Главная » 2017 » Июль » 19 » O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
10:50

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni


Prezident Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida farmon imzoladi.
 

Zamonaviy talablarga javob beradigan soliq tizimi – iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, investisiya muhitini yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida soliq solish bazasini kengaytirish orqali soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish va soliq yukini kamaytirish masalalari alohida o‘rin tutadi.

O‘tgan davr mobaynida tadbirkorlik sub’ektlarida tekshirishlarni qisqartirish va ularning faoliyatiga asossiz aralashishlarga barham berish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rejadan tashqari va muqobil tekshirish tartiblari bekor qilindi, hisobotlarning shakli va taqdim etish muddatlari soddalashtirildi.

Shu bilan birga, soliq ma’muriyatchiligini amalga oshirishda bir qator muammolar mavjudligi sababli Farmon bilan davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh qilishning quyidagi muhim yo‘nalishlari belgilandi:

soliq ma’muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg‘or avtomatlashtirilgan tahlil uslublarini keng joriy etish, soliq to‘lovchilarga, eng avvalo, tadbirkorlik sub’ektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatishga to‘liq o‘tish;

soliq solish ob’ektlari va soliq solinadigan bazaning o‘z vaqtida hamda ishonchli hisobga olinishini ta’minlash, vakolatli organlar va tashkilotlar mansabdor shaxslarining soliq solish masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan ishonchli axborotini o‘z muddatida taqdim etish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish;

soliq majburiyatlarini bajarishda soliq to‘lovchilarga har tomonlama ko‘maklashish, soliqqa oid huquqbuzarliklar profilaktikasining ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, soliq nazoratini amalga oshirishning zamonaviy uslublarini joriy etish;

makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi va hududlarning soliq salohiyatini tizimli tahlil qilish orqali soliq solish ob’ektlarini to‘liq qamrab olish va soliq solinadigan bazani kengaytirishni ta’minlash bo‘yicha samarali tadbirlarni amalga oshirish;

faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarning faoliyatini tiklashga har tomonlama ko‘maklashish, past rentabelli va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini sog‘lomlashtirish, o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini mustahkamlash, soliq qarzi oshishiga yo‘l qo‘ymaslik orqali soliq solinadigan bazani kengaytirish;

soliq solish masalalari, shu jumladan respublika va mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishning qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash orqali moliya organlari, manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish;

kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, soliq organlarini yuqori ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega malakali xodimlar bilan to‘ldirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish, shuningdek xodimlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash va ular uchun xizmatni o‘tashning munosib shart-sharoitlarini yaratish.

Farmon bilan soliq organlari va halol soliq to‘lovchilar o‘rtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi joriy etilmoqda.

Ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda, yirik xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga o‘z vaqtida va samarali xizmat ko‘rsatish maqsadida ular bo‘yicha soliq ma’muriyatchiligi funksiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalariga yuklatilmoqda.

Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to‘qnash kelgan halol soliq to‘lovchilar – xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga soliq ta’tillari berish tarzidagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi shakli nazarda tutilmoqda. Shuningdek soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish muddati ikki baravarga qisqartirilmoqda.
Farmon bilan 37 ta banddan iborat Davlat soliq xizmati organlari faoliyati va soliq ma’muriyatchiligining samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish maqsadida Soliq qonunchiligi va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha Ishchi komissiya tashkil etildi.

Farmonga muvofiq, 2018 yilning 1 yanvariga qadar tadbirkorlik sub’ektlarini elektron raqamli imzo bilan, shuningdek soliq to‘lovchilarga soliq organlarining barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini to‘liq ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Farmon qoidalarining amalga oshirilishi soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi, uning shaffofligini ta’minlaydi, bu esa, shubhasiz, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishida o‘z aksini topadi.

Farmonning to‘liq matni O‘zAda e’lon qilindi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: O‘zbekiston Respublikasi, Prezidentining Farmoni | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя