‘lishdan ko‘ra muhimroq”, – degandi Lionel Messi. Leo esa bir vaqtning o‘zida har ikkalasini ham birdek bekam-ko‘st bajarib kelmoqda. Argentinalikning individual mahorati va yutuqlari haqida ortiqcha gapirishning hojati yo‘q. Chunki buni hamma hech bo‘lmaganda televizor orqali ko‘rgan, rohatlangan va lol qolgan. Shunday ekan, quyida uning hamma ham ilg‘ayvermaydigan xayrli ishlari haqida fikr yuritamiz.

Lionel hech qachon odamlarga, ayniqsa, bolalarga o‘z yordamini ayamaydi, chunki bir vaqtlar uning o‘zi ham qiyinchiliklarga duch kelgan. Leo bolaligida o‘sish gormoni yetishmasligidan aziyat chekib, katta muammolarga duch kelganligini haqida eshitmagan muxlislar kamchilikni tashkil qilsa kerak. Agar o‘shanda “Barselona” tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatilmaganida, ehtimol, futbol bu kabi dahoni ko‘rmagan bo‘lardi.

O‘zgalarga yordam berishni xohlagan Messi 2007-yildayoq bemor va kambag‘al bolalarni o‘qitish va ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun xayriya fondini tashkil etgandi. Argentinadagi faol ishlaridan tashqari ushbu fond Meksikadagi bolalar uchun ta’lim dasturiga hamda urush harakatlaridan aziyat chekkan minglab suriyalik bolalarni davolash uchun 100 mingdan yevrodan ortiq mablag‘ ajratgan. Bundan tashqari Lionelning shaxsan o‘zi ham uzoq vaqt davomida bolalarga yordam ko‘rsatib keladi va shu tufayli 2010-yildan beri YuNISEFning elchisi hisoblanadi. Argentinalik imkon qadar ushbu tashkilotning barcha loyihalarida faol qatnashishga harakat qiladi.

“Men har bir bolaning ta’lim olishiga qaratilgan targ‘ibotni qo‘llab-quvvatlayman. Chunki har bir bola o‘z imkoniyatlarini va orzularini amalga oshirishga haqli deb bilaman”, – deydi Messi.

Shuningdek, Leo o‘z mablag‘larini turli tibbiyot muassasalarining qurilishlariga ham sarflashni kanda qilmaydi. 2013-yilda forvard o‘zi tug‘ilgan Rosario shahridagi kasalxonani rekonstruksiya qilish uchun 600 ming yevro ajratadi. Tibbiyot muassasasida onkologiya markazi va bolalar xonasi modernizatsiya qilinadi, mahalliy shifokorlar esa malaka oshirish uchun Ispaniyaga jo‘natiladi. Xuddi shu yilning o‘zida Leo Rosariodagi sport markazini ta’mirlash uchun ham 150 ming yevro xayriya qiladi. Bir yil o‘tib futbolchi Buenos-Ayresda saraton markazi qurilishi uchun 140 ming mablag‘ ajratadi. 2018-yilda esa futbolchining jamg‘armasi Barselonadagi bolalar saraton markazi qurilishiga naq 1,5 million yevro xayriya qiladi. Forvardning shaxsan o‘zi binoning (ramziy) birinchi g‘ishtini qo‘yish marosimida ishtirok etgan.

2013-yilda esa Yaponiyaning zargarlik buyumlarini ishlab chiqaradigan Ginza Tanaka kompaniyasi Messining oyog‘idan nusxa ko‘chirib, unga oltin quyadi. 25 kilogrammli asosiy haykal bilan birgalikda yana 100 ta kichik figura va hujumchining oyoq izi tushirilgan 50 ta oltin plita sotuvga qo‘yildi.

Bularning barchasi 5 million dollarga sotiladi, to‘plangan pullarning barchasi Yaponiyadagi zilziladan jabrlanganlarga yordam berish uchun yo‘naltiriladi.

2015-yilda Messi o‘z tasviri tushirilgan ikkita rasmni jami 1 million dollarga sotdi va bu pullarni Indoneziya, Nepal va Bangladeshdagi bolalar ta’limiga berib yubordi.

Ko‘rinib turibdiki, Leo yuz minglab odamlarga yordam bergan va bu ishni qilishda davom etmoqda. Ammo e’tiboringizni 2012-yilda sodir bo‘lgan voqeaga qaratmoqchimiz. Bir ayol Leoning otasi bilan bog‘lanib, unga o‘g‘li, 12 yoshli marokashlik futbolchi haqida hikoya qilib beradi. Valid Kashash ismli bolakayda Messida bo‘lgani kabi o‘sish gormoni yetishmovchiligi kuzatilgandi.

Argentinalik daho esa yosh muxlisining muammosini e’tiborsiz qoldirolmadi va uning davolanishi uchun pul to‘lay boshladi. O‘sha paytdan boshlab, bola 18 yoshga to‘lgunigacha har 15 kunda “Barselona” forvardi uning davolanishi uchun 200 yevrodan o‘tkazib turadi. Messi Validga doimo kuchli bo‘lishini va hech qachon taslim bo‘lmasligini aytib, xatlar yuborib turadi.

Lionel – ajoyib va kamtar inson. U ham maydonda, ham uning tashqarisida ko‘pchilikka namuna bo‘la oladi. Shuning bilan birga u hech qachon muxlislariga avtograf berishni va suratga tushishni rad etmaydi. O‘ylaymizki, yuqorida keltirilgan ma’lumotlar Messi haqidagi fikrlaringizni yanada ijobiy tomonga o‘zgartiradi, albatta.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Sport olami | | Теги: Argentinalik, hurmatga sazovor, oyog‘in, messi, dahoning | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя