Главная » 2020 » Апрель » 29 » O‘zbekiston koronavirusdan zararlanish bo‘yicha avj nuqtadan o‘tib bo‘ldimi?
18:27

O‘zbekiston koronavirusdan zararlanish bo‘yicha avj nuqtadan o‘tib bo‘ldimi?


Bir oydan ziyod davom etayotgan karantin davrida O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi yuqtirib olib davolanayotgan bemorlar soni 20 aprel kuni bir vaqtda 1361 kishini tashkil etib, o‘zining eng avj nuqtasiga yetgandi.

29 aprelga kelib bir vaqtda davolanayotgan bemorlar soni 895 nafargacha tushdi. Bu esa virusdan zararlanish bilan bog‘liq jami 1969 holatning yarmisidan ham kam. Vafot etganlar soni tuzalgan 1066 kishining 1 foizidan ham kamroq — 8 kishi.

2020 yilda butun jahonni chulg‘ab olgan koronavirus pandemiyasi 34 million aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistonda boshqa davlatlarga nisbatan ancha yumshoq ssenariyda kechmoqda. Buning sabablaridan biri mamlakat ilk holat (!) aniqlanganining ertasigayoq (!) yopilgani, bu esa o‘sha vaqtda hukumatning reaksiya ko‘rsatish tezligi bo‘yicha jahon rekordi bo‘lsa ajab emas.

Qat'iy karantin choralari sharofati bilan mamlakatda kasallikning qayd etilgan holatlari (1969 kishi) ham, kunlik yangi holatlar (so‘nggi ikki kunda 35 kishidan, bugun hozircha 30 kishi) ham nisbatan past darajada saqlanib turibdi. Koronavirusdan vafot etganlar soni karantinning birinchi oyida 8 kishini tashkil qildi, bu holatda mamlakatda gripp va boshqa O‘RK asoratlari oqibatida oyiga o‘rtacha yo‘qotishlar 200 kishini tashkil etadi.

Asosiysi, sog‘ayganlar soni ko‘paymoqda — ko‘rsatkich kuniga 100 kishi atrofida bo‘lmoqda, ularning umumiy soni 1000 nafardan oshdi, ya'ni sog‘ayganlar jami yuqtirgan bemorlar sonining yarmidan oshib ketdi, vafot etganlar esa sog‘ayganlar ulushining bir foizidan kamroq.

Shu va shunga o‘xshash bir qator ma'lumotlar, grafiklar rasmiy manbalarning xabarlarida, ularga tayanib ma'lumot tayyorlayotgan matbuot hamda tahlilchilar sharhlarida keltirilmoqda. Lekin insonlarning aksariyatiga, shuningdek mas'uliyatli qarorlar qabul qilayotganlarga ham bu raqamlar to‘plami va grafiklar tor doirali mutaxassislardek sinchiklab o‘rganish uchun emas, kuzatilayotgan vaziyatning mohiyati va mamlakat ayni damda jarayonning qanday bosqichida ekanligini anglashlari uchun kerak.

Shu jihatdan jahondagi va alohida mamlakatlar bo‘yicha xabarlarda birinchi navbatda kasallik yuqtirish hollari va vafot etganlar soni keltirilishi meni biroz gangitib qo‘yayotgan edi. Bu ma'lumotlar va ularga ilova qilinayotgan grafiklar har qanday epidemiya sharoitida o‘sishni ko‘rsatadi, grafiklarning «dumlari» uzoq oylarga cho‘zilishi mumkin, bu esa barchani dilgir qiladi.

Optimistlik baxsh etadigan uchinchi bir raqamlar to‘plami — sog‘ayayotganlar bo‘yicha ma'lumot qolayotgan edi, qaysiki uning o‘sib borayotgan grafigi barchani quvontirardi. Lekin shugina yoqimli ma'lumotlar ham epidemiya qanday bosqichdaligi va endi nima qilish kerakligi haqidagi asosiy savollarga aniq javob bera olmasdi.

Ma'lumotlar tahlili bilan shug‘ullanib yurgan insonlar hozir epidemiya bo‘yicha ularning savollarga javob bo‘la oladigan o‘sha ma'lumotlar va kombinatsiyasidan grafik qurishga harakat qilishmoqda. Epidemiologiyada ko‘pincha kunlik yangi kasallanish holatlari grafigiga tayaniladi. Bu ko‘rsatkichlar boshida o‘sib boradi, eng o‘tkir fazasida avj nuqtasiga yetadi, so‘ngra kamaya boshlaydi va epidemiya ham so‘na boshlaydi. Bunday grafiklar epidemik egri chiziqlar deb ataladi.

O‘zbekiston uchun bunday epidemik egri chiziq ba'zan e'lon qilinmoqda. 3-rasmda karantindagi so‘nggi bir oy uchun egri chiziq keltirilgan. Xuddi shunday grafiklar bir kunda tuzalganlar soni uchun ham keltiriladi va O‘zbekiston uchun grafik 4-rasmda tasvirlangan.

Lekin men shunday xulosaga keldimki, mamlakatda epidemiya holatini aniqlash uchun asosiy raqam — kasallikka chalinganlarning har kungi sonidir. U e'lon qilinayotgan uchta raqamning kombinatsiyasi bo‘lib, kasallik yuqtirganlarning jami sonidan sog‘ayganlar va vafot etganlar soni ayrilishi bilan aniqlanadi.

Nega muammoning mohiyatini aynan ayni damdagi kasallar soni ochib beradi? Gap shundaki, agar u o‘sayotgan bo‘lsa epidemiya kundan kunga yangidan yangi insonlarni qamrab olayotgani, ya'ni kengayayotganini bildiradi; lekin u kamaya boshlasa epidemiya pasayayotganidan nishona bo‘ladi. Bu yerdan xulosa qilish mumkinki, har qanday davlatda burilish yuz beradigan kuni keladi. Bu kunda ayni damning o‘zida kasal bo‘lib turganlar soni eng katta ko‘rsatkichni qayd etadi va keyinchalik pasaya boshlaydi. Ana shu kasallanganlar sonining avj nuqtasi bo‘lib, epidemiyani ikki bosqichga — o‘sish va pasayish bosqichiga bo‘ladi.

O‘zbekiston uchun tegishli grafiklar 1- va 2-suratlarda keltirilgan. Bu grafiklardan ko‘rinadiki, bir vaqtning o‘zida bemor bo‘lib turganlarning avj nuqtadagi soni 1361 kishini tashkil etgan va bu voqea bir hafta muqaddam 20 aprel kuni qayd etilgan. Shundan so‘ng kasallanganlar soni barqaror pasaya boshlagan va 29 aprelga kelib 895 kishi ko‘rsatkichigacha tushdi.

Agar so‘nggi bir haftada kuzatilayotgan tendensiya saqlanadigan bo‘lsa, 2-rasmdagi egri chiziq ekstrapolyatsiyasi 15 mayga borib nolga tushishini bildiradi. Bu eng ijobiy shartlar bilan qilingan prognoz.

Noqulay shart-sharoitlar rasmiy statistika qayd etilgan kasallarnigina hisobga olayotgani ortidan kelib chiqishi mumkin, boshqa mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, turli sabablarga ko‘ra testdan o‘tkazilmagan virus tashuvchilari hisobiga yana kasallanish holatlari soni oshib ketishi mumkin. O‘zbekistonda kasallar va potensial gumondagilar kontaktga kirishgan barcha insonlarni aniqlash va izolyatsiyalash uchun katta sa'y-harakatlar olib borilib, bu omilning ta'siri minimumga tushirilgan. Hozircha bu usul yomon ishlamayapti, umid qilish mumkinki, keyinchalik ham shunday bo‘ladi.

So‘zim nihoyasida statistikaning informativligini oshirish bo‘yicha yana bir istagimni bildirib o‘tmoqchiman. Men uchun epidemiyaning pasayishi haqida fikr yuritishda asosiy masala karantin zonasidan tashqarida yangi holatlar sonining kamayishi ekanligi tushunarli. Karantin zonasidagi shaxslarda yangi holatlar aniqlanishi epidemiya tarqalishining umumiy manzarasida ko‘p narsani o‘zgartira olmaydi, chunki bu shaxslar shundoq ham aholidan izolyatsiya  qilingan va epidemiyaning yanada o‘sishiga ta'sir o‘tkaza olishmaydi.

Shuning uchun axborot tarqatish uchun mas'ul bo‘lganlardan iltimos, yangi qayd etilgan holatlardan nechtasi karantin zonasidan tashqarida ro‘y berganini aniqlab, e'lon qilib borishsa. Bu shunisi bilan muhimki, bunday raqamlar bir-ikki hafta mobaynida nolga teng bo‘lsa, karantin zonalarida nazoratni yanada kuchaytirib, mamlakatda joriy etilgan aholi uchun o‘zini-o‘zi izolyatsiya qilish rejimini bekor qilaverish mumkin.

Umuman olganda esa, e'lon qilinayotgan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston epidemiyaning o‘tkir fazasidan chiqib, may oyi o‘rtalariga borib, ya'ni ikki oylik karantin davridan so‘ng aholi uchun cheklov choralarini bekor qilishni boshlasa kerak. Bu ham bunday miqyosdagi davlatlar ichida o‘ziga xos rekord bo‘lar edi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: O‘zbekiston koronavirusdan, avj nuqtadan, zararlanish | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя