Главная » 2017 » Август » 23 » Nega erkaklar bee’tibor? yo hozirgi ayollar ortiqcha e’tibortalabmi?
11:34

Nega erkaklar bee’tibor? yo hozirgi ayollar ortiqcha e’tibortalabmi?


Ko‘pincha ayollar erlarining e’tiborsizligidan noliydilar. «Bu uyda men hech kimman, erimning bor-yo‘qligim bilan ishi ham yo‘q, bolalariga ham qaramaydi», degan nolishlarni eshitamiz. Nega ular bee’tibor? Yo hozirgi ayollar ortiqcha e’tibortalabmi? Bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerak?

Shu ham muammomi?

Zamonamiz ayollari juda injiq bo‘lib ketishgan. Bularga erlarining kun bo‘yi ishlab, pul topib kelishi (axir, kim uchun ishlayapti?), uyim-joyim deyishi, birovga ko‘z tikmay, faqat xotinim, bolam-chaqam, deb kuyib-yonishi kam. Yo‘q, endi ayollarimiz erlaridan e’tiborning o‘zini emas, uning izhorini, atributlarini kutadigan bo‘lib qolishgan. Sevadimi, aytsin. E’tiborlimi, sovg‘alar bersin, kunda o‘n martadan qo‘ng‘iroq qilsin, shundaymi? Qachondan beri muhabbat so‘zlar bilan, e’tibor sovg‘a bilan o‘lchanadigan bo‘lib qoldi? Oshirib yubormayapsizmi? Noshukurlik qilmayapsizmi? Balki eringizning kechqurun boshqa ayolning yoniga emas, sizning oldingizga kelayotgani, sochingizni kesishingizga yoki onangiznikida yotib qolishga ruxsat bermayotgani muhabbatdir? Dasturxoningiz to‘kis, ustingiz but bo‘lishi uchun kuyib-pishayotgani e’tibor emasmi? Muammo uni bor deb tan olsangiz, muammoga aylanadi. Boshqalarning hayoti bilan o‘zingiznikini solishtiraversangiz, tabiiyki, turmush o‘rtog‘ingiz mehr-muhabbatsiz, e’tiborsiz tuyulaveradi. Shukr qilib, yaxshi gapirib yuraversangiz-chi? Hammasi yaxshi bo‘ladi, ishoning.

E’tibor so‘ralmaydi, qozoniladi

Ha, aynan shunday. Agar chindan ham erim menga o‘ta e’tiborsiz, deb vaziyatni o‘zgartirishni istasangiz, taftishni o‘zingizdan boshlang. Siz juftingiz uchun ahamiyatli bo‘lsangizgina, u sizga e’tibor beradi. Buning uchun «ber, ber» deb turmush o‘rtog‘ingizdan e’tibor tilanib o‘tirmay, o‘z ustingizda ishlang. Eshitishlarini istayapsizmi, gapiring. Faqat qanday gapirishni biling. Qiziq suhbatdosh bo‘lish ham bir san’at. Buning uchun muntazam ma’naviy o‘sishda bo‘lishingiz kerak. Kitob o‘qing, qiziq film ko‘ring, kurslarga qatnang. Xullas, e’tibor kutishdan boshqa mashg‘ulotlar toping o‘zingizga. Siz qiziq bo‘ling, nega e’tibor bermas ekan? Shundog‘am mahliyo bo‘lib, dilbar, shirinsuxan, bilimdon xotinidan ko‘zini uzolmay qolsinki...

Dardingizni ichingizga yutmang

Ko‘pincha erkaklar o‘zlarining bee’tiborliklarini sezmaydilar ham. Men risoladagidek muomala qilayapman, deb yuraveradilar. Umuman, munosabatlar ustida bosh qotirishga ularda vaqt ham, xohish ham yo‘q. Bu ayollarga xos xususiyat. Demak, tashabbusni qo‘lingizga oling. Eringizdan nima istayotganingizni chiroyli qilib unga ayting. Bu alamingizni ichingizga yutib, zahar bosib, atrofdagilarning hayotini ham zaharlagandan ming marta yaxshi. Biror sanani yodda tutmaydimi? Bu uning e’tiborsizligi emas, shunchaki bir xususiyati. Yaxshi ham, yomon ham emas, shunchaki bir xususiyat. Ko‘p erakaklar shunaqa. Demak, o‘sha kutilgan kun haqida o‘zingiz gap boshlang. Masalan, tug‘ilgan kuningiz yaqinlashayotganda «rossa issiq (sovuq, seryog‘in...) kunda tug‘ilganman-da o‘ziyam» deb bir ishora qiling. Ba’zi ishorani ham tushunmaydigan erlarga ochiqdan-ochiq «Tug‘ilgan kunim yaqinlashyapti, dadasi, harakatingiz bormi?» deb so‘rasangiz ham bo‘ladi. Haqqingiz bor, uning uchun ko‘p narsalardan voz kechayotgan jufti halolisiz. Har holda, keyin tug‘ilgan kunimni eslamadi, deb nolib yurgandan shunisi tuzukroq.

Xullas, turmush o‘rtog‘ingiz bu hayotda faqat sizni o‘ylash uchun yashab yurgani yo‘q. E’tibori kerakmi? E’tiborga sazovor bo‘ling. Axir ayolsiz, qo‘lingizda qancha qurolu imkoniyatingiz bor. O‘zingizni yaxshi ko‘rsangiz, o‘zingizga to‘g‘ri baho bersangiz, eringizning e’tiboridan qat’i nazar, siz eng yaxshi ayol, eng go‘zal yor, eng ibratli uy bekasi ekaningizni bilsangiz kifoya. E’tibor o‘z-o‘zidan yog‘ilaveradi.

ShAHINA

 


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Nega erkaklar bee’tibor? yo hozirgi, ortiqcha e’tibortalabmi?, ayollar | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя