Главная » 2017 » Май » 10 » Mutaxassis fikri: quloq oqqanda ona sutini quloqqa sog‘ish to‘g‘rimi?
18:27

Mutaxassis fikri: quloq oqqanda ona sutini quloqqa sog‘ish to‘g‘rimi?


Sovuq kunlarda ko‘pchilikning organizmida immun tizimining yetishmasligi hamda tumov va gripga qarshi kurasholmasligi sababli bir necha bosqichli surunkali gripp kasalligiga chalinishadi. Mana shunday holatlarni boshdan kechirmaslik uchun nimalarga ahamiyat berish lozim va qanday profilaktika ishlarini amalga oshirishimiz mumkin?

Bu boradagi bizni qiziqtirgan savollarga Toshkent shahar eshitish va nutqni tiklash hamda ovoz reabilitatsiya markazi direktori Jamshid Qurbonov javob beradi.

– Sovuq iqlim o‘lkamizga kirib kelishi bilan, ayniqsa, yosh bolalarda shamollash asoratlari seziladi. Birinchi navbatda burun bo‘shlig‘imiz aziyat chekadi. Bunday holga uchramaslik uchun nimalarga ahamiyat berish kerak?

– Inson har bir a’zosining o‘z vazifasi bor va ular odam salomatligi uchun xizmat qiladi. Gigiena qoidalariga rioya qilmasligimiz, noto‘g‘ri ovqatlanishimiz va hokazo sabablar ana shu a’zolarimizga shikast yetkazadi hamda ular o‘z faoliyatini normal holatda yurita olmaydi. Shu sababli, bizda turli kasalliklar paydo bo‘ladi. Bunday holatlarni keltirib chiqarmaslik uchun, avvalo, tozalikka katta e’tibor qaratish lozim. Agar siz doim toza, ozoda yursangiz va to‘g‘ri yashash qoidalariga rioya qilsangiz, doimo sog‘lom bo‘lasiz.

– Shamollaganimizda burnimiz ko‘p oqib, bezovta bo‘lamiz. Kasallik vaqtida davolanmasa gaymorit kasalligi kelib chiqadimi? Biz uni oddiy gripdan qanday farqlaymiz? Uning asoratlari qanday bo‘ladi?

– Gaymorit yuqori jag‘ va burun atrofi bo‘shlig‘ining yallig‘lanishi bo‘lib, ko‘pincha burun bo‘shlig‘iga turli mikroorganizmlar kirishi natijasida yuzaga keladi. Masalan, gripp virusi, streptokokk, stafilokokk, diplokokk, ko‘k yiring tayoqchalari, anaerob infeksiyalar va ichak tayoqchalari gaymoritni qo‘zg‘ashi mumkin.


Dastlab kasallikning o‘tkir turi namoyon bo‘ladi. Bu vaqtda bemorning yuqori jag‘ sohasi qo‘l bilan bosib ko‘rilganda og‘riydi, burnidan shilliq ajraladi. Aslida burundan shilliq ajralishi gripp kasalligida ham kuzatiladi. Lekin gripda paydo bo‘ladigan shilliq suyuqlik suvga o‘xshash oq rangda bo‘ladi. Gaymoritda esa burundan yiring aralash ajralma chiqadi.

Gaymoritga chalingan bemorning qon tahlilida leykotsitlar miqdori oshgani seziladi. Shunday vaqtda zudlik bilan shifokorga murojaat etish lozim. Agar kechiktirmay davo choralari ko‘rilsa, bemor butunlay tuzalib ketadi.

Boshqa xastaliklar kabi gaymorit ham o‘z vaqtida davolab tuzatilmasa, og‘ir asoratlar qoldiradi. Ya’ni gaymorit bilan og‘rib o‘tgandan keyin miya pardasida o‘zgarishlar kuzatiladi.

Ko‘p hollarda gaymoritni yaxshi davolatmagan bemorlarda meningit (bosh va orqa miya qobig‘ining yallig‘lanishi) rivojlanishi mumkin.

Shuningdek, kasallikdan so‘ng araxnoidit (bosh yoki orqa miyadagi o‘rgimchak to‘riga o‘xshash pardaning yallig‘lanishi) va rinogen ko‘z kasalliklari ro‘y beradi. Gaymorit asoratlari yuzaga kelmasligi uchun bemor qunt bilan muolajani oxiriga yetkazishi zarur.

– “O‘zbekchilik”da “quloq oqishi” degan kasallik bor. Bu asosan, yosh bolalarda ko‘p uchraydi. Bunday holatda ona sutini quloqqa sog‘ish to‘g‘rimi?

– Muvozanat degan tushuncha bor. Bu muvozanat buzilgandan keyin muammo ketma-ket kelaveradi. O‘rta quloq burunga o‘z teshigini ochadi. Mana shu teshik ochilishining o‘z kengligi me’yori va darajasi bor. Bu shilliq ishlab chiqaradi. Mana shu yerda biron-bir sababga ko‘ra yopilish bo‘lsa, bosim oshib ketadi. Ushbu suyuqlik qaerdandir chiqib ketishi kerak. Bunga yordam beruvchi eng nozik devor – nog‘orapardani itarib, teshib chiqib ketadi. Har gal nog‘orapardadan oqib chiqayotgan shilliq, yiring kabi ajralmalar teshikni kattalashtirib yuboradi va bu bilan eshitish darajasi pasayib boradi.

Eng yomoni, e’tiborsizligimiz yoki boshqa ish bilan bandligimiz tufayli kasallikni ancha o‘tkazib yuborib, miyadagi asab tizimigacha yetib borgach, shifokorga murojaat qilamiz. Shifokor bemorga qo‘lidan kelgancha yordam beradi, uni davolaydi, ammo bola uchun bu jarayon qiyinchilikda o‘tadi. Ona suti juda ham foydali, ammo bu degani quloqdan ajralma oqqanda sut sog‘ib davolaymiz degani emas. Albatta, shifokor ko‘rigiga borish kerak.

Jamshid Qurbonov bilan suhbatimiz qizg‘in tusda davom etdi. Xususan, u bolani qay holatda emizish kerakligi, oddiy va surunkali shamollashning farqlari va boshqa ko‘plab maslahatlari bilan o‘rtoqlashdi.

Suhbatning to‘liq qismini tez kunda saytimiz orqali o‘qishingiz mumkin.

Madina Muhammadiyeva suhbatlashdi.
Foto: Akbar Xudoyberganov


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Salomatlik | | Теги: to‘g‘rimi, Mutaxassis fikri, sog‘ish, quloqqa, quloq, ona suti, oqqanda | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя