Главная » 2021 » Январь » 29 » O‘zbekistonda valyuta oldi-sotdi operatsiyalari tartibi o‘zgaradi
17:27

O‘zbekistonda valyuta oldi-sotdi operatsiyalari tartibi o‘zgaradi


O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan ichki valyuta bozorida valyuta oldi-sotdi operatsiyalarining amalga oshirilishini yanada takomillashtirish borasida qaror qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan valyuta intervensiyalari strategiyasi” tasdiqlandi. Strategiyada Markaziy bankning valyuta intervensiyalari tamoyillari, shakllari hamda intervensiyalarni amalga oshirishning maqsad va vazifalari qayd etildi.

Qarorga muvofiq, 2021 yilning 15 fevralidan boshlab, ichki valyuta bozorida amalga oshiriladigan valyuta oldi-sotdi savdolari bo‘yicha quyidagilar joriy etiladi:

•    O‘zbekiston respublika valyuta birjasida savdo sessiyalari amaldagi “fiksing” usulidan “koll auksion” va ikki tomonlama uzluksiz auksion “metching” savdo usullariga o‘tkazilishi;

•    valyuta birjasida valyuta oldi-sotdisi bo‘yicha savdo sessiyalarining soat 10:00 dan 15:00 gacha “Onlayn platforma” orqali amalga oshirilishi;

•    valyuta birjasida valyuta oldi-sotdisi bo‘yicha hisob-kitoblarning hozirda mavjud T+0 (bugungi ish kuni) shaklidan T+1 (keyingi ish kuni) shakliga o‘tkazilishi;

•    tijorat banklarining valyuta birjasi savdolarida mijozlar nomidan ishtirok etish amaliyotidan voz kechgan holda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan valyuta operatsiyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri valyuta pozitsiyasi orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Bundan tashqari, qarorga muvofiq, Markaziy bankning valyuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, O‘zbekiston hududida bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun chet el valyutalarining so‘mga nisbatan rasmiy kurslari kunlik belgilanadi va har bank ish kuni soat 16:00 da Markaziy bankning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilib boriladi.

Shu bilan birga, qarorda valyuta bozorini rivojlantirishning keyingi bosqichlarida valyuta operatsiyalari bo‘yicha savdo ishtirokchilarining umume’tirof etilgan eng namunali amaliyotlarni o‘z ichiga olgan “Etika kodeksi”ning qabul qilinishi hamda tijorat banklarining “market-meykerlar” sifatida ishtirokini yo‘lga qo‘yish maqsadida ularga beriladigan imtiyoz va majburiyatlarni o‘zida aks ettiruvchi “Market-meykerlik faoliyati to‘g‘risida”gi me’yoriy hujjat ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

“Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ichki valyuta bozorining infratuzilmasini takomillashtirish, valyuta kursining shakllanishida tijorat banklarining rolini yanada oshirish hamda tadbirkorlarning mablag‘larini zarur bo‘lgan valyutalarga tezkor ravishda almashtirish imkoniyatlarini yaratadi”, deyiladi Markaziy bank Matbuot kotibi xabarida.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Valyuta, oldi-sotdi, operatsiyalari, O‘zbekistonda | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя