Главная » 2017 » Февраль » 14 » Muhabbatni daromad manbaiga aylantirganlar
10:14

Muhabbatni daromad manbaiga aylantirganlar


Toshkentdagi bosmaxonalardan biri alvon rangli yurakcha surati aks etgan 10 dona tabriknoma (otkritka)ga buyurtma oldi. Uni tayyorlayotgan dizayner muhabbat izhori bitilgan tabriknomalarning hammasi har xil qizga atalganiga hayron bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalarining «sa’y-harakatlari» tufayli «Sevishganlar», «Avliyo Valentin» kuni deb e’lon qilingan bayramni «Zamonaviy» yigitcha shu tarzda nishonlashga qaror qilgan.

Hozirda O‘zbekistonning ko‘plab do‘konlari, supermarketlarida yurakcha shakli aks etgan qandolat, poligrafiya mahsulotlarini, yumshoq o‘yinchoqlarni, atirlarni, konfetlarni hattoki kanselyariya mollarini ham uchratish mumkin. Dunyoning biror xalqi urf-odatiga mansub bo‘lmagan, na diniy, na madaniy an’analarimizga mos kelmaydigan bu bayramning o‘ziga xos daromad manbaiga aylanganiga ancha bo‘ldi.

Hammasi yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida G‘arbdagi savdo kompaniyalarining fevral oyida savdoning tushib ketishi munosabati bilan ularning «Avliyo Valentin» kuniga yurakcha shaklidagi turli sovg‘alarni ishlab chiqarishidan boshlandi. Chunki fevral oyida birorta katta bayram yo‘qligi uchun savdo kompaniyalari zarar ko‘rdi. Shunda ommaga unchalik ma’lum bo‘lmagan 14 fevralga to‘g‘ri keluvchi «Avliyo Valentin» kuni yodlariga tushdi. Ularning talqin qilishicha, bu «zot» barcha sevishganlarning «homiysi» emish… Mazkur bayramni reklama qiluvchi videoroliklar namoyishidan keyin esa «telba oshiqlar» savdo do‘konlarida sotilayotgan yurakcha shaklidagi sovg‘alarni sotib olish uchun shoshilishdi. Ularning birortasini na «Avliyo Valentin»ning kimligi, na mazkur bayramning kelib chiqish tarixi qiziqtirdi.

Mutaxassislarning ma’lumot berishicha, yurakcha timsolining yaratilishiga ellinistik madaniyatda katta ahamiyatga ega bo‘lgan pechak o‘simligining yaprog‘i sabab bo‘lgan. U qadimgi greklarning sarmast va musallas Xudosi bo‘lmish Dionisning tashrif qog‘ozi va «sabr uyi»ning ramzi vazifasini ham o‘tagan.

Ba’zi bir taassublarning fikricha «Avliyo Valentin» nasroniylarning Rim imperiyasigacha bo‘lgan davrda yashagan avliyosi hisoblanar va mazkur bayram uning sharafiga o‘tkazilar emish. Ammo bu dalil — tarixda Valentin ismli avliyo haqiqatan ham yashaganligi o‘z tasdig‘ini topmagan. Olimlar va teologlarning fikricha, Valentin eramizdan ilgari birinchi asrda yashagan uchta bir xil ismli nasroniy avliyolarining yig‘ma obrazidir. Mazkur avliyolarning har uchalasi ham nasroniy hisoblansa-da, ularning yig‘ma obrazi bo‘lgan, sevishganlarning homiysi hisoblangan Valentinni birorta nasroniy cherkovi tan olmaydi. O‘zining real tarixiga ega bo‘lmagan, o‘ylab topilgan Valentin o‘zi haqida to‘qilgan afsonalarga umuman mos kelmaydi.

Yana bir taxminlarga ko‘ra, qadimgi Rim majusiylarining Rim shahriga asos solgan aka-uka Rem va Romulni o‘z suti bilan boqqan ona bo‘rining sharafiga o‘tkaziladigan bayramni yo‘q qilish uchun «Avliyo Valentin» kunini cherkov o‘ylab topgan. Ammo bu bayram faqatgina XIX asrga kelib, Buyuk Britaniyada ommalasha boshladi. Keyinchalik u AQShda ham bayram sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.

Ming afsuslar bo‘lsinkim, ommaviy madaniyat vositalari yordamida «Avliyo Valentin» kuni butun dunyoga, shu jumladan O‘zbekistonga ham kirib keldi. Bir paytning o‘zida o‘nta qizga sevgi izhor qilish bizning xalqimizga yotdir. Xalqimiz uchun oila muqaddas hisoblanadi. Yuqoridagi bayram esa bizning milliy qadriyatlarimizga umuman ziddir.

Ayni kunlarda dunyoning turli mamlakatlarida madaniyatimizga begona bo‘lgan «Avliyo Valentin kuni» deb atalmish «Qo‘lbola bayram»ga qarshi kurash ketmoqda. Masalan, Rossiyada ham ruhoniylar mazkur bayramga qarshi chiqqanligi tufayli u ilgarigidek keng nishonlanmayapti. «Sevishganlar kuni»ni bayram qilayotgan yoshlar bayram bahona turli spirtli ichimliklar iste’mol qilib, ko‘ngilsiz hodisalar yuz bermoqda. Yangi «bayram»ni MDHning boshqa davlatlaridagi madaniyat va san’at arboblari, shuningdek diniy tashkilotlari ham qoralab, unga qarshi chiqmoqdalar.

Bunday soxta madaniyatga xos bo‘lgan «bayram»lar o‘sib kelayotgan yoshlarimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xalqimiz mentalitetiga yot bo‘lgan mazkur bayramdan o‘sib kelayotgan yosh avlodni asrash bizning eng muhim vazifalarimizdan biridir.

Sodiq Adizov


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: aylantirganlar, Muhabbat, Manba, daromad | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя