Главная » 2018 » Апрель » 12 » O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga ham taksi xizmatlari ko‘rsatish huquqi beriladi
09:26

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga ham taksi xizmatlari ko‘rsatish huquqi beriladi


“Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali orqali ma’lum qilindi.

Farmon litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ulardan o‘tishning soddalashtirilgan mexanizmlarini belgilashga qaratilgan. Unda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini rasmiylashtirish yondashuvlari va tamoyillari tubdan qayta ko‘rib chiqilgan.

Farmonda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi davlat siyosatining asosiy vazifalari belgilandi. Ta’kidlash joiz, mazkur asosiy vazifalar orasida jamoatchilik nazorati, o‘zini-o‘zi boshqarish, fuqarolik-huquqiy javobgarlikni sug‘urtalash va boshqalar kabi tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil uslublaridan keng foydalanish ko‘rsatilgan.

Davlat siyosatining belgilanayotgan muhim ustuvorliklari va asosiy vazifalaridan kelib chiqib, huquqni qo‘llash amaliyotini, milliy qonunchilik

va xorijiy mamlakatlarning qonunchiligini tahlil qilish asosida, mazkur hujjat bilan 42 turdagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini bekor qilish nazarda tutilmoqda. Ularning orasida – neft mahsulotlarini avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari va moy almashtirish punktlari orqali sotishni litsenziyalash, bojxona brokeri sifatida faoliyatni amalga oshirishga ruxsat berish, tashqi reklamani joylashtirishga ruxsatnoma va boshqalarni sanab o‘tish mumkin.

Tadbirkorlik faoliyatining ayrim sohalarida bir nech turdagi litsenziyalarni va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni olish talab etiladiki, bu tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha sarsongarchilik va moliyaviy xarajatlarni orttiradi. Litsenziyalar va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni olish mexanizmini soddalashtirish maqsadida shuningdek 38 turdagi litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini 17 turga birlashtirish nazarda tutilmoqda.

Byurokratik g‘ovlarni olib tashlash, tadbikorlik subyektlarining murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik faoliyati sohasidagi 25 turdagi litsenziyalar va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari ichki rasmiylashtirish tartib-taomillarini maqbullashtirish evaziga qisqartirilmoqda, shuningdek 9 ta turdagi faoliyatni litsenziyalash tartibi litsenziyalash bo‘yicha funksiyalarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan tegishli davlat organlariga topshirish yo‘li bilan soddalashtirilmoqda. Shu bilan birga, 5 turdagi litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish funksiyalar respublika davlat boshqaruv organlaridan ularning hududiy boshqarmalariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, Farmonda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi 19 turdagi litsenziyalarni va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar nazarda tutilgan. Masalan 2018 yil 1 iyundan:

- telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, foydalanish va xizmat ko‘rsatish, qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish, baholash, veterinariya va turizm faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olishda taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqartirilmoqda;

- rieltorlik tashkilotlari uchun ustav kapitalining majburiy miqdoriga nisbatan qo‘yiladigan litsenzion talablar bekor qilinmoqda, oldindan to‘lov olmagan holda rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati berilmoqda;

- yengil avtomobilga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor shaklida yo‘nalishli taksi sifatida yo‘lovchilarni tijorat asosida tashish huquqi berilmoqda;

- ko‘chma savdoni amalga oshirishga ruxsatnoma yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham, ruxsatnoma amal qilish muddatini o‘n ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddatga berish huquqi berilmoqda, bitta ruxsatnoma bilan bir nechta joyda ko‘chma savdoni amalga oshirishga ruxsat berilmoqda.

Muhim yangiliklardan biri bu tibbiyot va farmatsevtika faoliyati, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish, shuningdek, ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari va teleradioeshittirishlarni tarqatish tarmoqlaridan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish huquqini beradigan litsenziyalardan tashqari, faoliyatning ayrim turlari bilan shug‘ullanish huquqini beradigan barcha litsenziyalar ularning amal qilish muddati cheklanmagan holda berilishidir.

Shu bilan birga Farmonda litsenziyalovchi organ litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati davomida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa, litsenziya da’vogariga ko‘rsatilgan muddat o‘tganidan so‘ng arizada ko‘rsatilgan faoliyat turini amalga oshirish huquqi berilishi belgilangan.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: taksi, O‘zbekiston, Jismoniy shaxs | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя