Главная » 2017 » Июль » 29 » Notarial idoradagi sarsongarchilik qachon tugaydi?
10:23

Notarial idoradagi sarsongarchilik qachon tugaydi?


«Bank bilan o‘rtamizdagi kredit shartnomasini tasdiqlatish uchun o‘zim yashayotgan tumandagi notarial idoraga bordim. Afsuski, notarius ish vaqti tugaganini aytib, meni qabul qilmadi. Vaholanki, bu paytda soat endigina kunduzgi o‘n beshdan oshgandi. Xizmat xonasining eshigiga «Ish vaqti 09:00 dan 18:00 gacha. Dam olish kuni yakshanba va dushanba» deb yozib qo‘yilgan.

Shuni aytsam, ularga xizmat ko‘rsatuvchi Xalq banki shoxobchasi boshqa to‘lov qabul qilmasligini vaj qildi. Shunda men Xalq banki filialining o‘ziga to‘lovni amalga oshirib kelishimni aytdim. U notarius uchun to‘lanadigan mablag‘ni faqat o‘zlariga biriktirilgan joyga to‘lashim mumkinligini tushuntirdi. Uning qilayotgan ishi noto‘g‘ri ekanini, bu ishi uchun tegishli idoralarga shikoyat qilishim mumkinligini aytsam, qo‘lingizdan kelganini qiling, deb xonasini bo‘shatib qo‘yishimni talab qildi.

Ochig‘i, bu vaziyatdan qattiq ranjidim. Axir, shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan har bir davlat idorasi xodimi, avvalo, xalqqa xizmat qilishi talab etilayotgan ayni bir paytda bu kabi shaxslarning bunday qilishi adolatdanmi?»

Tahririyatimizga Toshkent viloyatining Parkent tumanidan kelgan xatda keltirilgan ushbu holat bizni mulohazaga chorladi. Bunday vaziyatni bugun deyarli barcha notarial idoralarida uchratish mumkin. Bu esa, fuqarolarning o‘rinli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Keling, yaxshisi notarial idoralar faoliyatidan norozi bo‘layotgan bir nechta fuqaroning o‘zidan so‘rasak.

Boqibeg‘amdan muttahamgacha

— Uy-joy, mashina oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganim bois tez-tez notarius xodimlariga ishim tushadi, — deydi Mirzaqobil MIRZAEV. — Afsuski, har doim ham ularning xizmatidan ko‘nglim to‘lavermaydi. Ayrim notarius xodimlarining boqibeg‘amligini ko‘rib jahlim chiqadi. Men bilgan notariuslar orasida (ba’zilaridan tashqari) ish vaqti to‘qqizdan boshlansa-da, bemalol soat o‘nda ishga keladigan, tushlik o‘n uchdan o‘n to‘rtgacha bo‘lishiga qaramay, ancha erta chiqib, kech qaytadigan, ayniqsa, muomalasidan zahar tomadiganlari juda ko‘p. Ayrimlariga esa ortiqcha haq to‘lamasangiz, ishingiz bitmaydi.

— O‘tgan oyda uy-joy hujjatlarimni tasdiqlatish uchun notarial idoraga bordim, — deydi yana bir fuqaro ­Komil DUShAEV. — Navbatim kelib, kirsam, ular ayolimni ham olib kelishimni aytishdi. Bir hafta avval farzandli bo‘lganimni, shu bois rafiqam kela olmasligini tushuntirdim. Shunda notarius xodimi ertaga erta tongda olib kelsam, darhol ishimni bitirishini aytdi. Ertasi kuni u aytganidek qilib, ayolimni notarial idoraga olib bordim. Soat o‘nga yaqin kelgan notarius xodimining oldiga kirib, kechagi holatni eslatib, ayolimni olib kelganimni aytdim. Shunda u «Bir kunda oldimga nechta odam kiradi. Ularning har biriga aytgan gapimni eslab qololmayman-ku! O‘z navbatingiz bilan kirasiz», — deb xonasidan chiqarib yubordi. Vaholangki, kecha u menga ishga ertaroq kelishini va birinchi navbatda meni qabul qilishini aytgandi.

Keyin surishtirib bilsam, hujjatni tasdiqlatish uchun ayolim shart ham emas ekan. Buni qanday izohlash mumkin?

* * *

Ko‘rib turganingizdek, mana shunday notariuslar faoliyatidan ko‘pchilik norozi. Shunga qaramay, ularning ustidan birovga shikoyat qilmaydi yoki qila olmaydi. Adolatsizlikka chidab, ko‘z yumib ketaveradi.

Muammoga yechim izlab

Joriy yilning iyul oyida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan «Notariat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» jamoatchilik fikri so‘rovi natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda yuqoridagi muammoli holatlarni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari Anvar ­USMONOV quyidagicha izohladi:

— Hozirgi kunda respublika bo‘yicha jami 541 ta notarial idora faoliyat yuritadi. Ularda 747 ta notarius fuqarolarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Statistik ma’lumotlar asosida aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda notarial harakatlarning soni juda yuqori. Notarius har bitta hujjatni sinchiklab tekshirib chiqishi zarur. Shu sababli so‘nggi paytlarda notarial idoralarida ish hajmi ortib, navbat cho‘zilib ketyapti. Oqibatda fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lyapti.

Shularni inobatga olgan holda, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida notarial idoralar faoliyatini avtomatlashtirish, barcha notarial bitimlar hisobini markazlashgan holda yuritish va idoralararo elek­tron hamkorlikni hisobga olgan holda, aholi va tadbirkorlarga notarial sohasida interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan. Misol uchun, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq notarial harakatlarni amalga oshirishda turli (gaz, elektr, suv kabi)idoralardan qarzdor emasligi haqida ma’lumotnoma so‘raladi. Shu vaziyatni osonlashtirish uchun vazirlik tomonidan elektron tizim ishlab chiqildi. Bundan keyin ko‘chmas mulk bilan bog‘liq notarial harakatlar tezlikda, ortiqcha ovoragarchiliksiz hal etiladi. Ya’ni, qarzdorlik yo‘qligi haqidagi ma’lumotnoma idoralarning hamkorligida yaratilgan baza orqali aniqlanib, fuqaro idorama-idora qog‘oz to‘plab yurishiga hojat qolmaydi.

Bundan tashqari, dasturda notarial faoliyati institutini tubdan takomillashtirish ham o‘rin olgan.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish natijasida yangi qaror tayyorlanyapti. Unga ko‘ra, davlat notarial idoralari bilan bir vaqtda nodavlat notarial idoralar faoliyatini ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

O‘z navbatida, notarial idoralari xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzarliklar haqida ham aytish joiz. Shu vaqtgacha olib borilgan tekshiruv va surishtiruv natijalariga ko‘ra, respublika bo‘yicha oltmish yettita notarial idora xodimiga turli darajadagi intizomiy choralar ko‘rildi. Besh nafar notarius vazirlikning buyrug‘i bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri lavozimidan ozod etildi. Yigirma yetti nafar notarius jinoiy javobgarlikka tortildi.

Bu kabi holatlarni bartaraf etish uchun biz har doim kurashamiz va o‘z vazifasini to‘laqonli bajarmayotgan notarius xodimlariga nisbatan chora ko‘ramiz.

G‘ulomjon MIRAHMEDOV,

«Oila davrasida» muxbiri


Manba: "mulohaza.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: qachon tugaydi, Notarial idora, sarsongarchilik | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя