Главная » 2020 » Ноябрь » 25 » O‘zbekistonda vaksinalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda
22:42

O‘zbekistonda vaksinalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda


O‘zbekistonda vaksina ishlab chiqarish maydoni va xalqaro standartlarga javob beradigan sinov laboratoriyasi tashkil etiladi. Bu Prezidentning “Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan, deb xabar berdi “O‘zbekiston 24” telekanali.

Hujjatga muvofiq 2020—2024-yillarga mo‘ljallangan tegishli dastur, shuningdek, biotexnologiyalar sohasida ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish dasturi tasdiqlangan.

“Biz bu yo‘nalishda yaxshi ilmiy-texnik imkoniyatga egamiz, biotexnologiyalar sohasida ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan institutlar, OTMlar mavjud. Biroq, afsuski, bizda bu sohada sanoat korxonalari yo‘qligi sababli bu tadqiqotlarni ishlab chiqarish va tijoratlashtirish deyarli imkonsiz”, — deya ta’kidlagan innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova.

Qarorga asosan Vazirlar Mahkamasi huzurida Biologik xavfsizlik bo‘yicha kengash tuziladi. Kengash mazkur sohada yagona davlat siyosatini olib boradi, tavsiyalar va takliflar beradi, shuningdek, biotexnologiyalar sohasidagi barcha idoraviy tuzilmalarning hamkorligini ta’minlaydi.

“Prezident xavfsizlikning uchinchi darajasidagi zamonaviy laboratoriya yaratish bo‘yicha topshiriq berdi. U yerda ilmiy xodimlar vaksinalarning yangi turlarini yaratishi, viruslarning yangi shtammlari ustida ishlashi mumkin bo‘ladi”, — deya ma’lum qildi Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev.

Telekanal reportajida ma’lum qilinishicha, vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha maydonning yaratilishi taxminan 53 million dollarga, laboratoriyani tashkil etish esa 8 million dollarga tushishi mumkin. Ishlab chiqarish maydonini ishga tushirish bo‘yicha loyihaning amalga oshirilishi yaqin vaqt ichida boshlanishi kutilmoqda. Xavfsizlikning BCL 3 darajasiga mos keladigan sinov laboratoriyasi Tashkent Pharma Park farmatsevtika klasteri hududida tashkil etiladi.

“Mazkur loyiha amalga oshirilganidan keyin biz aholi uchun zarur bo‘lgan vaksinalarni ishlab chiqara olamiz, hatto, aytish mumkinki, koronavirusga qarshi vaksinani ham”, — deya tushuntirish berdi agentlik rahbari.

Qarorga ko‘ra, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi ilg‘or texnologiyalar markazida fudomiks-laboratoriya (Kopengagen universiteti bilan hamkorlikda), hujayra texnologiyalari ilmiy laboratoriyasi, shuningdek, biotexnologiyalar, biologiya, biotibbiyot va kimyo sohalaridagi katta ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha Big Data milliy laboratoriyasi tashkil etiladi.

Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya institutida fitovirusologiya ilmiy laboratoriyasi tashkil etiladi. Shuningdek, Toshkent vaksina va zardob ilmiy-tadqiqot institutining faoliyatini takomillashtirish ham rejalashtirilmoqda.

2020-yil 1-dekabrdan biotexnologiyalar sohasida investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun rag‘batlantirish mexanizmlari kuchga kiradi. Xususan, tijorat banklari kreditlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismi uchun kafillik, 3 million dollardan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya yo‘naltirgan xorijiy ilmiy tashkilotlarga esa 10 milliard so‘mgacha maqsadli grantlar taqdim etiladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Bioxavfsizlik bo‘yicha Kartaxen protokoliga va Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishi doirasida tarkibida geni o‘zgartirilgan organizmlar, pestitsidlar, ozuqa qo‘shimchalari va bo‘yoqlar bo‘lgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini markirovka qilishni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha mexanizm ishlab chiqiladi.

Avvalroq Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan COVID-19 kasalligini aniqlovchi test sistemasini markazning startaplaridan biri bo‘lgan “Biotest-Lab” MChJ tomonidan ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani, startap har hafta 100 mingtagacha test-sistemasi ishlab chiqarish quvvatiga ega ekanligi haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 17-aprel kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri qurilishi boshlangandi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: yo‘lga, ishlab chiqarishni, O‘zbekistonda, vaksinalar, rejalashtirilmoqda | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя