Главная » 2017 » Июль » 25 » O‘zidan katta, otasi tengi erkakka noqonuniy xotin bo‘lishga uni nima majbur qildi ekan?
11:26

O‘zidan katta, otasi tengi erkakka noqonuniy xotin bo‘lishga uni nima majbur qildi ekan?


Bugun zamon shunchalik tez shiddat bilan o‘zgaryaptiki, unga hamohang , hamqadam bo‘lish katta ogohlikni talab etmoqda. Butun olam meniki, deya ayrim yoshlarimiz tuzatib bo‘lmas xatolarga yo‘l qo‘yayotganiga qachongacha ko‘z yumish mumkin? Bunday xunuk holatlar millatimiz sha’niga daxldor bo‘lgan tarbiyaga e’tiborimizni yanada kuchaytirishimizni taqozo etayapti. Ayniqsa, qizlarning odobi har bir oilaning sha’ni, qolaversa, butun millatning sha’ni, ori -g‘ururi ekanligini biroz unutib qo‘ymadikmikin, deya o‘ylanib qoldim maqolani o‘qib.

Xizmat yuzasidan bizga murojaat qilgan ayrim yolg‘iz onalar ko‘z oldimga keldi. Bir necha yil oldin fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limiga yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini ko‘tarib, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yozib berishimni so‘rab kelgan o‘n sakkiz yoshli qiz yolg‘iz ona sifatida hujjatlarni rasmiylashtirishimizni talab qilganida, yosh ekansiz, bolaning otasi qani, balki shoshilmaganingiz ma’quldir, hech bo‘lmasa otalikni belgilash imkoni bordir, deyishimga “otasining boshqa oilasi, bola-chaqasi, nevarasi bor” degan javobni olib, hayron qoldim. O‘zidan 20 yosh katta, otasi tengi bola-chaqalik, hatto nevaralik erkakka noqonuniy xotin bo‘lishga uni nima majbur qildi ekan? degan savolga javob ololmadim. Oddiy haqiqatni tasavvur qildim. O‘ziga ishongan, or-nomusli qiz avvalo birovning baxtini o‘g‘irlamaydi, ko‘ra –bila turib birovning tinch uyini, oilasini buzmaydi. Yorug‘ yuz bilan oq libosda chimildiqqa kirishni orzu qilgan bokira qiz xufyona yashash, nikohsiz farzand orttirish, birovning eri bilan o‘g‘rincha yashashdan or qiladi.

Ming afsuski, yengil yashashning aynan ana shu yo‘lini tanlagan qizlarning “ quroli” bola. Begunoh bolani ro‘kach qilib, “ oilangni buzaman, ishxonangga borib sharmanda qilaman” degan po‘pisalar albatta “gunohkor” erkaklarning tizzasini qaltiratishi aniq! Yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolishini istagan bunday erkaklarning chekiga yosh xotinni boqish, unga boshpana va barcha shart-sharoitlarni yaratib berish kabi og‘ir vazifalar tushishi tabiiy. Birovning oilasini buzayotgan qizlarini insofga chaqirish o‘rniga, “qizimga uylanmasang, yordam bermasang, ishdan haydalasan, sudga berib, qamatib yuboraman” deguvchi onalar ham afsuski or-nomus degan tushunchalardan yiroqlashib ketmoqda.

Yolg‘onga qurilgan bunday xufyona oilani yanada “mutahkamlash” uchun dunyoga kelgan ikkinchi-uchinchi farzandlar ham shu makkor yolg‘iz onaning bolasi bo‘lib qayd etiladi. Yopig‘liq qozon esa bir kunmas- bir kun baribir ochiladi…

To‘g‘ri, hammaning baxtli bo‘lgisi, farzand ko‘rgisi keladi. Bunga inson bolasining to‘la haqqi bor. Ammo o‘zgalarning baxtsizligi asosida qurilgan baxt baxt emasligini hammamiz yaxshi bilamiz-ku.

Gohida yashin tezligida bir-birini yoqtirib qolib, ota-onaning roziligini ham olmay, hali turmush haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lmagan yoshlarning turmush qurishga qaror qilib, nikohdan o‘tayotganligi va hali birinchi farzand tug‘ilib ulgurmasdan ajralish uchun “yugurib” yurganlariga ham shohid bo‘lganmiz. Hatto to‘ygacha ajralab ketayotgan yigit-qizlar borligi ham afsuski fakt.

Maqolada juda to‘g‘ri ta’kidlangan. Keyingi yillarda yana bir illat qizlar hayosi, ibosi yo‘qolib bormoqda. Maktabni tugatib, kollej va litseylarga o‘qish uchun chetdan kelgan qizlarning aksariyati ota-ona nazoratidan chiqib ketdi. O‘zlarini juda erkin, o‘ta mustaqil hisoblab “kungil”ga kelgan ishni qilib, kechirilmas xatolarga yo‘l qo‘yayotganligini bugun yashirishning hojati yo‘q. Farzandini “gunoh qilsa eng avvalo kechirgan” onalarning el oldida yuzlari qora bo‘lib, mulzam bo‘lib qolayotganligiga ham ko‘pchiligimiz guvohmiz. Qiz bola guldan ham nozik. Uning xazon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang.

Ma’naviyatning ildizlari juda chuqur. U avlodu ajdodlarga borib taqaladi. Ma’naviyati butun oilalarning farzandlari komil va imonli, yaxshi xulqli bo‘lishi aniq. Molu davlat boylik, zebu ziynatlar farzandlarga yaxshi meros bo‘lolmaydi. Zero, Hazrat Navoiyning hikmatlaridan birida shunday deyiladi: “Elga molu dunyo, sharaf-shon obro‘ bo‘lmay, hayo bilan odobgina sharaf hisoblanadi. Chunki yog‘inning boshlanishi hayo bo‘lganidek, uning har qatrasi tuproqni kimyoga aylantiradi.”

Rosti keyingi vaqtlarda ko‘cha va xiyobonlardan o‘tishga istihola qiladigan bo‘lib qoldik, sababi hali ona suti og‘zidan ketmagan o‘g‘il- qizlarning beo‘xshov qiliqlari, behayo harakatlarini ko‘rib, biz uyalayapmiz, ular esa uyalish u yoqda tursin, hatto pinagini ham buzmasligini ko‘rib, nahotki o‘zbek millati shu qadar ma’naviy tanazzulga yuz tutayotgan bo‘lsa, deb o‘ylanib qolamiz. Yoshlar bilan uchrashuvlarda har doim qizlarning odobi, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini baland ko‘tarish eng muhim vazifa ekanligini uqtirishga harakat qilamiz. Yoshlikda qo‘yilgan nojo‘ya qadam butun kelajakni, hayotni barbod qilishi mumkinligini tushuntiramiz. Ammo bu harakatlar, bu urinishlarning samarasi juda kam bo‘layapti. Buning uchun avvalo oilaning rolini, ota-onaning farzand tarbiyasidagi burchini yanayam oshirish zarur. Jamoat joylarida shunday xunuk manzaralarni ko‘rib ko‘rmasalikka olmaylik, yoshlarni aqlu hushini yig‘ib olishga chaqirishni o‘z fuqarolik burchimiz, deb hisoblaylik! Shunda ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlagan, ularning odob va axloq normalariga rioya qilishlariga yordam bergan bo‘lamiz.

Shu o‘rinda hurmatli ota-onalarimizga farzandingizga jiddiyroq e’tibor bering, ulardagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lmang, bolangizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsating, degan bo‘lardik!

Bugun Yurtboshimizning “O‘z bolangni o‘zing asra!” degan da’vatlari har bir ota-onaning, har bir fuqaroning qalbidan, yuragidan joy olishi shart! Yurtimiz rahbari “ Buning uchun bu masalani, ya’ni ota-onalarning farzandlar tarbiyasi uchun mas’uliyati va burchini huquqiy asosda mustahkamlab qo‘yish vaqti keldi” deb juda to‘g‘ri ta’kidladilar.

Farzandlarimizni shu muqaddas yurtga, shu sadoqatli elga munosib ma’naviyatli, ma’rifatli, or-nomusli qilib tarbiyalash har birimizning Vatan oldidagi burchimiz emasmi?

«Tabiat va hayot» gazetasi


Manba: "mulohaza.uz"
Категория: Er-Xotin, Turmush psixologiyasi | | Теги: majbur qildi ekan?, Ayol, xotin, O‘zidan katta, Erkak, Uni, noqonuniy, nima, otasi tengi, bo‘lish | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя