Главная » 2020 » Март » 28 » Nima sababdan Yaponiyada koronavirus tufayli favqulodda holat yoki karantin e’lon qilinmadi?
21:57

Nima sababdan Yaponiyada koronavirus tufayli favqulodda holat yoki karantin e’lon qilinmadi?


Yaponiyada 1-apreldan barcha o‘quvchilar odatiy tartibda o‘qishni davom ettiradi. Hozirgi kunda butun dunyoda gigiyena qoidalari kuchaytirilgan tartibda targ‘ib qilinmoqda. Davlat rahbarlari o‘z fuqarolariga qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvishga, yuzga qo‘l bilan tekkizmaslikka, qo‘l berib, quchoqlashib ko‘rishmaslikka, uylarni tez-tez tozalab turishga, to‘g‘ri ovqatlanishga chaqirmoqda.
 

Yaponiyada esa hammasi boshqacha, deb yozadi ushbu mamlakatda yashovchi biolog Vladimir Belousov. U koronavirusga qarshi kurashishda butun dunyo Yaponiyadan o‘rganishi kerak bo‘lgan jihatlarni sanab o‘tadi.

Gigiyena. Yaponiyaga borganlar e’tibor bergan bo‘lsa, yaponlardan hech qanday yoqimsiz hid chiqmaydi yoki yengil iforli atirning hidi keladi.

Buning sababi shundaki, yaponiyaliklar tozalikka o‘ta e’tiborli. Ular bir kunda uch marta (eng kamida 2 marta) dush qabul qiladi. Qo‘lini tez-tez yuvadi.

Yaponlar kiyimini tez-tez almashtiradi. Ichki kiyimni kun davomida bir necha marta almashtirish norma hisoblanadi.

Yaponiyada odamlar bir-biriga qo‘l tekkizmaydi. Qo‘l berib ko‘rishish, quchoqlashish yoki shunchaki teginish — faqatgina eng yaqin qarindoshlar o‘rtasidagina kuzatilishi mumkin. Yaponlar har doim ta’zim qilib so‘rashadi.

Yaponiyada odamlar o‘zaro masofa saqlaydi. Do‘konda, bankomat oldida yoki jamoat transportiga navbat bo‘ladimi, hech kim bir-biriga tiqilib olmaydi. Sharoit taqozo qilsa, ular o‘zaro bir metrdan uzoqroq masofa saqlaydi.

Sanitar ishlov berish. Yaponiyada nafaqat mavsumiy epidemiya paytida, balki yil davomida barcha jamoat joylari, jamoat transportining barcha turlarida dezinfeksiya qilish ishlari olib boriladi.

Ularning ayrimlari sutka davomida avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Masalan, jamoat joylaridagi eskalatorning qo‘l bilan ushlanadigan qismi sutka davomida maxsus apparat yordamida antiseptik gel bilan dezinfeksiya qilinadi.

Hojatxonalar. Butun mamlakat bo‘ylab hojatxonalar bepul, top-toza va juda yaxshi qurilib, jihozlangan. Hojatxonada qo‘lingizni sovunlab yuvib, o‘zingizni tartibga keltirishingiz mumkin. Aksariyat hojatxonalarda ichki kiyimni yoki paypoqni almashtirish yoki kiyim kiyish uchun ham sharoit yaratilgan.

Do‘konlar. Deyarli barcha oziq-ovqat do‘konlarida qo‘l yuvish uchun maxsus rakovina va sovun qo‘yilgan.

Do‘konlarda oziq-ovqat mahsulotlari qadoqlangan va germetik idishlarga solingan. Hatto kartoshka ham polietilen paketlarga solib qo‘yilgan. Qadoqlanmagan sabzavotlar juda kam uchraydigan holat.

Niqob. Agar yaponiyalik shamollasa, u boshqalarga kasallikni yuqtirmaslik uchun shu zahotiyoq niqob taqib oladi. Har doim shunday bo‘lgan, bu —ular uchun qoida.

Yaponiyaliklar o‘z vatanidan tashqariga chiqishni yoqtirmaydi. Tashqi dunyo ular uchun agressiv, g‘alati va xavfli bo‘lib ko‘rinadi.

Oziq-ovqat. Yaponiyada oziq-ovqat mahsulotlar sifatli, ularning yaroqlilik muddati juda qisqa. Mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga dunyodagi eng qat‘iy talab o‘rnatilgan. Sababi yaponiyaliklar aksariyat mahsulotlarni (tuxum, dengiz mahsulotlari, sabzavot, meva va boshqalar) pishirmasdan iste’mol qiladi.

Yaponiyadagi mahsulotlar shu qadar sarxil va tabiiyki, ularni xomligicha qo‘rqmasdan yeyish mumkin. Yaponlar xuddi shunday qiladi. Mamlakatda aksariyat mahsulotlarning qadog‘iga “xomligicha yeyish mumkin” deb yozib qo‘yilgan. Masalan, bu yerda tuxum va ayrim turdagi baliqlarni pishirmasdan yesa bo‘ladi.

Sport. Yaponlar o‘ta harakatchan. Ular juda ko‘p yuguradi, harakatli o‘yinlarni o‘ynaydi, sport bilan shug‘ullanadi. Aynan shu xususiyat ularga keksa yoshgacha bardamlikni, tetiklikni saqlab qolishga yordam beradi.

Me’yor. Yaponlar ovqatni me’yorida iste’mol qiladi. Keksalar orasida ham to‘ladan kelgan yaponiyalikni deyarli ko‘rmaysiz.

Umuman olganda, hozir butun dunyoda karantin vaqtinchalik favqulodda holat deb atalib, kuchli nazorat ostida bajarilishi talab qilinayotgan choralar Yaponiyada zamonaviy madaniyatli insonning kundalik tabiiy gigiyenasi hisoblanadi. Bu qoidalar yaponlarga tug‘ilganidan boshlab singdiriladi, shuning uchun yaponlar ularga butun hayoti davomida amal qiladi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя