Главная » 2017 » Февраль » 6 » Mustaqil qaror chiqara olasizmi?
09:48

Mustaqil qaror chiqara olasizmi?


Avvaliga, bilib tursangiz ham «bilmadim», deya yelka qisasiz. Keyin «Siz nima desangiz shu», deya bor mas’uliyatni o‘zingizdan soqit qilasiz. «Menga farqi yo‘q» deyishingiz esa hammasidan ham oshib tushadi. Buncha qaror qabul qilish mas’uliyatidan qochmasangiz, a? Tag‘in ba’zi-ba’zida hayotingiz, turmushingiz yoxud ishingizdan nolib qo‘yasiz. Ko‘nglingizdagidek bo‘lmagani uchun noliysiz-da. «Yo‘q, men aslo bundaylar toifasasidan emasman», deyapsizmi? Marhamat, testimizni ishlab, mustaqil qaror chiqarishga qodirmisiz yoki yo‘q, aniqlang. 

1. Maktabni tugatgach, kelajakda tanlaydigan sohangiz, yo‘lingizni qanday belgilagansiz?

A. «O‘zim qaror qabul qilganman, ya’ni qiziqishlarim, orzu-istaklarimdan kelib chiqib».

B. «Ota-onam, aka-opalarimning maslahatlariga quloq tutganman».

V. «Eng yaqin do‘stlarim bilan fikr almashganman».

2. Tanlagan o‘quv muassasangizga hujjat topshirayotganda nimaga umid bog‘lagansiz?

A. «Faqat o‘z kuchimga».

B. «Imtihonlarning yaxshi va omadli o‘tishiga».

V. «To‘g‘risi, shu muassasa bilan aloqalarimiz borligiga».

3. Imtihonga qanday tayyorgarlik ko‘rgansiz?

A. «Tunu kun o‘qiganman. Faqat va faqat o‘z mehnatim bilan natijaga erishimni bilardim-da».

B. «Bilmaganlarimni o‘qituvchilarim va sinfdoshlarimdan so‘rab o‘rganardim».

V. «Unchalik boshimni og‘ritmaganman, doim boshqalarning yordamiga ko‘z tikkanman».

4. Ishga qanday qabul qilingansiz?

A. «Ish taqsimoti bo‘yicha».

B. «Avval e’lonlarni o‘rganib, yetarlicha ma’lumot to‘plab, keyin ishga joylashganman».

V. «Rahbariyat bilan aloqalarimiz yaxshi edi...»

5. Ishda muhim qaror qabul qilayotganingizda...

A. «O‘zimning tajribam va bilimga tayanaman doim»

B. «Ba’zida jamoadagilarning ham qarashlariga qiziqaman».

V. «Hamisha hamkasblarimning fikri bilan hisoblashaman».

6. Oila qurayotganingizda...

A. «Eng oxirgi so‘zni o‘zim aytganman».

B. «Yaqinlarimning so‘zlariga quloq tutganman».

V. «Sevganim bo‘lsa-da, uydagilarning ko‘ngliga qaraganman».

7. Turmush o‘rtog‘ingiz xizmat safarida bo‘lgan paytda biror masalani mustaqil hal qila olasizmi? Masalan, uyga biror jihoz xarid qilishga to‘g‘ri kelib qolsa...

A. «Ha».

B. «Albatta, nimadir qilishim mumkin, lekin baribir maslahatlashgan durust, deb o‘ylayman».

V. «Yo‘q, aslo».

8. O‘smirligingizda qay darajada o‘jar edingiz va istaklaringizni himoya qila olarmidingiz?

A. «Doim aytganimni bajarish uchun oyoq tirab turib olardim, shu sabab ota-onam bilan o‘rtamizda kelishmovchiliklar bo‘lgan».

B. «Fikrimni himoya qilardim, albatta, faqat ota-onamning ham qarashlarini hurmat qilgan holda».

V. «Yo‘q, men o‘zim hech narsani hal qilolmasdim».

9. Bugungi kunda qanchalik qaysarsiz? Do‘stlar, hamkasblar va oila davrasida o‘z fikringizda sobit tura olasizmi?

A. «O‘zimga yetguncha o‘jarman, fikrimni doim himoya qilaman».

B. «Ha, ko‘pincha».

V. «Har-har zamon».

10. Ishda, jamiyatda muvaffaqiyatlarga erishishingizning siri?

A. «O‘zimni butunlay ishga bag‘ishlab, natijaga erishayapman».

B. «Turmush o‘rtog‘im va yaqinlarimning maslahatlarini inobatga olib, kam bo‘lmayapman».

V. «Hamisha boshqalarning fikri bilan qiziqqanim uchun qo‘llab-quvvatlashayapti».

11. Agar siz turmush o‘rtog‘ingiz yoki boshqa biror yaqiningizning qaysidir harakati salomatligiga zarar ekanligini bilsangiz...

A. «Zararli odatini tashlashini qattiq nazoratimga olaman».

B. «Unga nimalar qilish mumkin, nimalar mukin emas, shularni bir boshdan tushuntiraman».

V. «Qilayotgan harakati salomatligiga ziyon keltirishini tushuntirishga harakat qilaman, mening qo‘limdan keladigani shu».

Yo‘riqnoma

Savollarga bergan javoblaringizni quyidagicha hisoblang.

A — 4 ball;

B — 2 ball;

V — 1 ball.

Natija:

30dan 40 ballgacha

Siz haddan tashqari mustaqilsiz. Barcha munosabatlarda, hamma joyda o‘zingiz qaror chiqarishga o‘rganib qolgansiz. Siz nafaqat kimdir muammoni hal qilishini kutishga sabr qilolmaysiz, balkim atrfodagilarning fikrini eshitishga ham hafsala qilmaysiz. Bir o‘ylab ko‘ring: o‘zingizga shu darajada ishonasizmi? Chiqargan qaroringizning ijobiy va salbiy tomonlarini ko‘ra olasizmi? Yoki «Meniki to‘g‘ri», deya xato aytganingizdan qaytish shunchalik qiyinmi? Mustaqillik, mustaqil qaror chiqarish, yashash mas’uliyatini bo‘yningizga olganingiz yaxshi. Biroq doim atrofdagilar bilan bemaslahat ish ko‘rishingiz to‘g‘rimas. Chegarani biling, mustaqillikni qaysarlik bilan adashtirmang.

15 dan 29 ballgacha

Sizni kuchli xarakter egasi deb aytishimiz mumkin. Ishonchli do‘stligingiz, stresslarga chidamliligingiz ko‘zga ko‘ringan xususiyatlaringizdandir. Birovlarning gap-so‘zlariga, fikrlariga qaram emassiz. Shu bilan birga kezi kelganda atrofdagilar bilan bamaslahat yo‘l tutasiz. Bu xatolaringizni anglashingiz va tan olshingizdan dalolatdir. O‘z tanlovlaringizni to‘g‘ri bayon qilganingiz va boshqalarning ham fikrlarini tinglashni bilganingiz uchun ham sizga kam e’tiroz bildirishadi.

0 dan 14 ballgacha

Jur’atsiz va ikkilanuvchisiz. Biroz qo‘rqoqligingiz ham bor. «Hozir o‘zimcha nimadir qilsam, keyin dodimni hech kim eshitmaydi», deb o‘ylab ham oldinga qadam tashlamay turaverasiz. Shuning uchun ba’zida urinishlaringiz, fikrlaringiz inobatga olinmay qolib ketar? Avval kichik doiralarda istaklaringiz, xohishlaringizni namoyon qilishga urinib ko‘ring. Buning uchun o‘z ustingizda ishlang. Nima uchun gapirishga qo‘rqasiz o‘zi. Shu sababni topib, uni bartaraf qiling. Balkim sizni cho‘chitayotgan narsa muammomasdir. Xullas, o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshiring.

Shoira VAFOYEVA tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: qaror, chiqara olasizmi, Mustaqil | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя