Главная » 2017 » Август » 2 » Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida farmon imzolandi
11:09

Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida farmon imzolandi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi


Mamlakatimizda keksalar, pensionerlar, nogironlar va imkoniyati cheklangan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish tizimi yaratildi. Aholining ehtiyojmand qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Shu bilan birga mazkur sohada olib borilayotgan ishlarni qoniqarli deb bo‘lmaydi.

Tug‘ma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar kutilgan natijani bermayapti. Chaqaloqlarni perinatal skrining ko‘rigidan o‘tkazish tug‘ma nuqsonlarni o‘z vaqtida aniqlashni va nogironlikning keyinchalik oldini olishni ta’minlamayapti.

Yosh bolalarni yalpi kompleks skrining ko‘rigidan o‘tkazishni tashkil etish va olib borishdagi kamchiliklar reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun qulay fursatning boy berilishiga hamda bolalar nogironligi paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.

Nogironlik guruhini aniqlash hamda protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari bilan ta’minlashda tibbiy-maslahat komissiyalari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatidagi byurokratik tartib-taomillar bartaraf etilmagan.

Shuningdek, nogironlar uchun reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish talab etiladi.

Nogironlarni hisobga olishning kompleks tizimi mavjud emasligi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yetarlicha joriy etilmaganligi nogironlarning ijtimoiy ahvolini monitoring qilish va ularga o‘z vaqtida zarur tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish imkonini bermayapti.

Nogironlikni aniqlash uchun tibbiy-ijtimoiy ekspertiza o‘tkazishda qo‘llanilayotgan mezonlar 40 yil avvalgi uslubiyotga asoslangan, mazkur sohada chuqur ilmiy tadqiqotlarning mavjud emasligi bu muammoni yanada kuchaytirmoqda.

Nogironlarga ta’lim berish va ularni ishga joylashtirishning amaldagi tizimi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Nogironlarni mehnat faoliyatiga jalb etish o‘rtacha 2 foizni tashkil qiladi, bu esa mas’ul idoralarning ushbu sohadagi ishi qoniqarsizligidan dalolat beradi.

Bayon etilganlarni inobatga olib, nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam berish tizimini yanada takomillashtirish, nogironlarning hayot sifatini yaxshilash, ta’lim olish va ishga joylashishda ularga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.

2. Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha komissiya ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

3. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari sifatida belgilansin:

nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash sohasidagi qonunchilikni undagi bo‘shliqlar, kamchiliklar va korrupsiyaviy omillarni aniqlash nuqtai nazaridan inventarizatsiya va tahlil qilish;

nogironlarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish holatini, ularning ta’lim olish va ishga joylashish huquqlari amalga oshirilishini, shuningdek, nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash sohasidagi vakolatli organlar faoliyatini tanqidiy o‘rganish;

nogironlar huquqlarini ta’minlash sohasidagi umume’tirof etilgan normalar va standartlarni, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini o‘rganish;

tibbiy-malakaviy komissiyalar va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyatini shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, tartib-taomillarni o‘tkazishni soddalashtirish va ularning muddatlarini qisqartirish maqsadida qayta ko‘rib chiqish;

nogironlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish bo‘yicha, birinchi navbatda, nogironlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan ishlar ahvolini tahlil qilish;

nogironlar uchun protez-ortopediya va reabilitatsiya texnika vositalari ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik yangilash, shuningdek, xorijiy investisiyalarni jalb qilgan holda zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish va takliflar tayyorlash;

nogironlarning jamoat transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma ob’ektlaridan to‘sqinliksiz foydalanishini ta’minlash holatini tahlil qilish;

nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash, tug‘ma va nasliy kasalliklarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olish sohasidagi qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish, shuningdek, aholining keng qatlamlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni, shu jumladan, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish ishlarini tubdan kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish.

4. Komissiya:

bir hafta muddatda o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sifatli va muddatida bajarishni ta’minlash uchun ishchi guruhlari tashkil etsin, shuningdek, nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini o‘rganish, ushbu sohadagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish bo‘yicha tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

2017 yil 15 sentyabrga qadar muddatda nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflarni kiritsin.

5. Komissiyaga vazirlik va idoralarning mutaxassislarini, respublika ilmiy va ta’lim muassasalarining vakillarini, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning resurslari va ekspertlarini jalb qilish huquqi berilsin.

6. Mas’ul vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Komissiyaga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashsin.

7. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullaev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev

Toshkent shahri, 2017 yil 1 avgust


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: qilish, farmon imzolandi, Nogironlar, to‘g‘risida, ijtimoiy himoya | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя