Главная » 2016 » Декабрь » 5 » Oilaviy munosabatlaringiz necha bahoga loyiq?!
20:00

Oilaviy munosabatlaringiz necha bahoga loyiq?!


Ma’lum muddat birgalikda umr kechirgach, har qaysi er-xotin o‘zlarining oilasi hammanikidan ham mustahkam va baxtli ekanligiga to‘liq ishonadi. Bu ishonch esa munosabatlarni rivojlantirish hamda ularga yangilik kiritishga bo‘lgan ishtiyoqni o‘z-o‘zidan pasaytiradi. Sizga taqdim etilayotgan test yordamida er-xotin munosabatlarining qay ahvolda ekanligi va unga nima yetishmayotganini aniqlash mumkin. Natija to‘g‘ri chiqishi uchun juftliklar birgalikda testni yechishlari lozim.

Eslatma

Har bir savolga uch javobdan birini berish lozim: «HA», «BA’ZAN» yoki «YO‘Q».

SAVOLLAR

  •                Erkaklar uchun

1. Bo‘sh vaqtingizni yarmini bo‘lsa-da, rafiqangiz bilan o‘tkaza olasizmi?

2. Juftingizni maqtash, tahsinga sazovor ekanligini bildirish hamda bir og‘iz shirin so‘z aytish uchun hamma imkoniyatdan foydalanasizmi?

3. Ro‘zg‘or yuritish, pazandalik borasida rafiqangizni kamchiliklarini ko‘rib, uni volidangiz yoki akangizning xotini bilan solishtirasizmi?

4. Xotiningizni intellektual hayotiga hech qiziqish bildirganmisiz? Masalan, o‘qigan kitoblari yoki shunga o‘xshash ishqibozliklari haqida so‘raganmisiz?

5. Siz va oilangiz uchun qiladigan xizmatlariga minnatdorlik bildirib turasizmi?  Masalan, kir yuvish, dazmollash kabilar.

6. Jufti halolingiz boshqa erkaklar bilan suhbatlashishi va ular bilan do‘stona munosabatda bo‘lishiga rashk qilib, qarshilik bildirmaysizmi?

7. Begona kishilar va oila a’zolaringiz oldida rafiqangizga tanbeh berishdan  o‘zingizni tiyib turish qo‘lingizdan keladimi?

8. Hanuzgacha ayolingizga mehr va e’tiboringiz ramzi sifatida sovg‘alar taqdim etib turasizmi, uni xursand qilishni unutmaysizmi?

9. Vaqti-vaqti bilan oilaning umumiy byudjetidan ma’lum miqdorda pul ajratib, uni rafiqangiz o‘zi istagandek sarflashiga imkon berasizmi?

10. Xotiningizni bezovta qilayotgan muammolar bilan qanchalar tanishsiz? Murakkab vaziyatlarda uni qo‘llab-quvvatlaysizmi? 

11. Rafiqangizni qarindoshlari va dugonalariga nisbatan mehringiz bo‘lmasa-da, ayolingiz uchun ular bilan munosabatlarni saqlab qolishni ma’qul deb bilasizmi?

12.  Katta xaridlar oldidan turmush o‘rtog‘ingiz bilan maslahatlashasizmi?

13. Farzandlar tarbiyasini ayolingizga ishonib topshirganmisiz? 

  • Ayollar uchun

1. Jufti halolingizning qiziqishlari  va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari siz uchun muhimmi?

2. Eringizni undan ko‘ra omadliroq va hammaning e’tiborida bo‘lgan erkaklar bilan solishtirib turasizmi?

3. Uyingiz shinam, qulay, saranjom-sarishta hamda fayzli bo‘lishi uchun mehnat qilishga o‘zingizda doim kuch topasizmi?

4. Turmush o‘rtog‘ingizni barcha ishlarida unga butunlay erkinlik berasizmi? Kuzatuvchi roli menga begona, deya olasizmi?

5. Xoh uy-ro‘zg‘or buyumi, xoh o‘zingiz yoki farzandlar kiyim-kechagi bo‘lsin, xullas, nima xarid qilsangiz ham, eringizning didi va xohishlarini inobatga olasizmi?

6. Bo‘sh vaqtingizni eringizni qiziqishlarini hisobga olgan holda o‘tkazasizmi?

7. Ma’lum bir masala yuzasidan fikr hamda qarashlar o‘rtasida katta farq yuzaga kelsa, siz turmush o‘rtog‘ingizga yon bosa olasizmi? 

8. Eringiz bilan suhbatlashishga mavzu bo‘lishi uchun yangiliklar, faktlar va dunyoda ro‘y berayotgan boshqa voqea-hodisalar bilan qiziqib turasizmi?

9. Juftingizni do‘stlari va tanishlarini tanqid qilishdan o‘zingizni tiya olasizmi?

10. Taomnomani tuzishda uning fikri siz uchun muhimmi?

11. Qaynonangiz va eringizning boshqa qarindoshlari bilan ahilchilikda yashash uchun qo‘lingizdan kelgancha harakat qilasizmi?

12. Bo‘sh vaqtini taqsimlashi borasida sizdan hech dakki eshitganmi?

13. Moliyaviy qiyinchiliklarga bardosh bera olasizmi?

Yo‘riqnoma

«HA» — 0 ball.

«BA’ZAN» — 1 ball.

«YO‘Q» — 2 ball.

Test natijalari

«5» baho!

0-8 ball. Oilaviy hayotingiz hamda o‘zaro munosabatingizga havas qilsa, arzigulik darajada, ya’ni a’lo! Yostiqdoshingiz siz bilan umr yo‘lini bog‘lagani uchun taqdiridan minnatdorligiga ishonavering! Fikringiz u uchun juda muhim. Juftingiz sizning qiyofangizda nafaqat sevimli yorini, balki, qiziqarli suhbatdosh, mehribon va g‘amxo‘r do‘stni ham ko‘radi.

«4» baho!

9-18 ball. O‘rtangizdagi munosabat shunchalar turg‘unki, dunyoni suv bossa ham, unda biror bir o‘zgarish kuzatilmasa kerak. Negaki, mavjud holatdan har ikkingiz ham qoniqasiz va biror-bir yangilik kiritishdan o‘zingizni tiyasiz. Ba’zan siz tomondan o‘ta befarqlik ham kuzatiladi. Quvonarlisi, oilangizda xotirjamlik hukmron, tushunmovchiliklarga esa o‘rin yo‘q.

«3» baho!

19-26 ball. Oilangizdagi munosabatlarni zo‘rma-zo‘raki desa yolg‘on bo‘lmaydi. Juftlardan har biri bu holatdan qoniqish his qilmaydi. Ochig‘i, o‘rtalaringizda tushunmovchilik chuqur ildiz otgan. Hayotdagi hamrohingiz harakatlaringiz sababini tushunmaydi va ko‘pincha sizni xudbinlikda ayblaydi. Bularning barchasi tez-tez yuzaga keluvchi janjallarga sabab bo‘ladi. Natijada er-xotin oiladan tashqaridan halovatni izlaydi. Maslahatimiz, oilangizdagi holat haqida o‘ylab ko‘ring. Imkon qadar tezroq!

«2» baho!

27 dan yuqori ball. Ikkingizning ham o‘z hayotingiz mavjud, bir-birini tushunish sizlar uchun mutlaqo yot narsa. Ehtimol, turmush o‘rtog‘ingizni oilasidan tashqarida yana bir yaqin insoni bordir. Eng g‘alatisi esa, bu holat sizni ko‘p ham tashvishlantirmaydi... Agar vaziyat shu tariqa davom etsa, oilaviy munosabatlaringiz ajrim yoqasiga kelib qoladi. O‘limdan boshqa hamma narsani to‘g‘irlash mumkinligini unutmang! Asosiysi, istak bo‘lsa bas! Oilangizni asrashga harakat qiling.

DILNOZA tayyorladi


Manba: "darakchi.uz"

Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: Sevgi dunyosi | | Теги: ob-havo | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя