Главная » 2020 » Март » 4 » O‘zbekistondagi barcha ta'lim muassasalarida koronavirusga qarshi choralar kuchaytiriladi
21:43

O‘zbekistondagi barcha ta'lim muassasalarida koronavirusga qarshi choralar kuchaytiriladi


Sog‘liqni saqlash vazirligi oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalarida koronavirus infeksiyasiga qarshi ehtiyot choraralari kuchaytirilib, tegishli cheklovlar o‘rnatilgani haqida ma'lum qildi.

«Koronavirus dunyo bo‘ylab shiddat bilan tarqalayotgani bois, uning yurtimizda tarqalishi oldini olish maqsadida qat'iy nazorat choralari ko‘rilmoqda.

Ana shu maqsadda Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatimizdagi qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasi yurtimizga kirib kelishi oldini olish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Vazirlik yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlari va o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalarida profilaktik chora va nazoratni kuchaytirish, tegishli sanitariya tadbirlarini amalga oshirish orqali murabbiy va talaba-o‘quvchilar salomatligini muhofaza qilish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta'lim vazirligi bilan ham qo‘shma qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, o‘qituvchi va talabalarni o‘qish, malaka oshirish va tajriba almashuvi bo‘yicha alohida ko‘rsatma bo‘lmaguncha xorijga, ayniqsa, koronavirus infeksiyasi qayd etilgan davlatlarga chiqishlarini chegaralash, barcha xalqaro tadbirlar, olimpiadalar va shu kabi boshqa tadbirlarni ham o‘tkazmaslik va ularda qatnashish uchun chet mamlakatlarga bormaslik hamda O‘zbekistonga kelayotgan chet ellik talaba va o‘qituvchilarning vaqtinchalik kirishini chegaralash choralarini qat'iy ko‘rish vazifalari belgilandi.

Shuningdek, mazkur hujjat bilan ta'lim muassasalarida talabalarning har kunlik tana haroratini o‘lchash, kunlik kuzatuvlarni olib borish, o‘tkir respirator infeksiya kasalligi belgilari aniqlanganlarni tibbiy punktga olib borish, talaba va o‘quvchilarning shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishlarini muntazam nazorat qilish, auditoriyalar, talabalar turar joylari va boshqa xonalarda kunlik dezinfeksiya tadbirlarini muntazam o‘tkazish, tanaffus vaqtlarida barcha xonalarni shamollatish kabi profilaktik tadbirlarni qat'iy amalga oshirish ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish uchun sharoit yaratish, talaba va o‘quvchilarga qo‘llarini kuniga bir necha marta sovunlab yuvishini tavsiya qilish, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasining oldini olish bo‘yicha tayyorlangan tarqatma materiallarni barcha talabalarga yetkazish kabi vazifalar ham aks etgan. Bundan tashqari, sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi va dezinfeksiya tadbirlarini bajarilishi bo‘yicha har bir ta'lim muassasaning rahbari shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Shu o‘rinda, Sog‘liqni saqlash vazirligi jahonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiya tez sur'atda o‘sib borayotganligini hisobga olib, yurtimizdagi barcha oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalari mas'ullaridan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlarga qat'iy rioya qilib,  uni nazorat  qilishlarini so‘raydi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab, 92 796 kishi koronavirus bilan kasallangan, 3201 kishi vafot etgan. Shu vaqtgacha 50 691 kishi ushbu kasallikdan butunlay sog‘aygan. O‘zbekiston hududida virusdan zararlanish holati qayd etilgan.

Bundan avvalroq O‘zbekistondagi maktablarda koronavirusga qarshi choralar kuchaytirilishi va tegishli cheklovlar o‘rnatilishi haqida xabar berilgandi.


Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя