Главная » 2018 » Апрель » 22 » Muhtoj xotin-qizlarga imtiyozli shartlarda uy-joy beriladi
21:51

Muhtoj xotin-qizlarga imtiyozli shartlarda uy-joy beriladi


Vazirlar Mahkamasining 12.04.2018 yildagi 285-son qarori bilan arzon uy-joylarni berish tartibi tasdiqlandi, deb yozadi Norma.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi (bundan keyin – Fond) ta’sis etildi, u shu jumladan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga yordam ko‘rsatadi.

Arzon uy-joylarni ajratish shartlari

Quyidagi muhtoj xotin-qizlar arzon uy-joylarni olishlari mumkin:

og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan;

nogironligi bo‘lgan;

kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan onalar.

Ularga arzon uy-joylar Prezidentning 21.10.2016 yildagi PQ-2639-son (qishloq joylarda) va 23.10.2017 yildagi PQ-3350-son (shaharlarda) qarorlarida nazarda tutilgan dasturlar asosida beriladi. Har yili ajratiladigan uy-joylar soni Prezidentning 22.12.2016 yildagi PQ-2691-son qarorida nazarda tutilgan tumanlar va shaharlar toifasiga (I yoki II) bog‘liq bo‘ladi.

Uy-joylar qiymati quyidagicha qoplanadi:

25%i (boshlang‘ich badal) – Fond, talabgor ishlayotgan tashkilot, shuningdek taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga;

75%i – ipoteka asosida tijorat banklarining imtiyozli kreditlari hisobiga.

Kredit dastur ishtirokchisining o‘z mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. Ayol kam ta’minlangan oiladan bo‘lsa va doimiy daromadga ega bo‘lmasa, kredit quyidagilar hisobiga qoplanishi mumkin:

u ishlayotgan tashkilot;

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi;

«Mahalla» xayriya jamoat fondi hamda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Imtiyozli uy-joy olish dasturida ishtirok etish tartibi

Yashash sharoitini yaxshilash maqsadida uy-joyga muhtoj xotin-qizlar doimiy yashash joyidagi hududiy komissiyaga ariza bilan murojaat qilishlari lozim. Komissiyalar tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzurida tashkil etilgan bo‘lib, arzon uy-joylar dasturida ishtirok etish uchun talabgorlarni tanlab olish bilan shug‘ullanadilar. Ular ariza va ayolning yashash sharoitlarini o‘rganadilar, shundan keyin, ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, imtiyozli kredit asosida uy-joy olish uchun yozma tavsiya beradilar.

Dasturga kiritilgan talabgorlar ro‘yxati hududiy xotin-qizlar qo‘mitalariga beriladi, ular ro‘yxatlarni umumlashtirib, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga taqdim etadilar. Ular esa injiniring kompaniyalari bilan birgalikda, taqdim etilgan muhtoj xotin-qizlarning umumlashtirilgan ro‘yxati asosida uy-joylarni qurish uchun zarur mablag‘larni aniqlaydilar. Shundan so‘ng talabgorlarning jamg‘arma omonat hisobraqamiga boshlang‘ich badal o‘tkazilishi ta’minlanadi. Ayollar injiniring kompaniyasi filiali bilan dastlabki shartnoma tuzadilar va tegishli tijorat banki filialiga ipoteka krediti ajratishni so‘rab ariza beradilar.

Yashash sharoitini yaxshilashga ehtiyojmand talabgorlar ijtimoiy mezonlarni baholash orqali tanlab olinadi. Ular orasida: bir necha oilaning bir uyda (bir xonadonda) yashashi, ikki yoki undan ortiq farzandi borligi, oilasining daromadi, birinchi guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz ayollar va b.

Uy-joyga muhtojlik darajasi har bir mezon bo‘yicha qo‘yiladigan ballardan kelib chiqib aniqlanadi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.04.2018 yildan kuchga kirdi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: uy-joy, Qiz, xotin | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя