Главная » 2020 » Апрель » 16 » O‘zbekistonda karantin vaqtida qancha odam ishsiz qolgani ma’lum bo‘ldi
23:14

O‘zbekistonda karantin vaqtida qancha odam ishsiz qolgani ma’lum bo‘ldi


Bir yarim milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarolari koronavirus pandemiyasi tufayli ishsiz qolgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov “Cotton Campaign“ xalqaro koalisiyasiga yuborgan maktubida ma’lum qildi. Bu haqda "Qalampir.uz" yozmoqda

Avval xabar berilganidek, Nozim Husanov “Cotton Campaign“ xalqaro koalisiyasiga o‘zbek paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlariga qo‘yilgan boykotni olib tashlashni so‘rab xat yo‘llagan. U o‘z maktubida mamlakatdagi ishsizlik darajasi haqida ham to‘xtalib o‘tgan.

“Shu kunlarda koronavirus pandemiyasi sabab O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash va iqtisodiyot sohalari misli ko‘rilmagan xavfga duch keldi. Xalqaro mehnat tashkilotining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 25 million kishi o‘z ishini yo‘qotishi mumkin va ishchilarning daromadlari kamida 3,4 trillion dollarga kamayadi. AQSh va O‘zbekiston ham bundan holi emas.

Bugungi kunda O‘zbekiston mehnat bozori misli ko‘rilmagan bosimga duch kelmoqda: respublikaning 1,5 mlndan ortiq fuqarosi ishsiz. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keskin (choralar) izolyasiya tufayli 150 ming fuqaro majburan ishsiz qoldi, chet eldan qaytgan 140 mingdan ortiq fuqarolar doimiy daromadlaridan mahrum bo‘lishdi, 200 mingdan ortiq oila qashshoqlik yoqasida.“, deyiladi xatda.

Shu munosabat bilan, vazir koalisiyadan o‘zbek paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlariga boykotni olib tashlashni so‘ragan. Uning ta’kidlashicha, ushbu taqiqni olib tashlash jahondagi tibbiy niqob va boshqa shaxsiy himoya vositalari tanqisligiga barham berishga sabab bo‘ladi.

“AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksportni qayta tiklash COVID-19 ga qarshi global kurashda muhim rol o‘ynashi mumkin. O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari qisqa vaqt ichida vaziyatga moslashgan holda shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqarishni o‘n barobarga oshirdi. Ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar boykotga duch kelmaganida, o‘zbek to‘qimachiligida tayyorlangan niqoblar, jarrohlik liboslari va boshqa turdagi shaxsiy himoya vositalari yuzaga kelayotgan global vaziyatni bartaraf etishda madad bo‘lishi mumkin edi“, deyiladi vazir maktubida.

“Cotton Campaign“ – xalqaro tashkilot bo‘lib, uning maqsadi paxta yetishtirishda majburiy va bolalar mehnatini yo‘q qilishdir. Uning faoliyati tufayli Yevropa va AQShning ZARA, ADIDAS kabi ko‘plab yetakchi brend va kompaniyalari o‘zbek paxtasi va to‘qimachilik buyumlarini sotib olishdan bosh tortgan.

Ma’lum qilinishicha, 2018 yilda “Cotton Campaign“ AQShga O‘zbekistonni bolalar mehnati evaziga paxta yig‘im-terimi olib boriladigan mamlakatlarning tegishli ro‘yxatidan chiqarmaslikni so‘rab murojaat qilgan. Bunga sabab qilib 2017 yilda bolalarni paxta terimiga jalb qilish holatlari qayd etilgani ko‘rsatilgan.


Manba: "aniq.uz"
| Теги: qancha odam, O‘zbekistonda, ishsiz, karantin, vaqtida | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя