Главная » 2020 » Сентябрь » 10 » O‘zbekistonning mashhur xonandasi voyaga yetmagan qizning nomusiga teggani aytilmoqda. IIB esa jinoiy ish ochishni rad etdi
11:52

O‘zbekistonning mashhur xonandasi voyaga yetmagan qizning nomusiga teggani aytilmoqda. IIB esa jinoiy ish ochishni rad etdi


Taniqli estrada xonandasi litseyning birinchi kursini endigina tamomlagan, voyaga yetmagan qizning nomusiga teggani aytilmoqda. IIB esa holatda jinoyat alomatlari yo‘q, deb topgan. Bu haqda “Kun.uz” xabar qildi.

Nashr holat yuzasidan qizning o‘zi, otasi va ishga aloqador boshqa shaxslar bilan suhbatlashdi.

Jabrlanuvchi Sh.ning aytishicha, u Samarqand shahridagi litseylardan birida tahsil oladi. U bilan birga o‘qiydigan kattaqo‘rg‘onlik dugonasi D. taniqli estrada xonandasi J.ni shaxsan tanishi, o‘zlariga yaqin hududda tug‘ilgani va oilaviy bazmlarga kelib turishini aytib yuradi. Sh. dugonasiga agar istasa, uni xonanda J. bilan tanishtirib qo‘yishi mumkinligini aytadi. Aksariyat yoshlar qatori Sh. ham xonandaning qo‘shiqlarini eshitib yurgani sabab u bilan shaxsan tanishishga qiziqib qoladi.

2020-yil 12-iyun kuni D. dugonasi Sh.ni konferensaloqa orqali xonanda J. bilan telefonda suhbatlashtiradi. Xonanda “Kattaqo‘rg‘onga keling, sizni o‘zim kutib olaman”, deydi. Suhbatning ertasiga, 13-iyunda qiz yo‘lga chiqishidan avval D. bilan yana gaplashib oladi. Dugonasi uni tumanda kutib turishiga, keyin opasinikiga borishlariga kelishiladi.

Soat 18:30 lar atrofida xonanda J. qizlarni ko‘cha boshida oq Lacetti mashinasiga mindirib, boshqa bir hovliga olib boradi. Sh. u yerda uyning egasidan tashqari yana ikki kishi bo‘lganini aytmoqda.

J. dasturxon ustida Sh.ga konyakka o‘xshash ichimlik quyib beradi. U ichishni rad etgach, “ich, ichib ko‘r” deya majburlaydi. Qiz o‘sha ichimlikni ichganidan biroz o‘tib, xonanda uni “sizda gapim bor” deb boshqa xonaga olib o‘tgan. O‘sha xonada Sh.ga “Dugonang seni qiz bola emasligingni aytyapti”, degan. Qiz bu gapdan so‘ng o‘zining bokira ekanini bildirib, qarshilik ko‘rsatsa-da, yigit kuch ishlatib, u bilan jinsiy aloqada bo‘ladi.

Sh. bu holatdan karaxt ahvolga tushib qolgani va dodlay boshlaganini aytmoqda. Qorong‘ida ko‘chaga chiqib ketganini ko‘rgan J.ning sheriklari tashqarida uni mashinaga mindirib, pichoq o‘qtalgan, qabriston oldiga olib borib qo‘rqitgan. Ma’lum muddatdan so‘ng yana o‘sha hovliga qaytarib olib kelishgan. Xonanda “Sen qiz bola chiqmading”, deya u bilan yana bir marta jinsiy aloqada bo‘lgan.

Biror soatlardan so‘ng qizlarni D.ning uyiga tashlab ketishgan. Ikki kun davomida Sh. qo‘rquv va tushkun holatda Kattaqo‘rg‘onda qolib ketganini ma’lum qildi. O‘zining holatini xolasiga telefon orqali bildirgach, otasi bilan birga yetib borishgan.

Bu voqealardan xabar topgan Sh.ning yaqinlari avvaliga andisha qilishganini aytmoqda. Masalan, xolasi xonandaning uyiga borib, oila a’zolariga bu haqida xabar bergan. Imi-jimida turmush qurishlarini taklif qilgan. Tabiiyki, J.ning onasi, yaqinlari sovuq munosabatda bo‘lishgan. Qizning o‘zini ayblashgan. “O‘g‘limizning tayini yo‘q, qizlaring baxtli bo‘lolmaydi. Tengi chiqsa, boshqaga berib yuboringlar”, deyishgan.

Kattaqo‘rg‘on tuman IIBga 15-iyun kuni holat yuzasidan murojaat qilingan.

Xonandaning qizning otasi va xolasi bilan bir necha marta telefonda gaplashgani yozib olingan. Audioyozuvlardan J. qizning yaqinlari bilan ma’lum joylarda uchrashishga kelishgani, murosa qilishga uringani va oqibatda bu uchrashuv amalga oshmaganini anglash mumkin.

Nashr xonanda J. bilan telefon orqali bog‘langan.

J. vaziyatga izoh berar ekan “Men hech kimni majbur qilmaganman. O‘sha kuni nima bo‘lgan bo‘lsa, qizning o‘z xohishi bilan bo‘lgan. Qolaversa, Sh. bilan birgina men aloqada bo‘lmaganman, ular menga yopishib olishdi. Yana ikki nafar ‘bratishkam’ ham bor edi. Men uning voyaga yetmaganini ham bilmaganman. Qizning otasi ‘shantaj’ qilyapti. Mendan uy talab qildi. Bizning faoliyatimizda bunaqa holatlar tez-tez bo‘lib turadi”, dedi.

Sh.ning otasi holat yuzasidan 18-iyun kuni sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilganini, unda qizining tanasida jarohatlar mavjudligi, qizining iffati buzilgani, buzilish sanasi 13-iyun kuniga to‘g‘ri kelishi haqida yozilganini aytmoqda.

Tahririyat yo‘llagan so‘rovga javoban Samarqand viloyat IIB holat yuzasidan izoh berdi. Boshqarma axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur holatda J. va boshqalarning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmagani sababli Jinoyat protsessual kodeksning 36-moddasi, 83-moddasi 2-bandini (gumonlanuvchining qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa aybsiz deb topish) qo‘llab, to‘plangan hujjatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Ariza muallifiga oilaviy va fuqarolik nizolar bo‘yicha da’vo bilan tegishli fuqarolik sudiga hamda turmush qurish masalasida Kattaqo‘rg‘on tumani FHDYo organiga murojaat qilishi mumkinligi yozma ravishda tushuntirilgan.

Surishtiruv organi nega bunday qarorga kelganini chuqurroq o‘rganish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti bilan bog‘lanilgan. Ammo muxbirlar mahkamadan savollarga aniq javob ololmagan.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: O‘zbekistonning, jinoiy ish, IIB, qizning, mashhur xonandas, rad etdi, ochishni, nomusiga teggani, i voyaga yetmagan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя