Главная » 2020 » Декабрь » 13 » Navoiyda ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmati narxi qariyb 3 baravar oshiriladi
14:59

Navoiyda ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmati narxi qariyb 3 baravar oshiriladi


Navoiy viloyatida 2021 yilning 1-yanvaridan ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmati narxi qariyb 3 baravar oshadi. Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining 1-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan  XII sessiyasida ushbu taklif ma’qullangan.

Yangi tarifga ko‘ra, 2021-yildan boshlab 1 kubometr ichimlik suvi aholi uchun 3000 so‘m (hozir 1080 so‘m), budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun 7500 so‘m (3300 so‘m), kanalizatsiya xizmatlari uchun 1 kubometr suv narxi aholiga 2700 so‘m (1000 so‘m), budjet va ulgurji iste’molchilarga 7000 so‘m (2800 so‘m) etib belgilandi.

“Navoiy suv ta’minoti” kompaniyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Navoiy viloyati aholisining 64 foizi (647 ming nafardan ortig‘i) markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan.

Shundan qishloq joylarida yashovchi 354,9 ming aholiga “Navoiy suv ta’minoti” MChJ, Navoiy shahri markazi, Zarafshon, Uchquduq shaharlari hamda Konimex tumanining Zafarobod qo‘rg‘oniga alohida tariflar asosida viloyat “Issiqlik manbayi” DUK xizmat ko‘rsatib keladi.

Shundan 354,9 ming qishloq hududlaridagi aholiga, jumladan, Navoiy shahrining chekka hududlari, Karmana, Konimex, Qiziltepa, Navbahor, Xatirchi, Nurota va Tomdi tumanlaridagi iste’molchilarga “Navoiy suv ta’minoti” MChJ tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.

Viloyatning Navoiy shahar markazi, Zarafshon, Uchquduq shaharlari hamda Konimex tumanining Zafarobod qo‘rg‘oniga alohida tariflar asosida viloyat “Issiqlik manbayi” davlat unitar korxonasi tomonidan xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda “Navoiy suv ta’minoti” MChJ balansidagi mavjud 199 ta suv tarqatish inshootining 28 tasi (14 foizi) jiddiy ta’mirlanishga zarurat sezmoqda. Viloyat bo‘yicha jami 2784,8 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari mavjud bo‘lib, ulardan 463,4 kilometri (17 foiz) ta’mirlashga muhtoj bo‘lib qolgan.

Shu bilan birga, suv tarqatish inshootlarining tarmoqlari va uskunalarining muhim qismi 50 yildan ko‘proq vaqt oldin yotqizilgan bo‘lib, ma’nan eskirgan. Oqibatda aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvida yo‘qotishlar oshib, tizimda og‘ir iqtisodiy ahvol yuzaga kelgan”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, investitsiya dasturi asosida 2020-yilning o‘zida 42 milliard so‘mlik 15 ta yangi loyiha amalga oshirilgani, infratuzilma eskirganligi sababli ulardan samarali foydalanish imkoniyatlari ham yetarli darajada emasligi ta’kidlangan.

“Ushbu muammolar tizimda energiya iste’molining yuqori darajadaligi, ma’nan eskirgan tarmoqlarning o‘z vaqtida modernizatsiya qilinmaganligi, moddiy rag‘batlantirish darajasi pastligi sabab sohada malakali mutaxassislar va ishchilar yetishmasligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari izchil joriy qilinmaganligi, moddiy texnika bazasi rivojlanmaganligi tufayli kelib chiqmoqda.

Yana bir muhim jihat — viloyatda Osiyo taraqqiyot banki kredit mablag‘lari hisobidan jami 25,7 million dollarlik ichimlik suvi ta’minoti tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan 2 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu jalb qilingan mablag‘larni qaytarib borish ham yangi tariflarda inobatga olinmoqda”, deya tushuntirgan “Navoiy suv ta’minoti” matbuot xizmati.

Bildirilishicha, 2021-yilda ajratilishi rejalashtirilgan jami 26,8 milliard so‘mlik budjet mablag‘lari hisobidan:

  • Navoiy shahri va EIZ hududida yangi suv tarmoqlari tortiladi;
  • G‘ozg‘on shahrida kanalizatsiya xizmatlari tashkil qilinadi;
  • Xatirchi tumanida yangi kanalizatsiya tarmoqlari tortiladi.

Kompaniya Prezidentning PF-6074-sonli farmoniga tayanib suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun tariflarning o‘rnatilgan tartibda shakllantirilishi va belgilanishida iste’molchilar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar tannarxini to‘liq qoplash, ichimlik suvi sohasida modernizatsiya qilish xarajatlarini hisobga olish belgilanganini ta’kidlab o‘tgan.

Jamiyat taklif etilgan tarif hisobiga viloyatda yaqin yillar ichida quyidagi ishlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda:

  • 28 ta obyekt hamda ma’nan eskirgan 463,4 kilometr quvurlarni modernizatsiya qilish;
  • ko‘cha kolonkadan foydalanuvchi 21 mingta iste’molchining xonadonigacha suv tarmog‘i o‘tkazilib, suv o‘lchagich o‘rnatib berilishi;
  • olis hududlardagi ichimlik suvi bilan ta’minlanmay qolgan 25 mingga yaqin aholiga markazlashgan holda ichimlik suvini yetkazib berish;
  • xalqaro moliyaviy institutlar oldidagi qarz majburiyatlarini bajarish;
  • 40 mingdan ziyod iste’molchining suv ta’minotidagi uzilishlarini bartaraf etish;
  • tarmoqda suv yo‘qotishlarning oldini olish;
  • sohaga malakali mutaxassislarni jalb etish;
  • moddiy texnika bazani yangilash orqali aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish.

Nima uchun yangi tarif boshqa hududlarnikidan farq qiladi?

“Navoiy suv ta’minoti”ning qayd etishicha, ichimlik suvi tariflarni belgilashda hududlarning geografik joylashuvi, suv manbalaridan aholi punktlarigacha bo‘lgan masofalar, ichimlik suvi ishlab chiqarishga sarflangan xarajatlar e’tiborga olinadi. Shu sababli, ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatish tariflari har bir viloyat uchun alohida shaklda belgilanadi.

“Agar raqamlarga e’tibor qaratsak, ‘Navoiy suv ta’minoti’ mas’uliyati cheklangan jamiyati iste’molchilarga suv ta’minotining 70 foizdan ortig‘ini ‘Damho‘ja suv ta’minoti’ MChJning Samarqand viloyatidagi suv inshooti quvurlari orqali yetkazib bermoqda”, — deyiladi xabarda.

“Navoiy suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli tarmoqning asosiy qismlarida suvni yetkazib berish uchun ikki yoki undan ko‘p ko‘targichdan foydalaniladi. Bu holatda tabiiy ravishda elektr energiya sarfi kamida 2 baravarga oshishiga olib keladi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: kanalizatsiya, ichimlik suvi, i narxi, Navoiyda | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя