Главная » 2017 » Апрель » 15 » O‘zbekiston aholisi raqamli televidenie bilan to‘liq ta’minlanadi
21:12

O‘zbekiston aholisi raqamli televidenie bilan to‘liq ta’minlanadi


Toshkentda "ABU – 2017 Tashkent forum" forumi doirasida jurnalistlar uchun media konferensiya o‘tkazildi. Osiyo-Tinch okeani efirga uzatish uyushmasi (ABU) va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada xorijiy va mahalliy jurnalistlar, mutaxassis va ekspertlar ishtirok etdi, deyiladi O‘zA xabarida.

Konferensiyada teledasturlar va radioeshittirishlarni efirga uzatishda qo‘llanilayotgan yangi texnologik imkoniyatlar xususida so‘z bordi.

O‘tgan yarim asrdan ko‘proq vaqt mobaynida televidenie sifat jihatdan jiddiy yuksalishga erishdi. Tasvir va tovush tiniqlashtirilgan zamonaviy televizorlar paydo bo‘ldi hamda telesignallarni uzatish usullari takomillashtirildi.

O‘zbekiston MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib raqamli televideniega o‘tgan va mamlakatda raqamli televidenieni joriy etish 2007 yildan boshlangan. Toshkent va Buxoroda raqamli televidenie tajriba zonasining tashkil etilishi yangi turdagi ko‘rsatuvlarga bosqichma-bosqich o‘tishni boshlab berdi. 2011 yilda yangi formatdagi translyatsiyaga bosqichma-bosqich o‘tishga doir aniq maqsadli ishlar amalga oshirildi. Natijada MDH mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib yuksak darajada tiniq ko‘rsatadigan televidenie – HDTV ishga tushirildi. Dunyoda televidenieni rivojlantirishning yangi yo‘nalishi hisoblangan HDTV tasvir va tovushi tiniq teledastur va filmlarni tomosha qilish imkonini beradi.

Birinchi Prezident Islom Karimovning 2012 yil 17 apreldagi O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniega texnik va texnologik o‘tishga doir Davlat dasturiga muvofiq, raqamli televidenieni joriy etish sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, raqamli televideniega ikki bosqichda, ya’ni 2012-2015 va 2016-2017 yillarda o‘tish ko‘zda tutilgan edi.

Joriy yilda Prezident Shavkat Mirziyoev farmoni asosida qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga binoan mamlakat hududlarida 66 yuqori quvvatli va 328 kam quvvatli raqamli televidenie uzatkichi o‘rnatiladi va ishga tushiriladi. Natijada O‘zbekiston aholisini, shu jumladan, tog‘li va olis hududlardagi aholini raqamli televidenie bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi.

Konferensiyada yuqori texnologiyali uskunalar va maxsus teleradiotexnikadan samarali foydalanish, ularni qo‘llagan holda mediatexnologiyalar asosida keng turdagi sifatli teleradiomahsulotlarni yaratish, onlayn-kontent va xavfsizlik, media sohasidagi yangilanishlar, shuningdek, televizion muhandis-texnik hamda ijodiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tubdan yaxshilash masalalari muhokama etildi.

Bobur Jalolov


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: raqamli televidenie, bilan, O‘zbekiston aholisi, to‘liq ta’minlanadi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя