10:12 Oskar mukofotiga da’vogar bo‘ladigan o‘zbek filmlari short-listi e’lon qilindi | |
Amerika kino akademiyasining Oskar mukofotiga O‘zbekistondan ilgari suriladigan filmlar short-listi e’lon qilindi. Bu haqda rejissyor Jahongir Ahmedov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, qisqa ro‘yxatga “Ibrat”, “Rangsiz tushlar” va “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” filmlari kiritilgan.
O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi 2021 yilning 25 aprel kuni Los-Anjeles shaxrining mashhur “Dolby” teatrida bo‘lib o‘tadigan eng nufuzli marosim tanlovida ishtirok etishi uchun munosib nomzod bo‘yicha so‘nggi qarorini shu yilning 20 noyabr kuni e’lon qiladi. O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi yangi tarkibdagi a’zolarini tasdiqladi. Qo‘mita raisi etib “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov tayinlandi. Qo‘mita a’zolari tarkibidan Zulfuqor Musoqov, Matyoqub Matchonov, Bahodir Odilov, Hamidulla Hasanov, Eljon Abbasov, Nigora Karimova, Jahongir Ahmedov, Mannop Qo‘chqorov, Aziz Arziqulov, Umid Hamdamov, Bahtiyor Yoqubov, Farruh To‘laganov, Eldor Yuldashev, Igor Pinxasov hamda prodyuser va Qo‘mita koordinatori Oybek Abdushukurov o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil bahorida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi va O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi tashkil qilinib, AQSH kinoakademiyasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ilk bor Umid Xamdamovning “Issiq non” filmi O‘zbekiston nomidan nufuzli mukofotga ilgari surilgan edi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|