Главная » 2020 » Ноябрь » 3 » O‘zbekistonda noyabr oyida qanday ob-havo kutilmoqda?
14:04

O‘zbekistonda noyabr oyida qanday ob-havo kutilmoqda?


“O‘zgidromet” sinoptiklari oktabr oyida kuzatilgan ob-havo tahlili va kuzning so‘nggi oyida kutilayotgan ob-havo prognozini e'lon qildi.

Deyarli butun oktabr davomida O‘zbekiston hududida ob-havo asosan quruq va shamolsiz bo‘ldi. Faqat ayrim kunlardagina Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va tog‘li tumanlarda yomg‘ir yog‘di. Baland tog‘li hududlarda qor ham yog‘ib, bu yilgi birinchi qor qoplami hosil bo‘ldi, lekin u beqaror bo‘lib, ikki-uch kunda erib ketdi.

“Quruq oktabrlar bizda tez-tez kuzatiladi, biroq bu yilgi oktabr ekstremal quruq bo‘ldi, mamlakatda butun meteorologik kuzatuvlar davrida eng yog‘ingarchiliksiz oktabrlardan biri bo‘lgani qayd etildi”, — deyiladi sinoptiklar tahlilida.

Harorat rejimi bo‘yicha esa oktabr nisbatan salqin keldi. Eng sovuq kunlarda kunduzgi harorat 12-15 darajagacha pasaydi, oxirgi besh kunlikda esa 10-13 daraja iliq bo‘ldi, eng issiq kunlarda kunduzi 24-26 darajadan oshmadi. Oyning oxirida birinchi kuzgi ayoz kuzatildi.

Noyabr — kuzning oxirgi oyi va u odatda haroratning keskin o‘zgarishlari bilan ajralib turadi. Noyabr oyining o‘rtacha harorati oktabrga nisbatan 5-7 daraja pastdir. Bu oyda yog‘ingarchilik ham ko‘proq kuzatiladi, ko‘proq davom etib, kuchliroq bo‘ladi. Noyabrda yomg‘irning qorga aylanish holatlari takrorlanib turadi. Tog‘li tumanlarda ayrim joylarda qor qoplami hosil bo‘lsa-da, ko‘pincha u beqaror bo‘ladi.

Qayd etilishicha, butun kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yillarda noyabr oyida harorat odatda oyning birinchi yarmida 27-32 darajagacha, janubda 34 darajagacha ko‘tarilgan. O‘tgan asrning o‘rtasigacha eng sovuq noyabrlarda harorat 13-18 daraja sovuqqacha, hatto undan ham past, shimolda 22-27 daraja sovuqqacha pasaygan.

Lekin so‘nggi 50 yil ichida respublika hududida noyabrda bunday sovuqlar kuzatilmayapti. Kamdan kam holatlarda tunda harorat 4-6 daraja sovuqqa, shimolda 13-16 daraja sovuqqacha tushadi. Faqat 2016-yil noyabrining oxirgi o‘n kunligida harorat 8-13 daraja sovuq, shimolda 20-22 daraja sovuq bo‘lgan.

“O‘zgidromet”ning jahon ob-havo markazlari ma’lumotlaridan foydalanib tayyorlagan dastlabki baholariga ko‘ra, bu yilgi noyabr ham harorat rejimi, ham yog‘ingarchilik rejimi bo‘yicha me’yorlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.

Noyabrning deyarli butun birinchi haftasi davomida O‘zbekistonda ob-havo kam bulutli bo‘ladi. Dam olish kunlarida bulutlilik ortadi, biroq quruq havo keyingi haftaning boshigacha saqlanib turadi. Harorat kechasi 2-7 daraja, kunduzi 18-23 daraja bo‘ladi.

Keyinchalik issiq to‘lqinlar sovuq to‘lqinlar bilan almashib turadi, harorat kechasi 5-8 daraja iliqdan 0-3 daraja sovuqqacha, kunduzi 17-20 daraja issiqdan 3-6 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: noyabr oyida, ob-havo, O‘zbekistonda | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя