Главная » 2016 » Декабрь » 13 » O‘g‘lim uylanishni istamaydi...
17:08

O‘g‘lim uylanishni istamaydi...


— O‘g‘lim 28 yosh. 5 yil avval o‘zi ko‘ngil qo‘ygan qizga uylantirib qo‘ydim. Ammo kelinim bilan kelisholmay ajrashib ketishdi. U yolg‘iz qiz bo‘lgani uchun juda erka, tantiq o‘sgan. Ko‘ngliga kelgan narsani muhayyo qilmasang, darrov arazlab olardi. Tongda hech kimga bir so‘z demay otasinikiga chiqib ketib, shomda kirib kelardi. O‘g‘lim bir gapirdi, ikki gapirdi. Hatto o‘z onasi ham tantiq qizini yo‘lga sololmagach, o‘rtada farzand borligiga ham qarab o‘tirmay aloqalarni uzdi. Mana, ajrashishganiga ham ikki yil bo‘ldi, lekin bolam qayta oila qurishni istamayapti. «Xohlasang, xotining bilan yarash, bo‘lmasa boshqa qiznikiga sovchilikka boray», desam ham, hech unamayapti. O‘zimga qolsa, kelinim bilan yashagani yaxshi edi. Axir ming qilsa ham, ko‘z ochib ko‘rgani-da. Bu quloqsiz bolamga uylanishi lozimligini uqtirolmayapman. Umr esa o‘tib borayapti. Maslahat bering, nima qilay?

Iroda, 54 yosh, Buxoro viloyati

Qaynonajon: — Singiljonim, endi biroz o‘g‘ilni o‘z holiga qo‘ying. U zada bo‘lganga o‘xshaydi. Bolasiga ichi achiydi, biroq orqaga yo‘l yo‘qligidan eziladi. Ko‘ngliga boshqa birov sig‘armidi... Vaqt — hakam! Har dardning davosi ham vaqt. Tergamang, «Qachon uylanasan?» deb gapiravermang. Unga ham oson tutmang. «Istasang, xotining bilan yarashtirib qo‘yaman...» deganingiz yaxshi gap. Zora o‘tgan ikki yillik ayriliq ularni hushyor torttirgan bo‘lsa. Har holda o‘rtada farzand bor. Unga o‘z onasi, o‘z otasi kerak. Imkon qadar oilasini tiklashga harakat qilish lozim. Balki tog‘a-amakilar yoki yaqin do‘st-jo‘ralarini ishga solarsiz. Faqat majburlab emas!

Shahnoza XALILOVA, ruhshunos: — Menimcha, ona sifatidagi xavotirlaringiz o‘rinli. To‘g‘ri, inson boshdan kechirgan omadsiz tajribasidan keyin o‘ziga kelib olishi uchun biroz vaqt talab etiladi. Biroq yigit kishi uchun ikki yil keragidan ortiq muxlat, chamamda. Mas’uliyat yuklamaydigan, yengil hayot tarziga ko‘nikib qolsa, odatiy turmushga qaytishi biroz murakkab kechishi mumkin. Demak, o‘g‘lingizning istagi vaqtinchalikmi yoki doimiy ekanligiga oydinlik kiritib olish darkor. Muammoni otasi yoki erkak qarindoshlardan biri bilan muhokama qilishiga imkon yarating. Ba’zi hollarda yigitlar «Baribir, hech kim onamning ko‘nglini topa olmaydi, yana tushunmovchiliklar avj oladi» degan fikr bilan ham oila qurishni ortga surishadi. Unga oilasini tiklashni yoki boshqa qizlar bilan uchrashishni taklif qilishdan charchamang. Bu vaziyatda vaqtning o‘tishi faqat ziyonga ishlaydi.

Saodat OChILOVA yozib oldi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: uylanishni istamaydi, O‘g‘lim | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя