Главная » 2020 » Июль » 11 » O‘zing uchun o‘l yetim – Oilaviy koronavirusga chalingan bloger uyda davolanishga majbur bo‘layotganini aytdi
17:06

O‘zing uchun o‘l yetim – Oilaviy koronavirusga chalingan bloger uyda davolanishga majbur bo‘layotganini aytdi


O‘zbekistonlik taniqli bloger, Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova o‘z blogida katta ehtimol bilan koronavirusga chalinganini ma’lum qildi. U o‘zidagi kasallikni aniqlash uchun qilgan harakatlari bekor bo‘lgani va sog‘liqni saqlash tizimidagi kamchiliklarni aytib o‘tgan.

“Yarim kun SES eshigida sarg‘ayib, test topshirolmay qaytdim. Zarilmi shu test menga, bo‘ldi, o‘zim uchun qaror qildim, menda katta ehtimol bilan COVID-19”, deydi bloger.

U virus yuqtirgan odam bilan kontaktda bo‘lganini, harorati esa bir necha kundan beri yuqori bo‘lib turganini aytib o‘tgan. Shuningdek, qizi, onasi, ukasi va kelinida ham kasallik alomatlari ko‘ringanini ma’lum qilgan.

“Kontakt bo‘lgan, haroratim 4-kun 37-37,5 atrofida ushlanib turibdi. Qizim, onam, ukam, kelinim – hammamiz isitmaladik, onam ta’m bilmayaptilar, yo‘talyaptilar. Kelinimda qattiq quruq yo‘tal va 39 darajagacha isitma kuzatildi, menda esa faqat tana qaqshab og‘rishi va isitma.  Tez yordam va poliklinika menda kovid bo‘lishi mumkin deb faqat masofadan maslahat beryapti, lekin test yo‘qligi uchun rasman Covid deb tan ham olmayapti. Xullas, betartiblik va tizimsizlik. O‘zing uchun o‘l yetim”, deydi afsus bilan Shahnoza Soatova.

U endilikda mustaqil ravishda koronavirusdan davolanishini, chunki testsiz hech kim uni davolamasligini aytib o‘tgan.

“Covid`dan davolanaveraman endi. Albatta, mustaqil davolanaman, chunki testsiz birov meni koviddan davolamaydi, test topshirolmayman, demak yopiq doira”, deydi bloger.

Shundan so‘ng, u Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilib, resurlarni behuda sarflamaslikka, chunki ular tegishli odamlarni qamrab olmayotganiga to‘xtalib o‘tgan.

“Hurmatli” Sog‘liqni saqlash vazirligi! Shuncha payt faloncha kasal tuzaldi deb hisobot berib, shundoq ham tuzalib ketayotgan odamlar bilan statistikangizni boyitdingiz. Yana ularni tantana bilan uyiga kuzatib ajoyib shoular qildingiz. O‘sha paytda resurslaringizni to‘g‘ri taqsimlab, hozir o‘zingiz qo‘llayotgan usulni qilsangiz, ya’ni yoppasiga emas, faqat o‘ta zarur hollarda kasalxonaga kovid bilan zararlanganlarni yotqizsangiz bo‘lmasmidi? Vrachlarni zo‘riqtirmay, boshqa resurslarni ham oqilona taqsimlash bo‘lmasmidi shu. Kecha hammaga, bugun esa hech kimga bo‘lyapti endi. 

Bo‘ldi, testlashni ham to‘xtating, baribir bu testlaringiz na real ahvolni ko‘rsatyapti, na kerakli odamlarni qamrab olyapti. Resurs uvol bo‘lyapti va tibbiyot xodimlar riskda qolyapti, xolos”, deydi Soatova.

U kasallikni mustaqil davolash bo‘yicha yo‘riqnoma chiqarib, tarqatishga chaqirgan. Aks holda internetdagi turli retseptlarni qo‘llash davom etishini ta’kidlagan.

“Hozir, aynan shu kunlarda o‘zida koronavirus belgilarini sezganlar qayerga borishi, nima qilishi, o‘zini o‘zi qanday davolashi haqida yo‘riqnoma chiqarib tarqating. Hozir eng keraklisi shu.  Chunki aholi u yoqda tursin, tibbiyot hodimlari ham bilmayapti nima qilishni. Internetda aylanib yurgan turli retseptlarni tartibsiz qo‘llashyapti!”, degan bloger.

U shifokorga murojaat qilib ham baraka topmagani, oxirida shikoyat qilish bilan qo‘rqitibgina hududiy shifokordan dorilarni bilib olganini aytgan.

“Masalan, uch kun avval isitmam chiqqanida poliklinikaga telefon qildim, u tez yordamga qil dedi. Call-sentr ham tezyordamga yo‘naltirdi, tez yordam poliklinikaga, poliklinika yana tezyordamga... Oxiri telefonim ovoz yozyapti,  shikoyat qilaman deganimdan so‘ng uchastka vrachim telefonda dorilarni aytib turdi. Mana ahvol!”, deydi afsus bilan u.

U so‘zi so‘ngdi odamlar test topshiraman deb kasallik tarqatib yurganini, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish kerakligini aytgan. Lekin SSV bu ishni qilishga qodirligiga shubha bildirib, shunday degan:

“Hamma test topshiraman deb kasal yuqtirib yuribdi bir-biriga va vaqtni ham boy beryapti. Odamlarga hozir, bugun nima qilsa, qayerga murojaat qilsa, to‘g‘ri va xavfsiz bo‘lishini aytish kerak. Aytish uchun o‘zinglar bilasizlarmi bu savollarning javobini?”


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: majbur bo‘layotganini aytdi, Oilaviy, Bloger, uyda davolanishga, O‘zing uchun o‘l yetim, koronavirusga chalingan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя