Главная » 2020 » Июнь » 25 » Muhim! 1 iyuldan nimalar o‘zgaradi?
17:01

Muhim! 1 iyuldan nimalar o‘zgaradi?


Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshiga 30 foiz qo‘shimcha maxsus ustama to‘lanadi. Bundan tashqari yana bir qancha yo‘nalish va sohalarda o‘zgarishlar kuzatiladi.

  1. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibi soddalashtiriladi

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxati 67 taga kengaytiriladi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish xabar berish tartibida o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi matrisali shtrix kod (QR-kod) bergan holda maxsus mobil ilova yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’i nazar, BHMning kamida 50 foizi hajmida to‘laydi.

  1. Ko‘p qavatli binolarni quruvchi tashkilotlarga bojxona imtiyozlari beriladi

2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda ko‘p qavatli monolit uy-joylar qurish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatga muvofiq import qilinadigan beton quyish qoliplari, beton tayyorlash mashina va mexanizmlari bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

Bojxona to‘lovlarini to‘lovchilar 2020 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda import qilinadigan qurilish sohasida foydalaniladigan mashina va mexanizmlar, texnologik jihozlar, kichik mexanizasiya vositalari, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar bo‘yicha bojxona to‘lovlarini (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqiga ega bo‘ladi.

  1. Toshkent shahar DXMda fuqarolar uchun mediator xizmati joriy etiladi

Eksperiment tariqasida, Toshkent shahrida davlat xizmatlari markazlari binolarida nizolashuvchi fuqarolarga mediator xizmatidan foydalanish uchun alohida xonalar ajratiladi.

  1. Ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish jarayonida atrof-muhitni himoya qilish va ijtimoiy boshqaruv tizimi joriy etiladi

2020 yil 1 iyuldan boshlab:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan uy-joylar qurish uchun yerlar sug‘oriladigan yerlar va o‘rmon fondiga kirmaydigan hamda aholini majburiy ko‘chirish xavfi bo‘lmagan taqdirda ajratiladi;
  • er uchastkalarini berish (realizasiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiya tarkibiga “O‘zgidromet” markazining hududiy bo‘linmalari vakillari kiritiladi hamda ularning xulosasi olinadi;
  • qishloq joylarda ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish bo‘yicha tanlov savdolarida g‘olib bo‘lgan tadbirkorlar bilan investisiya shartnomalari tuziladi;
  • uy-joylarni qurish bo‘yicha ajratilgan yer massivlari (uchastkalari) va lokal oqova suv tozalash inshootlarining atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish xulosasi tayyorlanadi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan davlat ekologik ekspertizasi xulosalari beriladi;
  • ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish jarayonida xalqaro moliya institutlari talablaridan kelib chiqib, atrof-muhitni himoya qilish va ijtimoiy boshqaruv tizimi joriy etiladi.
  1. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining maoshiga qo‘shimcha ustama beriladi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshiga 30 foiz qo‘shimcha maxsus ustama to‘lanadi.

  1. Noshirlik faoliyatini lisenziyalash tartibi bekor qilinadi

Noshirlik faoliyatini lisenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblari bekor qilinib, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimi joriy qilinadi.

  1. Javobgarlik belgilovchi huquqiy normalar faqatgina qonunlar bilan o‘rnatiladi.

Joriy yilning 1 iyulidan boshlab:

  • xo‘jalik boshqaruvi organlari vakolatiga kiruvchi masalalar va korporativ munosabatlar qonunosti hujjatlarini qabul qilish yoki ma’muriy usullar orqali tartibga solinishi taqiqlanadi;
  • jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlik belgilovchi huquqiy normalar faqatgina qonunlar bilan belgilanadi;
  • idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga jismoniy va yuridik shaxslar uchun qo‘shimcha to‘lov va yig‘imlarni belgilovchi, ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklashlarni nazarda tutuvchi, ularga asoslanmagan xarajatlar yuzaga kelishiga olib keluvchi, ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan huquqiy normalarni kiritishga yo‘l qo‘ymaydi;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga huquqiy normalar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar Adliya vazirligidan majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi;
  • normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda konseptual jihatdan yangi mexanizmlarni yaratishning “paket” prinsipi joriy qilinadi;
  • qonunchilikni tizimlashtirish va ortiqcha huquqiy tartibga solishni kamaytirish maqsadida 2020 yil 1 iyuldan 2021 yil 1 yanvargacha idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish to‘xtatiladi (o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi, shuningdek, unifikasiya qilishni nazarda tutuvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bundan mustasno).
  1. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotlarini eshitish tartibi amaliyotga tatbiq qilinadi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislarida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o‘z faoliyati bo‘yicha, shuningdek, Hukumat a’zolari va tarmoqlar rahbarlarining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlarini muntazam ravishda eshitish tartibi amaliyotga tatbiq qilinadi.

  1. Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga qo‘shimcha vakolat beriladi

Qurilish sohasida nazorat inspeksiya va hududiy inspeksiya boshliqlariga huquqbuzarlik faktiga e’tiroz bildirilgan hollarda ishni ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi.

  1. Dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi joriy etiladi

Mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Unga ko‘ra, aholi jon boshiga nisbatan daromadlar darajasi yuqori, o‘rtachadan yuqoriroq va o‘rtachadan pastroq bo‘lgan davlatlar guruhiga kiruvchi kamida 10 ta referent mamlakatlar tanlanadi.

Dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentrasiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositasining har bir savdo nomi uchun belgilangan eng yuqori narxi qayd etiladi. Bunda dori vositasini ushbu qiymatdan yuqori narxlarda O‘zbekistonga yetkazib berish (import dori vositalari uchun) va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilishi (mahalliy dori vositalari uchun) mumkin emas.

Shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar respublikaning barcha tibbiyot tashkilotlarida majburiy tartibda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha resept yozilishi tartibi joriy qilinadi

Bundan tashqari, “Farmasevtika mahsulotlarining sirli xaridori” instituti joriy etiladi.

Ushbu institutning asosiy vazifalaridan biri mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar tomonidan reseptlarni yozish va dori vositalarining savdo nomi uchun cheklangan narxlarni shakllantirish jarayonini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etilishini monitoring qilish va baholash hisoblanadi.

  1. Barcha tug‘ruqni qabul qilish muassasalarida tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risida Elektron ma’lumotlar almashinuvi dasturi yuritiladi

Mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar barcha tug‘ruqni qabul qilish muassasalarida Elektron ma’lumotlar almashinuvi dasturi yuritilishi majburiy hisoblanadi.

  1. Shaxsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritiladi

Huquqni cheklaydigan prosessual majburlov choralarini qo‘llash, jumladan shaxsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritib boriladi.

  1. Loyiha-qidiruv tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi

Soliq va statistika hisobotlari ma’lumotlari (ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar va to‘langan soliqlar, ish haqi to‘lash fondi va boshqa mezonlar) asosida avtomatik tarzda shakllanadigan loyiha-qidiruv tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi.

  1. Xususiy muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlariga soliq imtiyozlari beriladi

2023 yil 1 iyulga qadar nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i, mol-mulk va yer soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi.


Manba: "aniq.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: 1 iyuldan, muhim, nimalar o‘zgaradi? | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя