Главная » 2018 » Апрель » 9 » O‘zbekistonda dabdabali to‘ylar davom etmoqda! Navbatdigisi Rashid Xoliqovning o‘g‘liniki bo‘ldi
20:44

O‘zbekistonda dabdabali to‘ylar davom etmoqda! Navbatdigisi Rashid Xoliqovning o‘g‘liniki bo‘ldi


O‘zbekistonda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar va ma’raka marosimlarini ortiqcha dabdaba va shuhratparastlikdan holi o‘tkazish hukumat darajasiga ko‘tarilganiga ancha bo‘ldi. Davlat rahbari 2017 yilning 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida ilk bor ushbu masalaga katta minbardan turib e’tibor qaratgani, eng og‘riqli nuqtalarga to‘xtalib, g‘arbdan kirib kelgan "ommaviy madaniyat" niqobi ostidagi odatlarni tanqid qilganidan so‘ng to‘ylarni dabdabadan holi o‘tkazish O‘zbekistonda kun tartibiga chiqdi. O‘shanda Prezident Shavkat Mirziyoev Bosh vazir Abdulla Aripovga bir oy muddatda to‘ylarni tartibga solish bo‘yicha Prezident qarori loyihasini taqdim etishni topshirgan edi.

Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoev Olmaliq shahriga amalga oshirgan tashrifi davomida bundan buyon to‘ylar qanday tartibda o‘tishi bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berib, "Olmaliq shahar tajribasi"ni amalga tatbiq etish haqida gapirdi.

To‘ylarni tartibga solish so‘nggi bir oy ichida yana O‘zbekistonda kun tartibida turgan masala bo‘layotgani ko‘pchilikka sir emas. Davlat rahbari joriy yilning mart oyi boshida Navoiy viloyatiga tashrifi davomida minbardan turib, to‘ylardagi dabdabaga chek qo‘yish fursati kelganini aytib, buni amaldorlardan boshlashini aytdi. Oliy Majlis Senati qaror chiqarishi, to‘ylardagi mehmonlar soni 150 kishidan oshmasligi, ortiqcha sarf-xarajat bo‘lgan marosimlar o‘tkazilmasligini qo‘shimcha qildi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 15 mart kuni “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qarori Normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Senatning kuni kecha bo‘lib o‘tgan o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida ushbu hujjatning qabul qilinishi bir necha oyga qoldirildi.

Qaror hali qabul qilinmagan bo‘lsa-da, Prezidentning aytganlaridan ruhlanib, dabdaba va shuhratparastlikdan holi, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz to‘y o‘tkazayotganlar ko‘plab uchramoqda. Ular orasida nafaqat o‘rtahollar, balki badavlat odamlar ham bor. Xalq Prezidentning bu boradagi taklifi, jonkuyarligini Senatning qarori rasman kuchga kirgunga qadar qo‘llab-quvvatlashni boshlagan.

Biroq hamon dabdabaning ortidan quvayotganlar yo‘q emas. Ularni ayblash fikridan yiroqmiz. Yillar davomida to‘plagan davlatini o‘zi istaganidek sarflagisi keladi. Orzu-havaslari to‘y kuni ushalashini xohlaydi. Axir yillar davomida bu kunni orziqib kutadi. Shundaylardan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rashid Xoliqov bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Kecha, 7 aprel kuni Rashid Xoliqov o‘g‘li Islomni uylantirayotgani haqida xabar bergan edik. To‘y Toshkentdagi eng qimmatbaho restoranlardan biri "Yakkasaroy"da bo‘lib o‘tdi.

To‘yda qatnashganlarning ma’lum qilishicha, "Yakkasaroy" restorani shu kuni avvalgidan ancha farqlangan. To‘y uchun maxsus dekoratsiya yasalgan. Osma qandillar, turli chiroqlar, gullar... Aytishlaricha, boshqa to‘ylardagidan farqli alohida stullar ijaraga keltirilgan. Bu stullarning 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan hukumat tarafidan "O‘zekspomarkaz" ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazilgan tantanali marosimdagi stullarga juda o‘xshashligi, dekoratsiyadagi ba’zi detallarda ham takrorlanish borligi aytilmoqda. Taxmin qilishlaricha, buning uchun bir necha ming AQSh dollari sarflangan.

To‘y uchun yaratilgan Love Story’da esa Rashid Xoliqov, uning turmush o‘rtog‘i Saida, o‘g‘li Islom va kelini Fayruza ishtirok etgan. Love Story’da ular "Mahallada duv-duv gap" filmi qahramonlari obrazida gavdalanishgani ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va suratlardan ma’lum.

Bunga o‘xshash to‘ylar, hatto, bundanda dabdabali to‘ylar O‘zbekistonda birinchi bor o‘tkazilayotgani yo‘q. O‘tgan yil oxirlarida "O‘zekspomarkaz" pavilonida shunday dabdabali ikkita to‘y o‘tkazilib, unda xorijlik san’atkorlar ham ishtirok etgandi. Bulardan biri rossiyalik milliarder Alisher Usmonov oilasiga tegishli bo‘lgan.

Aslida boshqa san’atkorlarning xonadonidagi to‘ylar ham Rashid Xoliqovnikidan kam o‘tmagan. Hatto, ortiqlari ham bor.

Bu o‘rinda Rashid Xoliqovni ayblash fikridan yiroqmiz, zotan ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarni ham ijobiy deb bo‘lmaydi. Gap shundaki, va’da qilingan qaror tez orada qabul qilinmas ekan, navbatdagi to‘y mavsumini ham dabdaba bilan qarshilaymiz.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Rashid Xoliqov, Shahzod, Dabdabali to‘ylar, to'y | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя