Главная » 2021 » Июль » 8 » O‘zbekistondagi maktablarda qizlarning hijobda, o‘g‘il bolalarning soqol qo‘ygan holda kelishiga ruxsat berildimi? XTV aniqlik kiritdi
19:16

O‘zbekistondagi maktablarda qizlarning hijobda, o‘g‘il bolalarning soqol qo‘ygan holda kelishiga ruxsat berildimi? XTV aniqlik kiritdi


O‘zbekistonda 2021-yil 5-iyul kuni “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilindi. Yangi tahrirga ko‘ra, jamoat joylarida ibodat libosida yurishga ruxsat berildi. Shundan so‘ng davlat maktablarida hijobda yurishga ruxsat berilishi mumkinmi? Bu savolga Xalq ta’lim vazirligi javob berdi.

Ma’lum qilinishicha, o‘quvchilarni umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kiyinish madaniyati bilan bog‘liq normalar amaldagi ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilab berilgan.

Shuningdek, 2021-yilning 5-iyul kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning sharhida ham amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan davlat tashkilotlari va muassasalarida xodimlarning kiyinishiga oid talablar ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinishi ma’lum qilingan.

Xususan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasida O‘zbekistonda ta’lim tizimi dindan ajratilgan. Ta’lim tizimining o‘quv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga (bundan diniy ta’lim muassasalari mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekistonning “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni 49-moddasida ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchilarning kiyim-boshiga doir talablar O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi qayd etilgan.

Mazkur vakolatdan kelib chiqib, hukumat tomonidan 2018-yil 15-avgustda 666-son “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan.

Shu bilan birga, mazkur qaror bilan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom (matnda keyingi o‘rinlarda – nizom) tasdiqlangan.

Mazkur nizomga ko‘ra umumta’lim maktablarida:

  • o‘g‘il bola o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yagan holda kelishlariga;
  • qiz bola o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Nizomga muvofiq, o‘quvchilarning maktab formasini kiyish tartibiga rioya qilmaslik ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzish deb baholanadi va bunday o‘quvchilarga quyidagi choralar qo‘llanishi mumkin:

  • ogohlantirish;
  • kundalik daftariga qayd etish;
  • tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ta’lim muassasasidagi yig‘ilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish.

Qayd etilishicha, mazkur talablarga o‘quvchilar tomonidan qat’iy amal qilinishi uchun ota-onalar mas’ul hisoblanishini nizomda belgilangan.

Bugungi kunda davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari ta’lim muassasasiga mazkur nizom talablarida belgilangan tartib hamda ta’lim muassasasi tomonidan tasdiqlangan maktab formasiga muvofiq kiyinishlari, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab esa O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-iyundagi 509-son qarori bilan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun hukumat tomonidan tasdiqlangan maktab formasi majburiy hisoblanadi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaxslar tomonidan bugungi kunda nizomning yuridik kuchga ega emasligi, unda belgilangan qoidalar amalda emasligi haqidagi hech qanday asosga ega bo‘lmagan ma’lumotlar tarqatilmoqda. Ushbu fikrlarga shuni alohida qayd etishimiz joizki, zamonaviy yagona maktab formasi 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab majburiy etib belgilangan bo‘lsa-da, biroq nizomda belgilangan talablar davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilari va xodimlari, o‘quvchilarning ota-onalari uchun bugungi kunda ham majburiy va O‘zbekiston Respublikasining butun hududi bo‘yicha amal qiladi”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, nizomning 7-bandida o‘quvchilar ta’lim muassasasi binosi ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozimligi belgilangan.

Bunda O‘zbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy o‘rta ta’lim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan o‘quvchilarning maktab formasiga turli din va konfessiyalar xamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatilgan.

Qo‘shimcha ravishda, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 48-moddasiga asosan, ustav (ta’sis hujjati) talablariga, ichki tartib-qoidalariga, vaqtincha yashash joylari qoidalariga va ta’lim faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirishga oid boshqa ichki hujjatlar talablariga rioya etish ta’lim oluvchilarning majburiyatlaridan biri etib belgilangan.

Shu munosabat bilan xalq ta’limi vazirining 2020-yil 28-maydagi 131-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalarining 8-bandiga muvofiq, o‘quvchilar ta’lim muassasasiga belgilangan maktab formasida kelishlari lozim ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Xalq ta’lim vazirligi ushbu qoidalarga amal qilmaslik javobgarlikka sabab bo‘lishini ham eslatib o‘tgan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 47-moddasida ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi ushbu shaxslarni bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

 


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: XTV, Maktablarda, Qizlarning, soqol, o‘g‘il, hijobda | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя